O‘zbekiston | 08:43 / 06.03.2024
5568
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 2019 yildan beri mingdan ortiq manba taqiqlangan 

O‘zbekistonda 2019 yildan beri Oliy sudning 80 dan ortiq qarori asosida 1000 dan ziyod manba taqiqlangan. Ulardagi materiallar diniy aqidaparastlik, ekstremistik va terroristik g‘oyalarini targ‘ib etishga yo‘naltirilgan deb topilgan.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda 2019 yildan hozirga qadar Oliy sudning 80 dan ziyod hal qiluv qarori asosida 1000 dan ortiq manba taqiqlangan. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov ma’lum qildi.

Facebook, «Odnoklassniki», Instagram va TikTok ijtimoiy tarmoqlari, Telegram messenjeri, YouTube videoxostingi va boshqa 1000 dan ortiq manba va ulardagi materiallar diniy aqidaparastlik, ekstremistik va terroristik g‘oyalarini targ‘ib etishga yo‘naltirilgan deb topilib, ularni O‘zbekiston hududida tayyorlash, tarqatish, saqlash, olib kirish va namoyish etish taqiqlangan.

Oliy sud eslatishicha, Jinoyat kodeksining 244−1-moddasiga muvofiq diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, qirg‘in solishga yoki fuqarolarni zo‘rlik bilan ko‘chirib yuborishga da’vat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni tayyorlash yoki ularni tarqatish maqsadida saqlash, shuningdek diniy-ekstremistik, terrorchilik tashkilotlarining atributlarini yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish maqsadida tayyorlash, saqlash bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, qirg‘in solishga yoki fuqarolarni zo‘rlik bilan ko‘chirib yuborishga da’vat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish, xuddi shuningdek fuqarolar totuvligini buzish, tuhmatona, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatish hamda jamiyatda qaror topgan xulq-atvor qoidalariga va jamoat xavfsizligiga qarshi qaratilgan boshqa qilmishlarni sodir etish maqsadida dindan foydalanish, shuningdek, diniy-ekstremistik, terrorchilik tashkilotlarining atributlarini yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga olib keladi.

Mavzuga oid