O‘zbekiston | 11:24 / 05.03.2024
17446
2 daqiqa o‘qiladi

Guliston shahriga yangi hokim tayinlandi

Chilonzor tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Jamoliddin Xojimanov Guliston shahri hokimi bo‘ldi. Shaharning sobiq hokimi To‘lqinjon Dadaboyev avvalroq sog‘ligidagi muammolar sabab o‘z arizasiga binoan lavozimdan ozod etilgandi.

Foto: Sirdaryo viloyati xokimligi

Xojimanov Jamoliddin Husniddinovich Sirdaryo viloyati Guliston shahri hokimi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bugun xalq deputatlari Guliston shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgan. Unda viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev ishtirok etgan.

Sessiyada viloyat hokimi Guliston shahar hokimi lavozimiga Xojimanov Jamoliddin Xusnuddinovich nomzodini tavsiya qilgan. Xalq deputatlari Guliston shahar kengashining qarori bilan u Guliston shahar hokimi etib tayinlangan.

Jamoliddin Xojimanov 1987 yilda Sardoba tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. 2011 yil Toshkent davlat agrar universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi buxgalteriya hisobi va audit.

U mehnat faoliyati davomida Toshkent viloyati va Toshkent shahrida moliya va iqtisodiyot sohalarida turli tashkilotlarda mas’ul vazifalarda ishlagan. Tayinlovga qadar Chilonzor tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Guliston shahriga 2019 yil 25 fevraldan buyon hokimlik qilib kelayotgan To‘lqinjon Dadabayev 2024 yilning 6 fevral kuni sog‘lig‘i tufayli lavozimidan ozod etilgandi.

Mavzuga oid