O‘zbekiston | 07:40 / 09.03.2024
4476
2 daqiqa o‘qiladi

USAID O‘zbekistonda «Biznesni qo‘llab-quvvatlash» loyihasini ishga tushirdi

USAID O‘zbekistonda 5 yilga mo‘ljallangan «Biznesni qo‘llab-quvvatlash» loyihasini boshladi. 17,7 mln dollarlik ushbu loyiha barqaror va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga qaratilgan. 

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekistonda barqaror va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga qaratilgan «Biznesni qo‘llab-quvvatlash» loyihasini ishga tushirdi. 5 mart kuni dasturning taqdimoti o‘tkazildi, deya xabar bermoqda Gazeta.uz.

Biznesni qo‘llab-quvvatlash loyihasi besh yilga mo‘ljallangan bo‘lib, USAID buning uchun 17,7 million dollar miqdorida mablag‘ ajratishni rejalashtirgan. Mazkur loyiha ikkita asosiy maqsadga erishishga qaratilgan: xususiy sektor o‘sishida to‘siqlarni bartaraf etish hamda sektorda investitsiyalar va moliyalashtirish imkoniyatlarini oshirish.

Loyiha to‘rtta asosiy yo‘nalish: axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT), turizm, tekstil hamda yashil iqtisodiyotda kichik va o‘rta bizneslarning raqobatbardoshligini oshirishni qamrab oladi.

Tadbirda nutq so‘zlagan USAID O‘zbekistondagi missiyasi direktori Devid Xofmanning ta’kidlashicha, mazkur loyiha mamlakatda biznes rivojlanishi va innovatsiyalar uchun yanada qulay muhit yaratishga, O‘zbekistonning umumiy iqtisodiy farovonligiga hissa qo‘shadi.

Grant olish jarayoni ikki bosqichli bo‘lib, birinchisida ariza beruvchilar tomonidan loyiha konsepsiyasi taqdim etiladi. Ikkinchi bosqichda esa saralangan arizachilar tomonidan to‘liq loyiha arizasi qabul qilinadi. Taklif etilayotgan dasturlarning davomiyligi 12 oygacha bo‘lishi kerak.

Mavzuga oid