O‘zbekiston | 15:16 / 08.03.2024
33905
5 daqiqa o‘qiladi

Faqat qizlar uchun – xotin-qizlarga ta’limda qanday imtiyozlar berilgan?

​​​​​​​Oliy ta’limda o‘qiyotgan talabalar sonida xotin-qizlar ulushi ko‘proq. Qizlarga o‘qishga kirish uchun turli imtiyozlar berilgan.

O‘zbekistonda xotin-qizlarning ta’lim olishi uchun bir qancha imtiyozlar berilgan. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, respublikadagi jami OTMda tahsil olayotgan talabalar milliondan oshiq va xotin-qiz talabalarning ulushi yuqoriroq.

1 mln 312 ming talabaning 650 ming nafari erkaklar, 662 ming nafari esa xotin-qizlardir. Magistraturada tahsil olayotgan 24 ming talabaning 60 foizini xotin-qizlar tashkil qiladi. Talaba qizlar ulushi yuqoriligida ularga berilgan imtiyozlar ham yordam berayotgan bo‘lishi mumkin.

Xotin-qizlarga o‘qishga kirishda qanday imtiyozlar bor?

2 mingta grant: Xotin-qizlar uchun o‘qishga kirishdagi asosiy imkoniyatlardan biri — ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga ajratiluvchi umumiy kvotaning 4 foizi miqdoridagi (2 mingta o‘rin) grant hisoblanadi. Unga talabgorlar ham tavsiyanomani Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasidan oladi.

Tavsiyanomani kam ta’minlangan, to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, nogironligi bo‘lgan ota-onaning farzandlari kabi bir qator toifalarga mansub xotin-qizlar olishi mumkin va ular alohida tanlov doirasida kirish imtihonlarida qatnashadi, eng yuqori ball olgan 2 ming xotin-qiz tavsiyanoma asosida grantga o‘qishga qabul qilinadi.

5 yillik stajlilar uchun 500 ta kvota: Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan 5 yillik stajga ega, oliy ma’lumotli bo‘lmagan xotin-qizlarga tavsiyanomalar beriladi. Biroq tavsiyanomaning o‘zi o‘qishga kirishni kafolatlamaydi. Uni olgan xotin-qizlar ham hamma abituriyentlar kabi imtihon topshiradi, faqat ularning balli alohida kvota doirasida hisoblanadi. Eng yuqori ball to‘plagan 500 abituriyent esa talabalikka to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.

Faqat qizlar uchun beriladigan imtiyozlar

Zulfiya mukofoti: umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori bo‘lgan o‘quvchilari OTMlar bakalavriatiga, bakalavriat talabalari bo‘lgan laureatlar esa magistraturaga tegishli yo‘nalish va ixtisoslik bo‘yicha sinovlarsiz qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilinadi.

"Hamshira" ko‘rik-tanlovi: bu tanlov g‘oliblari davlat komissiyasi qarori bilan tegishli OTMlar mos yo‘nalishiga tanlovdan tashqari kirish imtihonisiz qo‘shimcha grant asosida qabul qilinadi.

"To‘maris izdoshlari" jamoaviy guruhlari a’zolari uchun imtiyoz: ichki ishlar organlari xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘linmalari huzurida shakllantiriladigan bu bo‘limning a’zolari bir yil davomida o‘qish va ish jarayoniga salbiy ta’sir etmagan holda umumiy 360 soat vaqt mobaynida faoliyat olib boradi.

Va ular Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘ining tavsiyanomasiga asosan huquq-tartibot organlarining oliy ta’lim muassasalariga saralashning barcha bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tganidan so‘ng yakka tartibdagi suhbatsiz (test sinovlarisiz) kvota asosida o‘qishga kirishi mumkin.

Tekin o‘qish imkoni

Magistratura: magistratura bosqichiga kirgan barcha xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt puli davlat tomonidan qoplab beriladi. Buning uchun ular belgilangan sanadan kechiktirmay rektor nomiga ariza yozishlarining o‘zi yetarli.

Kollej, texnikumdagi tekin yo‘nalishlar: Shu o‘quv yilidan boshlab kollej va texnikumlarda qurilish, transport, kommunal, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi kasb (mutaxassislik)lar bo‘yicha o‘qishga kiradigan xotin-qizlar to‘liq grant asosida qabul qilinadigan bo‘ldi.

Yangi soliq imtiyozlari

Prezidentlik saylovlaridan oldin Shavkat Mirziyoyev xotin-qizlar ta’limi uchun yangi soliq imtiyozi joriy etilishini ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra, oliygohda o‘qiyotgan xotin-qizlar uchun, kim to‘lashidan qat’i nazar, kontrakt to‘lovi daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Ish haqidagi tafovutlar

Ta’limda imtiyozlar bo‘lishiga qaramay mehnat bozorida erkaklar va ayol xodimlarning topayotgan daromadlarida farq kattaligicha saqlanib qolmoqda.

Global miqyosida ayollarning maoshi erkaklar ish haqining o‘rtacha 80 foizini tashkil qiladi. O‘zbekistonda esa bu farq yanada katta: ayollar erkaklar ish haqining 61 foizi miqdorida maosh oladi. O‘zbekistonda ish bilan band bo‘lgan ayollar va erkaklar o‘rtacha ish haqidagi gender tafovutini bartaraf etish 700 mingdan ortiq odamni qashshoqlikdan chiqarishga yordam beradi.   

Mavzuga oid