O‘zbekiston | 10:05 / 29.02.2024
27721
3 daqiqa o‘qiladi

Jurnalist Ibrat Safo IIBga «suhbatga» chaqirildi

BBC o‘zbek xizmati jurnalisti Ibrat Safo Toshkent shahri Chilonzor tumani Ichki ishlar bo‘limiga «suhbatga» chaqirilgan. Bu haqda uning o‘zi ma’lum qilgan.

Foto: Facebook / Ibrat Safo

 «Meni «topish»dan avval u [militsiya xodimi] ikki marta 68 yashar, nafaqadagi o‘qituvchi opamni bezovta qilgan va Chilonzor tumani «RUVD»siga kelishini aytgan. Men opamga bormang dedim. Londondan telefon qildim», — dedi u.

Unga ko‘ra, Londonda BBC jurnalisti bo‘lib ishlagan faoliyati davomida bu kabi holat birinchi marta sodir bo‘lmoqda. «Qizig‘i, men 2017 yildan beri Chilonzorda «propiska»da turmayman, «propiskam» Londondagi O‘zbekiston elchixonasida», dedi u.

Chilonzor IIB xodimi «Jasur» to‘liq ism-sharifi va rutbasini aytishdan bosh tortdi, degan Ibrat Safo. Xodim jurnalist internetda O‘zbekiston haqida «negativ» yozgani uchun «prezident administratsiyasi qoshidagi ommaviy axborot vositalarini monitoring qiluvchi markaz»dan topshiriq olganini aytgan. 

Ibrat Safo o‘z postida hech qanday ism-shariflar keltirmaganini, shunchaki vaziyat haqida «tadbirkor, eks-hokim o‘z og‘zi bilan Magic City`ga egaligini» aytganidan keyin gapirganini bildirgan.

«Shundan norozi bo‘lishibdi. Jasurning necha yoshligi yo jurnalistika borasidagi bilimini bilmayman, lekin u meni „patriot“ bo‘lmaslikda aybladi va bunday postlarni yozishni to‘xtatishimni buyurdi. U o‘zining „patriot“ ekanini ham aytdi. Aynan qanday mavzularda yozishim mumkinligi haqida maslahat so‘raganimda, javob bermadi. Qachon O‘zbekistonga kelishimni bilishga uringanida, undan aviachipta so‘raganim ham negadir unga yoqmadi. Endi shikoyatini Tashqi ishlar vazirligiga jo‘natar ekan», — deb yozdi jurnalist suhbat BBC studiyasida yozib olinganini ta’kidlab.

1 fevral kuni Toshkent shahri sobiq hokimi, Akfa kompaniyalar guruhi asoschisi Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘zining yettita kompaniyasini sotganini ma’lum qilgandi. Ular orasida 2021 yil iyun oyida Milliy bog‘ o‘rnida ochilgan Magic City parki ham bor edi. Loyihaning investori Akfa tarkibiga kiruvchi Stargate Systems bo‘lgan. Kompaniya 20,79 gektar park yerini 49 yillik ijaraga olgandi.

Mavzuga oid