O‘zbekiston | 20:54 / 09.03.2024
43397
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda hay-tek uslubida birinchi masjid qurildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan Toshkent shahri, Chilonzor tumanidagi Hasanxon qori jome masjidi qayta barpo etildi.

Foto: O‘zA

Qayd qilinishicha, bu O‘zbekistondagi hay-tek uslubida qurilgan birinchi masjid hisoblanadi.

Masjidning avvalgi binosi eskiligi, torligi, kirib-chiqishdagi noqulayliklar va moslashtirilgan binoda joylashgani namozxonlarga qiyinchiliklar tug‘dirayotgan edi. Zamonaviy ko‘rinishda qayta qad rostlagan muhtasham masjidda esa barcha sharoit va qulayliklar yaratilgan. Maskanning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, diniy ulamolar, imom-domlalar, namozxonlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. 

Ta’kidlanishicha, ushbu masjid ilk bor noan’anaviy, ya’ni, hay-tek uslubida qurilgan. U bir vaqtning o‘zida 4 ming nafar namozxonni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi. Masjid qurilishiga 2021 yilda tamal toshi qo‘yilgan bo‘lib, saxovatpesha homiylar hamda ko‘ngilli kishilar ko‘magida hashar yo‘li bilan bitkazilgan. Masjidga Najmiddin Hasanov imom etib tayinlangan. 

Mavzuga oid