Kamala Harris G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi
AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris o‘t ochishni to‘xtatish kamida olti hafta davom etishi kerakligini aytdi va Isroilni G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamini ko‘paytirishga chaqirdi.
AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris 3 mart kuni Alabama shtati Selma shahrida «Qonli yakshanba»ning 59 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi.
«G‘azodagi azob-uqubatlarning ulkan ko‘lamini inobatga olgan holda, kamida keyingi olti hafta davomida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish kerak. Hozirda bu muhokama qilinmoqda», - dedi Harris.
Vitse-prezident g‘azoliklar ochlik va g‘ayriinsoniy sharoitlarda yashayotganini ta’kidlab, Isroil hukumatini mintaqaga insonparvarlik yordami oqimini sezilarli darajada oshirishga chaqirdi.
HAMAS va Isroil o‘rtasida sulh muzokaralari
O‘tgan dam olish kunlari Misrda musulmonlar uchun muqaddas Ramazon oyi boshlanishi munosabati bilan HAMAS va Isroil o‘rtasida vaqtinchalik sulh tuzish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tishi kerak edi. Biroq Isroil uchrashuvga e’tibor bermadi. Mamlakat hukumati isroillik delegatlar HAMAS G‘azo sektorida garovga olinganlar ro‘yxatini taqdim etganidan keyingina Misrga borishini aytdi.
«HAMAS o‘t ochishni to‘xtatishni xohlayotganini aytmoqda. Xo‘sh, stol ustida kelishuv bor. Avval aytganimizdek, HAMAS bu kelishuvga rozi bo‘lishi kerak», - dedi Xarris. Misr va Qatar bir-biri bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib bormaydigan HAMAS va Isroil o‘rtasida vositachi vazifasini bajaradi.
Isroil harbiy kabineti a’zosi AQShga bordi
3 mart, yakshanba kuni Isroil harbiy kabineti a’zosi Benni Gansning idorasi siyosatchi Vashingtonga bosh vazir Benyamin Netanyahu bu safarga rozi bo‘lmaganiga qaramay, G‘azo sektoridagi vaziyatni Amerika rasmiylari bilan muhokama qilish uchun kelganini ma’lum qildi.
Gansning AQSh vitse-prezidenti Kamala Xarris, milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Jyeyk Sallivan va Milliy xavfsizlik kengashining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha koordinatori Brett Makgerk bilan uchrashuvi 4 martga rejalashtirilgandi.
5 mart, seshanba kuni Gans AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashadi. Shundan so‘ng u Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron va boshqa rasmiylar bilan muloqot qilish uchun Londonga boradi.
Mavzuga oid
16:40 / 20.12.2024
G‘azoda harbiy bazalar qurilmoqda. Isroil mustahkam o‘rnashib olmoqchi
18:43 / 30.11.2024
“Sinvar reanimatsiyada naycha bilan nafas olardi” - BMTda amerikalik shifokor G‘azoda ko‘rgan dahshatli manzaralari haqida ko‘zda yosh bilan gapirdi
09:46 / 12.11.2024
ADL va IHT Isroilni G‘azodan chiqib ketishga chaqirdi
19:17 / 11.11.2024