Jizzax viloyati hokimi sobiq o‘rinbosari Akrom Rahmonqulov ochiqqa chiqqani ma’lum bo‘ldi
Qurilishi tugallanmagan 6 qavatli uyning qulab tushishi ortidan sheriklari (qarindoshlari) bilan birga tergovga tortilib, 2021 yil dekabrda 7,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan sobiq amaldor ayni damda ochiqda. Akrom Rahmonqulovning qanday asos bilan ozodlikka chiqarilgani aniq emas. Jizzaxdagi bozorda unga tegishli 152 ta do‘kon sotuvga qo‘yilgan.
Jizzax viloyati hokimining sobiq o‘rinbosari Akrom Rahmonqulov ozodlikka chiqarilgan. Buni Kun.uz'ning bir-biridan mustaqil ikki manbasi tasdiqladi.
Jinoiy sheriklari bilan 20 mlrd so‘mlik budjet mablag‘larini talon-toroj qilishda ayblanib, 2021 yil dekabr oyida 7,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan sobiq amaldorning qanday asos bilan ochiqqa chiqarilgani hozircha ma’lum emas. Bu borada Kun.uz so‘roviga Oliy sud hozircha izoh bermadi. Shuningdek, Jizzax viloyati hokimligidan ham izoh olishning imkoni bo‘lmadi.
MIB ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Jizzax shahridagi bozorda Akrom Rahmonqulovga tegishli 152 ta savdo do‘koni sotuvga qo‘yilgan.
MIB Jizzax viloyati boshqarmasi ish yurituvida jami 19 mlrd 159 mln so‘mga baholangan “Eski shahar buyum savdo kompleksi” AJ hududidagi 1-9 bloklarda joylashgan 152 ta savdo do‘koni bo‘yicha ijro hujjati mavjud. Unga ko‘ra, mazkur savdo do‘konlarini sotuvga qo‘yib, tushgan mablag‘dan Jizzax viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” IKga yetkazilgan zararning qoplanmagan qismini qoplash va qolganini davlat daromadiga o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Ijro harakatlari davomida bu do‘konlarning savdoga chiqarilishi yuzasidan qarzdorlar ogohlantirilgan. Shuningdek, ijro hujjatlarida ko‘rsatilgan savdo do‘konlari “Ye-auksion” platformasiga savdoga chiqarib, bu haqda savdoga do‘konlariga xabarlar joylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2018 yil aprelidan 2021 yil yanvarigacha Jizzax viloyati hokimining qurilish va sanoat bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Akrom Rahmonqulov Jizzax shahrida 6 qavatli binoning bir qismi qulashi ortidan ishdan olingan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Rahmonqulovni siyosatga xiyonatda ayblab, uning “butun to‘dasiga qonuniy jazo belgilash”ni talab qilgandi.
Undan avvalroq jamoatchilik surishtiruvlarida Rahmonqulov va uning qarindoshlari Jizzaxdagi bir necha yuz milliardlik davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritib kelgani ayon bo‘lgandi.
2021 yil aprel oyida bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev Akrom Rahmonqulov va uning 10 nafar jinoiy sherigi qamoqda ekanini ma’lum qilib, jinoiy guruh qariyb 20 mlrd so‘mlik budjet mablag‘ini talon-toroj qilganini aytgandi. Yo‘ldoshevga ko‘ra, o‘shanda Rahmonqulovga tegishli korxonalarda 12 mlrd so‘m mablag‘, 172 ta do‘kon, ko‘p qavatli uylardagi 14 ta xonadon, 43 ta avtomashina va boshqa ko‘chmas mulklar zararni undirish uchun xatlangan.
2021 yil dekabr oyi oxirida sud bu ish bo‘yicha 27 nafar sudlanuvchini aybdor deb topgandi.
Xususan, sud hukmiga ko‘ra, Akrom Rahmonqulov Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a”, “v” bandlari, 184-moddasi 3-qismi, 189-moddasi 1-qismi, 205-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari, 207-moddasi 1-qismi, 209-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari va 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybdor deb topilib, unga 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 7 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan edi.
Mavzuga oid
21:28 / 18.12.2024
Guliston IIB TB fuqarolik nizosidan jinoyat ishi “yasadi”. Tergovchi yangi yilni issiq uyida, 50 yoshli ayol esa Rossiya hibsxonasida kutib oladimi?
17:20 / 17.12.2024
Xitoyda katta miqdorda pora olishda ayblangan partiya mulozimi qatl etildi
21:02 / 12.12.2024
Yangiyo‘lda 5 bolani bosib ketib, ikki nafarining o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi axloq tuzatish jazosini oldi
15:29 / 11.12.2024