O‘zbekiston | 15:29 / 27.02.2024
59462
10 daqiqa o‘qiladi

"Qariyb 4 mlnga yaqin fuqarolarga bevosita dahldor" - o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga oid qonun loyihasi haqida

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida “O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida” qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimovning axborotiga ko‘ra, bu qonun 3,8 milliondan ortiq fuqaroning 493 ming gektarga teng yer uchastkalari taqdirini belgilab beradi.

Hozirgi kunda huquqiy hujjatlari yo‘q yoki to‘liq bo‘lmagan,

yer uchastkasidan uzoq yillar davomida foydalanib kelayotgan yoki yerga bo‘lgan huquqlarni rasmiylashtirish masalasi yer egasiga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra oxiriga yetmagan 3,8 milliondan ortiq 493 ming gektar yer uchastkalari mavjud.

Qolaversa, amaldagi qonunchilikda ushbu yerlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish uchun huquqiy asos ham, vakolatli organ ham belgilanmagan.

Hozirgacha huquqlarni e’tirof etish masalasida jami 5 marta “aksiya” e’lon qilingan. Ularda hammasi bo‘lib 1 million 338 mingta o‘zboshimcha qurilgan uy hujjatlashtirilgan. Xususan:

  • respublika bo‘yicha: 03.08.2016 yildagi 251-son Hukumat qarori asosida 695 738 ta, 20.04.2018 yildagi PF–5421-son Farmon asosida 621 580 ta;
  • ayrim hududlarda: 19.04.2021 yildagi 223-son Hukumat qarori asosida
  • Nukus shahrida 3 979 ta, 13.08.2021 yildagi 520-son Hukumat qarori asosida
  • Asaka, Shahrixonda 16 871 ta, 28.07.2023 yildagi PF–119-son Farmon asosida Qoraqalpog‘istonda 232 ta (davom etmoqda).

Shu sababli, Adliya vazirligi tomonidan “O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Qonun 2028 yil 1 yanvarga qadar amal qiladi

Qonun loyihasi bilan huquqlarni e’tirof etish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

1) Kadastr agentligi Avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratib, unga barcha yerlar bo‘yicha 12 xil turdagi birlamchi ma’lumotlarni kiritadi;

2) 12 ta vakolatli davlat organlari (hokimlik, qurilish, ekologiya, soliq, “O‘zbekkosmos” agentligi va boshqalar) har bir yer uchastkasi bo‘yicha ma’lumotlarni tizimga kiritadi;

3) to‘plangan barcha hujjatlarning to‘liqligi va qonuniyligi tizim orqali viloyat adliya boshqarmasi tomonidan tekshirib chiqiladi;

4) ijobiy xulosa qabul qilingan fuqarolarga SMS-xabarnoma yuboriladi (fuqaro ariza berishi talab etilmaydi);

5) xabarnoma asosida bir martalik to‘lovni amalga oshirganlarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari qarori bilan huquqlar e’tirof etiladi (yerga – ijara huquqi, bino-inshootga – mulk huquqi).

Qonunga asosan quyidagi ko‘chmas mulklarga nisabatan huquqlar e’tirof etilishi belgilanmoqda:

1) 2018 yil 1 may kuniga (ya’ni 20.04.2018 yildagi PF–5421-son Farmoni bilan e’lon qilingan “bir martalik aksiya”ga) qadar fuqarolar yakka tartibdagi uy-joy qurgan holda o‘zboshimchalik bilan egallagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga;

2) 2018 yil 1 may kuniga qadar fuqarolar va tashkilotlar tomonidan hujjatda ko‘rsatilgan maydondan ortiqcha egallangan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga;

3) “bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni e’tirof etish oxiriga yetmagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga (126 mingdan ortiq);

4) 2021 yil 8 iyunga (hokimlarning vakolati bekor qilinguniga) qadar tuman (shahar) hokimlari qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanmagan yer uchastkalariga;

(“Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunning 10-moddasiga muvofiq (15.09.2020 y. tahriri) viloyat, tuman, shahar hokimliklarining yer munosabatlari sohasidagi qarorlari Xalq deputatlari tegishli Kengashi tomonidan tasdiqlanishi nazarda tutilgan.

5) bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari (“BUSh”) hududidagi turar joylar hamda ular egallagan yer uchastkasiga (730 ta BUShda 7,5 mingdan ortiq);

6) kichik sanoat zonalari hududiga 2020 yil 9 martga (Nizom qabul qilinguniga) qadar joylashtirilgan tadbirkorlarning yer uchastkasiga (500 dan ortiq);

7) davlat orderi bilan xususiylashtirilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasiga;

8) hokim qarori bilan mulk huquqi e’tirof etilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasiga.

Bunda, ijara muddati yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yer uchastkalari uchun to‘qson to‘qqiz yil, boshqa yer uchastkalari uchun qirq to‘qqiz yil etib belgilanmoqda.

Huquqlarni e’tirof etishning asosiy shartlari sifatida quyidagilar belgilanmoqda:

1) yer uchastkasi boshqa shaxsga ajratilmaganligi yoki auksionga chiqarilmaganligi;

2) yer uchastkasidan foydalanishda nizo mavjud emasligi;

3) yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligi;

4) muhofaza zonasida, sug‘oriladigan yerda joylashmaganligi;

5) har bir kategoriyaga xos boshqa shartlar (investitsiya majburiyati bajarilganligi, shirkat a’zosi hisoblanishi va boshqalar).

– yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yerlarga ijara huquqi quyidagi hajmgacha e’tirof etiladi:

1) 1998 yil 1 iyulga qadar egallangan bo‘lsa0,24 gektargacha;

2) 1998 yil 1 iyuldan 2018 yil 1 may kuniga qadar egallangan bo‘lsa – Toshkent, Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida 0,06 gektar, qolgan hududlarda 0,12 gektardan oshmagan hajmda.

Ushbu hajmdan ortiqcha yerlar, agar nizo bo‘lmasa, dehqon xo‘jaligi yoki tomorqa xo‘jaligi yuritish uchun rasmiylashtirib beriladi.

Huquqlarni e’tirof etganlik uchun quyidagi miqdorlarda bir martalik to‘lov undirilishi qayd etilmoqda:

1) Toshkent shahrida – BHMning 5 baravari (1,7 mln so‘m);

2) Nukus shahri va viloyat markazlarida – BHMning 3 baravari (1,02 mln so‘m);

3) viloyatlar bo‘ysunuvidagi boshqa shaharlarda – BHMning 2 baravari (680 ming so‘m);

4) boshqa aholi punktlarida – BHMning 1 baravari (340 ming so‘m);

5) Qolgan hollarda esa (hujjatda ko‘rsatilganidan ortiqcha egallangan yerlar, tijorat maqsadlari uchun ajratilgan yerlarda), bir martalik to‘lov tegishli hududdagi o‘rtacha auksion bahosi miqdorida to‘lanadi (o‘rtacha auksion bahosi tumanlar va mahallalar kesimida Davaktiv agentligi tomonidan har olti oyda e’lon qilinadi).

Bunda, I va II guruh nogironlari, oldingi “aksiya” vaqtida yig‘im to‘lagan shaxslar to‘lovdan ozod qilinadi, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan shaxslarga 50 foiz chegirma beriladi.

(bir martalik to‘lovlardan Kadastr agentligi, Adliya vazirligi, “O‘zbekkosmos” agentligining xarajatlari qoplanadi. Qolgan mablag‘lar ko‘chmas mulk joylashgan hududdagi infratuzilmani tashabbusli budjetlashtirish tadbirlariga yo‘naltiriladi)

Shuningdek, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar e’tirof etilgan taqdirda, shaxslar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida nazarda tutilgan javobgarlikdan ozod etilishi belgilanmoqda.

Yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi e’tirof etilishi ushbu yer uchastkasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq aholi punktlarining yerlari yoki sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar toifalariga o‘tkazilishiga asos bo‘ladi.

Yakka tartibdagi uy-joy qurilgan yer uchastkasining toifasi o‘zgarishi munosabati bilan fuqarolardan qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rnini qoplash bo‘yicha to‘lovlar undirilmaydi.

Xalq deputatlari tuman Kengashi qarori bilan har bir mahallada jamoatchilik guruhlari tashkil etiladi.

Jamoatchilik guruhiga mahalla joylashgan okrugdan saylangan tuman Kengashi deputati (guruh rahbari), mahalla raisi (o‘rinbosar), har 100 nafar oiladan kamida 1 nafardan faol fuqarolar kiritiladi.

Vazifalari: aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borish, ma’lumotlar to‘g‘riligini kuzatib borish, xalq deputatlari viloyat Kengashlari qarorlari loyihalarining muhokamasida ishtirok etish hisoblanadi.

Prokuratura, ichki ishlar, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va kadastr organlari Qonunni amalga oshirishda davlat nazoratini o‘rnatadi.

Loyihaning qabul qilinishi fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlarining o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga nisbatan ijara huquqi hamda ularda qurilgan uy-joy, boshqa bino va inshoot yoki ko‘chmas mulk obektlariga nisbatan mulk huquqi rasmiylashtilishi uchun huquqiy asoslar yaratilishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, aholining ijtimoiy (propiska, moddiy yordam, maktab, bog‘cha) hamda bino va inshootlarni kommunal tarmoqlarga ulash bo‘yicha yuzaga kelayotgan muammolarining hal etilishiga imkon beradi.

Mavzuga oid