O‘zbekiston | 20:54 / 01.03.2024
8496
4 daqiqa o‘qiladi

“2023 yilda 49 nafar sudyaning sudyalik vakolati muddatidan oldin tugatildi” – Sudyalar oliy kengashi

Ularning 17 nafari sudyalik qasamyodini, 8 nafari sudyalar odob-axloq kodeksi talablarini buzgan. Sudyalar oliy kengashining 2023 yildagi faoliyati bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida bildirilishicha, sudyalik vakolati tugatilgan sudyalar orasida pora bilan qo‘lga tushib, jinoiy ish qo‘zg‘atilganlari ham bor.   

2023 yilda 49 nafar sudyaning sudyalik vakolati muddatidan oldin tugatilgan. Bu haqda AOKAda Sudyalar oliy kengashining 2023 yildagi faoliyati sarhisobi bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Matbuot anjumanida Kun.uz jurnalisti o‘tgan yilda nechta sudya jinoiy javobgarlikka tortilgani hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari tomonidan O‘zbekistonda pora bilan ushlangan sudyalar ko‘rgan ishlarni qayta ko‘rish taklifiga qanday qaralishi haqidagi savol bilan yuzlandi.

“2023 yilda turli faktorlar bilan 49 nafar sudyaning sudyalik vakolati muddatidan oldin tugatilgan: 22 nafari o‘zi ariza yozgan, 17 nafari sudyalik qasamyodini hamda 8 nafari sudyalar odob-axloq kodeksi talablarini buzgan, ba’zilar vafot etgan. Sudyalarning bunday xatti-harakatlari xizmat tekshiruvi orqali aniqlanadi va malaka hay’atlari xulosasiga ko‘ra chora ko‘riladi.

2023 yilda jinoyatlar ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi sudyasi Jinoyat kodeksining 210-modda 1-qismi bilan javobgarlikka tortilib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi sudyalariga nisbatan ishda ular jinoiy javobgarlikka tortilishdan oldin xizmat tekshiruvlar natijasiga ko‘ra muddatdan oldin vazifasidan ozod qilingan. Ish faoliyatlari o‘rganilgach, tergov organi orqali ayblov xulosalari yuborilgan va Toshkent viloyati va Toshkent shahri sudi tomonidan tegishli jazo tayinlangan.

Sudyalarning o‘zi pora taklif qiluvchilarni ushlab berayotgan holatlar ham bor. Ularni ham OAVda yoritish kerak, jamoatchilik bilsin”, deya ta’kidlagan Sudyalar oliy kengashi raisi o‘rinbosari Alisher Jalilov.

Shuningdek, Alisher Jalilov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari tomonidan berilgan O‘zbekistonda pora bilan ushlangan sudyalar ko‘rgan ishlarni qayta ko‘rish taklifini izohlar ekan, qonunchilikda bunday tartib yo‘qligini bildirgan. 

“Sudya qabul qilgan qarorlarning adolatliligi yuqori instansiya sudi tomonidan ko‘riladi. Qonunda pora bilan tushgan sudyalar ishlarini qayta ko‘rish tartibi yo‘q. Jinoyat protsessual kodeksi tartibi bo‘yicha ish ketyapti, boshqa tartib, tamoyil yo‘q.

2023 yilda 2 mln 114 mingta sud qarori qabul qilingan. Shundan 2,8 foiziga shikoyat bildirilgan. Ko‘pchilik fuqarolar, yuridik shaxslar qabul qilingan qarorlarni qonuniy deb hisoblashgan. Masalaning shu tomoniga ham e’tibor berish kerak», degan Sudyalar oliy kengashi raisi o‘rinbosari.  

Matbuot anjumanida kengashning 2023 yildagi faoliyatiga doir raqamlar ham keltirib o‘tildi.

Qayd etilishicha, Kengash tomonidan 2023 yilda sudyalarni tayinlash, vakant lavozimlarni to‘ldirish bo‘yicha o‘tkazilgan ochiq tanlovlar natijasida 541 ta tayinlovlar amalga oshirilgan. Shundan 142 nafar sudya ushbu lavozimda bo‘lishning birinchi besh yillik muddatiga, 111 nafari o‘n yillik muddatga, 5 nafari muddatsiz davrga, 283 nafari vakolati muddatiga qayta tayinlangan. 

Ayni paytda tizimda 1409 nafar sudya faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 453 nafari sudyalik lavozimida bo‘lishning besh yillik muddatiga, 903 nafari o‘n yillik muddatga, 51 nafari muddatsiz davrga tayinlangan.

Mavzuga oid