O‘zbekiston | 18:26 / 28.02.2024
8404
6 daqiqa o‘qiladi

Prezident joylarda quyosh panellarini o‘rnatishda qo‘shib yozish holatlarining oldini olish bo‘yicha topshiriq berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tkazilgan qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilishda tarmoq va hudud rahbarlari belgilangan vazifalarning to‘liq va sifatli ijrosi uchun mas’uliyatini kuchaytirishi lozimligi, sustkashlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlarga qat’iy chora ko‘rilishi ta’kidlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish bo‘yicha 2024 yil uchun ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Tahlillarga ko‘ra, mamlakatda quyosh va shamol energiyasi salohiyati elektrga bo‘lgan hozirgi ehtiyojni 10-12 barobar ortig‘i bilan qoplashga yetarli ekani ta’kidlandi.

Shunday ulkan imkoniyatni ishga solish masalasiga ancha yillar davomida e’tibor berilmay kelingani, lekin so‘nggi yillarda bu sohada huquqiy baza yaratilgani tufayli investorlar uchun jozibador muhit shakllangani qayd etildi.

“Yashil energiya” manbalarini barpo qilish bo‘yicha yurtimizda katta dasturlar boshlandi. Bugungi kunga qadar sohaga 2,1 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kirib keldi, yana 13 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonda elektr ishlab chiqarishda “yashil energiya” ulushi 15 foizga yetishi kutilmoqda

O‘zbekistonda 2024 yilda elektr ishlab chiqarishda “yashil energiya” ulushi 15 foizga yetishi kutilmoqda. Qayd etilishicha, erishilgan natijalar bilan bir qatorda mavjud imkoniyatlar barcha hududlarda ham to‘liq ishga solinmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Bu borada 2024 yil uchun dastlabki rejalar yetarli emasligi qayd etildi. Mutasaddilar o‘tgan yildan saboq chiqarib, bu yo‘nalishda ikki karra ko‘p ishlashi va aniq natija ko‘rsatishi kerakligi ta’kidlandi.

Ma’lum qilinishicha, prezident joriy yildan boshlab yirik “yashil energiya” quvvatlarini barpo etish bo‘yicha uch yillik dasturni amalga oshirishga o‘tilishini ta’kidladi. Sababi, energetika tizimining barqarorligini ta’minlash uchun yangi quvvatlarga mos tarmoqlarni qurish, elektr saqlash qurilmalarini o‘rnatish, zarur materiallarni ishlab chiqarishni reja qilib, hozirdan boshlash kerak.

Shuning uchun aholi va iqtisodiyot tarmoqlari talabidan kelib chiqib, kelgusi uch yilda 8 gigavattli 28 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish, 944 kilometr yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va 6 ta yirik podstansiyani qurish, jami 2,2 gigavatt bo‘lgan 18 ta elektr saqlash quvvatlarini o‘rnatish mo‘ljal qilib olindi.

O‘zbekistonda 2024 yili ishga tushirilishi rejalashtirilgan 14 ta stansiya qurilishi jadallashtiriladi

Energetika vazirligiga joriy yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan 14 ta stansiya qurilishini jadallashtirish topshirildi.

Bular — Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona viloyatlarida 2 gigavattli 11 ta quyosh, Buxoro va Navoiy viloyatlarida 600 megavattli 3 ta shamol stansiyasi. Ushbu stansiyalarni barpo etish doirasida 500 kilometr yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari quriladi. Yangi yirik stansiyalarni tarmoqqa ulash uchun 5 ta podstansiya kengaytiriladi.

Joylarda quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha ishlarni yanada kengaytirish, aholining “yashil” energiyadan foydalanish borasidagi intilishlarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi. Bu maqsadlarga qo‘shimcha 50 million dollar resurs ajratish, xorijiy investorlar bilan muzokaralar o‘tkazib, yana 100 million dollar jalb qilishga ko‘rsatma berildi.

Tadbirkorlarga quyosh energiyasi quvvatlarini joriy etishda manfaatdorligini oshirish uchun qo‘shimcha yengilliklar yaratilishi belgilandi.

6 ta tumanda “agrovoltaika” usulida pilot loyihalarni boshlash bo‘yicha topshiriq berildi

Elektr iste’moli yuqori bo‘lgan qishloq va suv xo‘jaligi, ichimlik suvi ta’minoti korxonalarida “yashil energiya” quvvatlarini ko‘paytirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish zarurligi qayd etildi. Masalan, qishloq xo‘jaligi yerlarida quyosh panellarini o‘rnatish, ya’ni “agrovoltaika” bo‘yicha xorijiy tajriba o‘rganilmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatimizda 10 gigavattli agrovoltaika salohiyati mavjud.

Mutasaddilarga joriy yilda 6 ta tumanda “agrovoltaika” usulida pilot loyihalarni boshlash topshirildi. Umuman, xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda energiya sarfi yuqori bo‘lgan sohalarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, Yirik quyosh va shamol stansiyalarini qurish, ularni tarmoqqa ulash, remont-servis xizmatini ko‘rsatish hisobiga mahalliy korxonalar uchun katta bozor vujudga kelmoqda. Hozirgi kunda 30 dan ziyod yirik va o‘rta mahalliy ishlab chiqaruvchilar, 100 dan ortiq servis korxonalari mavjud.

Davlat rahbari bu quvvatlar hali yetarli emasligini ta’kidlab, quyosh panellari, akkumulyator, invertor, suv isitkich, mis kabel va transformator ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni ko‘paytirish muhimligini qayd etdi. Shu bilan birga, mahalliy korxonalarga xorijiy investorlar talab qiladigan xalqaro sertifikatlarni olishda va ishlab chiqarishni standartlarga muvofiqlashtirishda ko‘maklashish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda tarmoq va hudud rahbarlari belgilangan vazifalarning to‘liq va sifatli ijrosi uchun mas’uliyatini kuchaytirishi lozimligi, sustkashlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlarga qat’iy chora ko‘rilishi ta’kidlandi.

Ma’lum qilinishicha, mutasaddilarga joylarda quyosh panellarini o‘rnatishda ko‘zbo‘yamachilik va qo‘shib yozish holatlarining oldini olish yuzasidan topshiriq berilgan. 

Shuningdek, kelgusi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikni hozirdan boshlash, qancha tarmoq, qancha transformatorni ta’mirlash yoki yangilashga ehtiyojni aniq hisob-kitob qilib, tegishli dasturlarni ishlab chiqish yuzasidan vazifalar belgilab olingan.

Yig‘ilishda tarmoq va hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

Mavzuga oid