Jahon | 13:22 / 07.03.2024
9595
3 daqiqa o‘qiladi

Armaniston «FSB» xodimlarini Yerevan aeroportidan olib ketishni talab qildi

Avvalroq «Zvartnots» aeroportida Rossiya xavfsizlik kuchlari arman politsiyasini xabardor etmasdan harbiy xizmatdan bosh tortgan Dmitriy Setrakovni qo‘lga olgan edi. 

Foto: Vahram Baghdasaryan/AA/picture alliance

Armaniston Rossiya hukumatiga Rossiya «FSB» chegara xizmatining «Zvartnots» Yerevan aeroportidagi ishi to‘xtatilishi haqida rasmiy xat yo‘lladi, deya xabar bermoqda Armenpress 6 mart, chorshanba kuni mamlakat Xavfsizlik kengashi kotibi Armen Grigoryanga tayanib. «Bizning pozitsiyamiz shundan iboratki, Armaniston chegara qo‘shinlari «Zvartnots» xalqaro aeroportida xizmat qilishi kerak», — dedi Grigoryan va bu pozitsiyadan Rossiyaga «rasmiy xat» orqali xabardor etilganini qo‘shimcha qildi. 

«Ular ketsa to‘g‘ri bo‘ladi»

2024 yil fevral oyida Armaniston hukumati respublikaning Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidagi (KXShT) a’zoligi muzlatilganini e’lon qildi. Shundan ko‘p o‘tmay, mamlakat parlamenti spikeri Alen Simonyan Rossiya «FSB» chegara xizmati xodimlarini Yerevanning «Zvartnots» aeroportidan olib chiqishga chaqirdi. U o‘z pozitsiyasini Rossiya qo‘shinlari Armaniston «chegaralarini himoya qilmasligi» bilan izohladi.

Armanistonda «FSB» chegarachilarining roli haqidagi munozaralarga Ukrainaga qarshi urushdan qochgan rossiyalik Dmitriy Setrakov ishtirokidagi voqea ham sabab bo‘ldi. 2023 yil dekabrida Rossiya xavfsizlik kuchlari o‘z harakati haqida Armaniston huquq-tartibot idoralarini xabardor qilmasdan, Setrakovni Yerevanda qo‘lga oldi. Keyinroq Setrakov Rossiyaga deportatsiya qilingan. Armanistonlik huquq himoyachilari rossiyalik chegarachilar harakatlarini «Armaniston huquq tizimiga hujum» deb atadi.

Armanistonda Rossiya harbiylarining mavjudligi

Rossiya chegarachilari 1992 yil 30 sentabrda tuzilgan davlatlararo shartnomaga muvofiq Armanistonda joylashgan. Ushbu hujjatga muvofiq, ular Armaniston-Turkiya va Armaniston-Eron chegaralarida, shuningdek, Yerevandagi «Zvartnots» xalqaro aeroportida alohida nazorat-o‘tkazish punktida xizmat qiladi. Armanistonda «FSB» chegara xizmati xodimlarini saqlash har ikki davlat hukumatlari tomonidan amalga oshiriladi.

Mavzuga oid