O‘zbekiston | 11:03 / 10.03.2024
13072
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda qo‘lbola usulda tayyorlangan 77 tonna yog‘ning savdoga chiqarilishi to‘xtatib qolindi

Yashirin sexda iste’molga yaroqsiz yog‘dan tashqari qariyb 20 mingta sovun, bir necha tonna chigit, kunjara va o‘nga yaqin uskuna borligi aniqlangan.

Foto: Prokuratura departamenti

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida 77,1 tonna qo‘lbola usulda tayyorlangan yog‘ mahsulotlarini savdoga chiqarilishining oldi olingan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, departamentning Amudaryo tuman bo‘limi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi va IIB xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbirda Buxoro viloyati, Romitan tumanida davlat ro‘yxatidan o‘tgan “T.” MChJ hamda Amudaryo tumanida faoliyat ko‘rsatuvchi “A.” MChJ mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirib, “A.” MChJga tegishli noturar binoda yog‘ mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yashirin sex tashkil etgani fosh etilgan.

Tadbir davomida, ushbu yashirin sexdan qo‘lbola usulda tayyorlangan 77,1 tonna 5 litr hajmdagi yelim idishlarga qadoqlangan iste’molga yaroqsiz yog‘, 19 460 dona xo‘jalik sovuni, 10 tonna paxta chigiti, 3 tonna kunjara, 32 rulon yorliqlar, 8 dona moy-juvoz uskunasi va boshqa ishlab chiqarishda foydalanilgan jami 1,3 mlrd so‘mlik tovarlar moddiy boyliklari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) va 186-2-moddasi (chigitdan olinadigan mahsulotni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid