O‘zbekiston | 22:14 / 27.02.2024
21473
6 daqiqa o‘qiladi

TDIU rektori: “Sergeliga ko‘chish masalasi oldimizga qo‘yilmagan”

Iqtisodiyot universiteti rektori To‘lqin Teshaboyev Kun.uz'ga bergan intervyusida moliya va fiskal institutlari nima uchun iqtisodiyot universitetiga qo‘shib yuborilgani, yangi o‘quv yilidan boshlab talabalar qayerda o‘qishni boshlashi va OTMlarning hozirgi binolari taqdiri nima bo‘lishi haqidagi savollarga javob berdi.

2024 yil 7 fevraldagi prezident qarori, bilan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga Moliya va Fiskal instituti qo‘shilib, yagona Iqtisodiyot universiteti tashkil qilindi. Qarorga ko‘ra, 2023/24 o‘quv yilidan boshlab Moliya va Fiskal institutida tahsil olayotgan bitiruvchi kurs talabalariga yangi universitet diplomi beriladi. Bu uchta oliygohning 2- va 3-kursga o‘tgan talabalari o‘qishini tegishliligi bo‘yicha maqbullashtirilgan ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chiradi.

Bundan avvalroq, 2023 yilning noyabrida Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Moliya instituti Sergeli tumaniga ko‘chirilish ehtimoli yo‘q emasligini ma’lum qilgan edi.

Iqtisodiyot universiteti rektori To‘lqin Teshaboyev shu va boshqa masalalar yuzasidan Kun.uz'ga ma’lumot berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, oliygohlarning Sergeli tumaniga ko‘chirilishi haqidagi mish-mishlar asossiz. Uchta OTMning jami 13 ta obeksi qayta tashkil etilgan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tasarrufida qoladi.

O‘zimga ham ko‘pchilik qachon Sergeliga ko‘chasizlar, deb savol beradi. Qarorda aniq ko‘rsatib o‘tilgan, barcha binolar universitetning o‘z tasarrufida qoladi. Sergeliga ko‘chish masalasi oldimizga qo‘yilmagan”, – dedi rektor.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Iqtisodiyot va Moliya vazirliklari TDIUning kuzatuv kengashi etib belgilangan. “Barcha faoliyatlarimiz kuzatuv kengashi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi”, – dedi To‘lqin Teshaboyev.

Talabalar taqsimoti

TDIU rektoriga ko‘ra, keyingi yildan Moliya va Fiskal institutlarining iqtisod yo‘nalishida o‘qiydigan talabalari Iqtisodiyot universitetiga kelib o‘qiydi; moliya, bank yo‘nalishidagi talabalar sobiq Moliya institutiga ko‘chiriladi. Shuningdek, soliq yo‘nalishidagi talabalar ham sobiq Fiskal institutida o‘qishni davom ettiradi.

Fakultetlarni bunday taqsimlashdan talabalar qiynalmasligi maqsad qilingan. Ular bir kunda bitta binoda o‘qishlari kerak. Endi ular bir soat boshqa binoda o‘qib, bir soat boshqa binoda o‘qishlariga to‘g‘ri kelmaydi. Ham ijtimoiy yo‘nalishda, ham yo‘l xarajatlarini inobatga olgan holda shunday qarorga kelindi”, – deydi Teshaboyev.

Yangi o‘quv yili qachondan boshlanadi?

Talabalar yangi universitetga 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab qabul qilinadi. Bunda, davlat granti bo‘yicha o‘qishga qabul qilish davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari doirasida belgilanadi. Ta’lim jarayoni davlat tili, ingliz tili va boshqa xorijiy tillarda olib boriladi.

Rektorga ko‘ra, 3 ta oliygohni qo‘shib hisoblaganda, 44 mingdan ortiq talaba tahsil olyapti.

Bu respublikadagi eng yirik OTM bo‘lyapti. Men o‘ylaymanki, ham iqtisod, ham buxgalteriya, ham soliq yo‘nalishi bo‘yicha talabgorlar ko‘p. Iqtisodiyot vazirligi bilan kelishilgan holda keyingi yilgi kvotalarni belgilaymiz. Talab soni oshadi degan umiddaman”, – dedi Teshaboyev.

Yangi o‘quv yilida talabalar qayerda o‘qiydi?

Qarorda ko‘rsatilishicha, 2024/2025 o‘quv yili boshlangunigacha tajribaga ega bo‘lgan loyihalashtirish tashkiloti jalb qilinib, Iqtisodiyot universitetining mavjud hududlari va bino-inshootlari negizida zamonaviy kampusni bunyod etish bo‘yicha master-reja ishlab chiqiladi.

Rektorning izohlashicha, bu kampus hozirgi Iqtisodiyot universiteti hududining bo‘sh turgan joylarida quriladi. Universitetning Islom Karimov ko‘chasidagi hududi buzilmaydi.

Men o‘quv binosi haqida gapiryapman. Albatta, bo‘sh turgan hududlarda Qurilish vazirligi bilan kelishgan holda yangi bino quriladi”, – deb tushuntirdi u.

Shuningdek, qarorda Toshkent shahri Chilonzor tumani Olmazor ko‘chasi 183-uy manzilidagi hududida xalqaro standartlarga javob beradigan o‘quv auditoriyalari, kovorking markazlari, IT laboratoriya, biznes inkubator va anjumanlar zalini o‘z ichiga olgan multifunksional ko‘p qavatli bino qurilishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, bu hududda joylashgan ma’nan va jismonan eskirgan binolarni buzish hisobiga 1 000 o‘rinli talabalar turar joyi qurilishi ko‘rsatilgan.

Teshaboyevning tushuntirishicha, bu hududda o‘quv binosi emas, sobiq Moliya instituti talabalari uchun yotoqxona quriladi. Shuningdek, Uchtepa tumanida joylashgan sobiq Fiskal instituti hududida ham qo‘shimcha TTJ qurish rejalashtirilyapti.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan talabalar turar joyi qurishga kelishdik. Talaba ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lib qolmasligi kerak. Va yo‘l xarajatlariga imkon darajasida kam sarflasin deb shunday qilindi. Eng katta muammo ham talabalarni TTJ bilan ta’minlash bo‘lib turibdi.Toshkentda kvartira narxlari oshib ketyapti, bu talabaga qiyinchilik tug‘diryapti”, – dedi universitet rektori.

Oliygohlarning birlashtirilish sababi

Rektor 3 oliygohning birlashtirilish sababiga ham izoh berdi. Uning ma’lum qilishicha, bu 3 ta OTMda ham bir-birini takrorlaydigan, bir xil yo‘nalishdagi fakultetlar bo‘lgan.

Masalan, buxgalteriya, soliq va boshqalar Moliya, Fiskal, Iqtisodiyotda ham bor edi. Bularda har xil metodika bilan o‘qitilgan. Qarorning kelib chiqishiga qaytarilayotgan fanlarni birlashtirish masalasi sabab bo‘ldi. Endi ularning hammasini birlashtirib, o‘quv jarayoniga yagona tizim va albatta yangi klassifikatorlar kiritiladi, yangi yo‘nalishlar ochiladi”, – dedi Teshaboyev.

Zuhra Abduhalimova,
Kun.uz

Mavzuga oid