O‘zbekiston | 16:10 / 06.03.2024
6889
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston O‘zbekistonga Rossiya gazi tranzitini qariyb 4 barobarga ko‘paytirmoqchi

2026 yildan boshlab Rossiya gazining Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga importi 3 mlrd kub metrdan 11 mlrd kub metrgacha oshirilishi mumkin.

Foto: AP

Rossiya gazining Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga tranzit hajmini 2026 yildan boshlab dastlab rejalashtirilgan yiliga 3 mlrd kub metrdan 11 mlrd kub metrgacha oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Qozog‘iston Energetika vazirligiga tayanib, TASS xabar berdi.

“O‘tgan yili davlatimiz rahbari ishtirokida mamlakatimiz hududi orqali O‘zbekistonga yiliga 3 mlrd kub metrgacha Rossiya gazining tranziti yo‘lga qo‘yildi”, – dedi Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyev.

Shu bilan birga, 2026 yildan boshlab O‘zbekistonga gaz tranziti hajmini 11 mlrd kub metrgacha oshirish rejalashtirilgani keltirib o‘tilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili O‘zbekiston ilk marta Rossiyadan gaz import qila boshladi. UzGasTrade va “Gazprom” o‘rtasida yiliga 2,8 mlrd kub metr yoki kuniga 9 mln kub metrgacha gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzilgan. Shundan keyin tomonlar o‘rtasida o‘rta va uzoq muddatli shartnomalar bo‘yicha muzokaralar boshlangan.

2024 yilgi davlat dasturiga ko‘ra, “shimoldan import qilinadigan” tabiiy gaz hajmi kuniga 9 mln kub metrdan 32 mln kub metrgacha oshiriladi. Respublika magistral gaz tizimini bunga tayyorlash uchun tashqi qarzlar hisobidan 500 mln dollar ajratish reja qilingan.

Mavzuga oid