Jahon | 13:52 / 10.03.2024
40529
16 daqiqa o‘qiladi

SSSR eng yaqin ittifoqchisi Xitoy bilan nega jang qilgan edi? Uzoq Sharqdagi orol uchun bo‘lgan qurolli mojaro tarixi

1969 yilda Uzoq Sharqdan oqib o‘tuvchi Ussuri daryosidagi bir orol uchun yaqin ittifoqchilar SSSR va Xitoy o‘rtasida qurolli mojaro bo‘lib o‘tadi. Unda sovet armiyasi g‘alaba qozonadi va orolni to‘liq egallab oladi. Biroq Xitoy o‘z da’vosidan voz kechmaydi va 2010-yillar boshida Rossiya o‘sha orolni baribir xitoyliklarga berib yubordi.

Agar SSSR tarixiga nazar tashlansa, bu davlat tashkil topganidan boshlab qariyb parchalanib ketgancha doim qo‘shni davlatlarga hududiy da’volar qilgan. Turli yillarda qo‘shnilar yerining bir qismini bosib olgan.

1939 yil avgustda Moskvada Molotov Ribbentrop pakti imzolangandan so‘ng ko‘p o‘tmay Germaniya va SSSR Sharqiy Yevropadagi qator davlatlarni bosib olib, ularning hududini o‘zaro taqsimlab olishadi.

Shu tariqa 1939-1940 yillarda SSSR avvaliga Polshaning, so‘ng Finlandiya, Chexoslovakiya, Vengriya va Ruminiyaning bir qism hududini bosib olib, o‘z tarkibiga qo‘shadi.

Ikkinchi jahon urushi tugagandan so‘ng Germaniya o‘zi bosib olgan barcha hududlarni, shuningdek, o‘ziga tegishli bo‘lgan Sharqiy Prussiya yerlarini yo‘qotadi.

Biroq sovetlar urushning asosiy g‘olibi sifatida Sharqiy Yevropa davlatlaridan bosib olgan hududlarini qaytarib berishmaydi. Aksincha, yana bir nechta davlatning hududlarini egallab olishadi, boshqasiga davlatlarga hududiy da’volar bilan chiqishadi.

1939-1945 yillar oralig‘ida SSSR Sharqiy Yevropada bosib olgan hududlari

Masalan, Yaponiya taslim bo‘lganidan so‘ng unga tegishli Kuril orollarini bosib olishadi. Xitoyga va koreyslarga tegishli hududlarni egallashadi.

Uzoq Sharqda o‘z maqsadiga erishgan sovetlar endi Kavkazda 1940-yillar oxiri, 1950-yillar boshlarida Turkiyadan yer da’vo qilishga o‘tishadi. Natijada Turkiya NATOga a’zo bo‘ladi va shu tariqa sovetlarning da’volaridan qutuladi.

Bu orada 1960-yillarda Xitoy biroz oyoqqa turib olgandan so‘ng o‘z hududlarini talab qila boshlaydi. Biroq o‘sha paytlarda SSSR Xitoydan bir necha barobar qudratli, harbiy salohiyati ustun edi.

Shu sababli har ikki davlat o‘rtasida qisqa vaqtda bo‘lib o‘tgan bir nechta qurolli to‘qnashuvda sovetlar g‘alaba qozonadi. Biroq Xitoy yer da’vosidan kechib ketmaydi va o‘sha yerlarning bir qismini 21-asrda qaytarib olishga muvaffaq bo‘ldi.

Xitoyning ma’muriy xaritasi

SSSR va Xitoy orasidagi munosabatlarning sovishi

Agar Xitoy tarixiga qaralsa, kommunistlar Chin o‘lkasida hokimiyatni sovetlar yordamida qo‘lga kiritganini ko‘rish mumkin.

Ikkinchi jahon urushi oxirroqlarida Yaponiya armiyasi Xitoydan quvib chiqarilgach mamlakatning xorijga chiqib ketgan rahbari Chan Kayshi qaytib keladi.

Ikkinchi tomondan Xitoyda kommunistik tuzum o‘rnatmoqchi bo‘lgan kuchlar Mao Tszedun boshchiligida harakat boshlashadi. Oxir-oqibat bir necha yil davom etgan fuqarolar urushidan so‘ng SSSR qo‘llagan Mao Tszedun Xitoyda hokimiyatni qo‘lga oladi. Chan Kayshi boshchiligidagi Xitoy respublikasi hukumati va tarafdorlari Tayvan oroliga qochib o‘tadi.

O‘sha paytlarda Xitoy rahbari Mao Tszedun va SSSR rahbari Iosif Stalin do‘stona munosabatda edi. Shu sababli urushdan so‘ng SSSR Xitoyning rivojlanishi uchun bu mamlakatga turli mutaxassislarni yuboradi. Iqtisodiy va moliyaviy yordam beriladi.

Biroq 1953 yil 5 martda Stalin vafot etgach vaziyat o‘zgaradi. “Dohiy”dan so‘ng SSSRni boshqargan Nikita Xrushchyov NKVD rahbari Beriyani aytmaganda Stalinga sodiq bo‘lgan shaxslar bilan biroz ehtiyotkor munosabatda bo‘ladi.

Bundan tashqari garchi Stalin davrida qatag‘on qilinganlarni oqlash ishlari jadallik bilan olib borilsa-da “dohiy”ning sha’niga yomon so‘z gapirmaydi.

Biroq 1956 yilda Nikita Xrushchev partiyaning XX s’yezdida “Shaxsga sig‘inish va uning oqibatlari” haqidagi ma’ruzasida Stalin davrida qilingan ishlarni keskin qoralaydi. “Xalqlar dohiysi” deb ta’riflanadigan Stalinning o‘zini “qonxo‘r va zolim edi” deb ataydi.

Mao Tszedun va Stalin

Garchi Xrushchevning ma’ruzasi hech qayerda e’lon qilinmagan bo‘lsa ham uning matni nafaqat SSSR, butun dunyoga tarqaladi. Shundan so‘ng sotsialistik lagerga kiruvchi ayrim davlatlar rahbarlari SSSRdan uzoqlasha boshlashadi.

Stalin qoralanganidan xafa bo‘lganlardan biri Albaniya rahbari Anvar Xo‘ja bo‘lsa, yana biri Xitoy rahbari Mao Tszedun edi. Shundan so‘ng SSSR va Xitoy munosabatlari soviy boshlaydi.

Oqibatda har ikki davlat o‘rtasidagi hududiy mojarolar yana qo‘zg‘aydi va bir necha marta qurolli to‘qnashuvlar, janglar bo‘lib o‘tadi. 1969 yilda Ussuri daryosidagi Daman oroli uchun bo‘lib o‘tgan qurolli mojaro ana shulardan biri edi.

Daman oroli uchun da’volar

Daman oroli Ussuri daryosining o‘rtasida joylashgan bo‘lib, Xitoy va Rossiya o‘rtasida orol uchun bahslar 19-asrda boshlangan. Ruslar Uzoq Sharqni o‘z nazoratiga olar ekan, Xitoy bilan chegara masalasi ancha bahsli edi.

Orolga ruslar muhandis Stanislav Damanskiy nomini bergan. Xitoy tomoni esa uni Chjenbao – Qimmatbaho deb atardi.

Birinchi jahon urushidan so‘ng, 1919 yilda Parijda tinchlik konferensiyasi o‘tkaziladi va shunda juda ko‘p davlatlar o‘zaro chegarani daryolar bo‘ylab o‘tkazishga rozi bo‘lishadi.

Shundan so‘ng Xitoy va Rossiya (keyinchalik SSSR) o‘rtasidagi chegara ham shimolda Amur, sharqda Ussuri daryolari bo‘ylab o‘tkaziladi. Biroq o‘sha paytda bu daryolar o‘rtasida qolib ketgan bir qancha orollar bahsli bo‘lib qoladi.

1930-yillarda Xitoyni Yaponiya egallaydi va bahsli orollar masalasi ahamiyatini yo‘qotadi. Ikkinchi jahon urushi tugagandan so‘ng Mao Tszedun boshchiligidagi kommunistlar sovetlar yordami bilan Jan Kayshi boshchiligidagi Xitoy respublikasi yiqitishadi. So‘ng uning o‘rniga Xitoy xalq respublikasi tuziladi.

Ussuri daryosida joylashgan Daman oroli

O‘sha paytlarda Mao Tszedun Stalin bilan do‘stona aloqada bo‘lgan va shu sababli ham Amur va Ussuri daryolaridagi orollar masalasi ko‘tarilmagan. Ya’ni o‘sha orollarga Xitoy da’vogarligini saqlab turadi, biroq kun tartibiga chiqarmaydi.

Stalin vafotidan so‘ng uch yil o‘tib, 1956 yilda Nikita Xrushchyov uni yomonlab chiqadi. Bu Mao Tszedunga yoqmaydi va Xitoy hamda SSSR o‘rtasidagi aloqalar sovuqlasha boshlaydi.

Ana shu paytda Xitoy Amur va Ussuri daryolaridagi bahsli orollar bo‘yicha yana eski da’volarni qo‘zg‘ay boshlaydi. Bu orollar orasida eng ahamiyatlisi Ussuri daryosi o‘rtasida joylashgan Daman oroli edi.

1964 yilda Xrushchyov taxtdan ag‘dariladi va uning o‘rniga Brejnev SSSR rahbari bo‘ladi. Biroq Xitoy bilan munosabatlar iliqlashmaydi va eski holicha qoladi. Xitoy esa Daman oroli bo‘yicha tobora qat’iyroq talablarni qo‘ya boshlaydi.

Qurolli mojaroning boshlanishi

1969 yil 1 mart kuni tunda 300 nafar xitoylik harbiylar muzlagan Ussuri daryosi ustidan o‘tib, Daman oroli hududiga kirishadi. Ular sovet chegarachilari sezib qolmasligi uchun qorda oppoq kiyinishgan, qurollar va boshqa barcha narsalarini ovoz chiqarmasligi uchun maxsus matolar bilan o‘rab olishgandi.

Xitoyliklar orolda mudofaa nuqtasi tashkil etadi. So‘ng 30 nafar askarni razvedka ma’lumotlari olish uchun orolning yanada ichkarirog‘iga yo‘llashadi. Ularni sezib qolgan sovet chegarachilari bu haqda o‘z boshliqlariga ma’lumot beradi.

Shundan so‘ng xitoyliklarni quvib chiqarish uchun kam sonli sovet harbiylari yo‘llanadi. Ular borib xitoyliklarga darhol sovet hududini bo‘shatib chiqishni talab qilishadi.

Daman orolini egallash uchun borgan xitoylik harbiylar

Bunga javoban xitoyliklar o‘t ochishadi va o‘nga yaqin sovet harbiylari halok bo‘ladi. Bu orada jangga xitoy harbiylarining qolgan qismi ham qo‘shiladi. Sovetlarga esa qo‘shimcha kuch jo‘natiladi. Shu tariqa qaqshatqich janglar boshlanib ketadi.

Urush ikki kun davom etadi va unda 2 500 xitoy harbiysi, 500 ga yaqin sovet harbiylari ishtirok etadi. Xitoylik harbiylarda zirhli texnikalar yo‘q edi. Sovetlar esa parom bilan tanklar va BTRlarni orolga olib o‘tib, ular yordamida xitoyliklar pozitsiyalariga zarba berishadi.

Shundan so‘ng xitoyliklar juda katta yo‘qotishlarga uchrab ortga chekinishadi. O‘shanda xitoyliklardan mingga yaqin harbiy halok bo‘ladi. Sovetlar 100 ga yaqin harbiylaridan ayrilishadi.

Xitoy harbiylari chekingandan so‘ng 3 mart kuni Pekindagi sovet elchixonasi oldida xitoyliklarning yirik namoyishi bo‘lib o‘tadi. O‘sha paytda Xitoy kompartiyasi tasarrufidagi gazetalarda SSSR qoralangan maqolalar chop etiladi.

Sovetlar Damandan xitoyliklarni quvib chiqarish uchun zirhli texnikalar va "Katyusha"lardan foydalanishadi.

“Yo‘qolsin yangi shoh” nomi ostida chop etilgan maqolada sovet qo‘shinlari Usulitszyan (ular Ussurini shunday atashadi) daryosidagi Xitoyga tegishli bo‘lgan Chjenbaodao (Damanning xitoycha nomi) oroliga hujum qilib, ko‘plab Xitoy harbiylarini o‘ldirishgani yozilgandi.

4 mart kuni “Pravda” gazetasida “Sharmanda bo‘lgan buzg‘unchilar” nomi bilan maqola e’lon qilinadi. Unda Ussuri daryosida joylashgan Daman orolida sovet chegarasini buzib kirgan xitoy harbiylari tor-mor etilgani haqida xabar berilgandi.

Sovetlar 8 mart kuni Xitoyning Moskvadagi elchixonasi oldida namoyish uyushtirishadi. Unda qatnashganlar “Sharmanda Mao”, “Yo‘qolsin shovinist Xitoy rahbarlari” kabi plakatlarni ko‘tarib olishgandi.

SSSRdagi Xitoyga qarshi namoyishlardan biri

Birinchi to‘qnashuv sodir bo‘lganidan ikki hafta o‘tib, xitoyliklar yana orolga hujum boshlaydi. Ikki kun davom etgan qaqshatqich janglardan so‘ng Xitoy harbiylari juda katta yo‘qotishlar bilan yana ortga chekinadi. Keyin boshqa hujum qilishga botina olishmaydi.

O‘shanda quruqlikda zirhli texnikalar bilan jang qilayotgan sovet harbiylarini havodan harbiy aviatsiya ham qo‘llab turadi. Harbiy samolyotlar xitoyliklar pozitsiyalariga raketa zarbalari ham beradi.

Hozir Rossiya tarixida o‘shanda Daman oroliga xitoy harbiylari bostirib kirgani aytilsa, Xitoyda o‘qitilayotgan tarixda aksincha, Xitoyga tegishli orolga sovet harbiylari bostirib kelgani aytiladi.

Yo‘qotishlar, muzokaralar va kelishuv

Ikki hafta davom etgan janglarda Xitoy tomoni 1000 ga yaqin harbiylar ayrilgan. Yana ko‘plab jangchilar yaralangan. Sovetlar esa qariyb 100 harbiyni yo‘qotgan va yana shunchasi yarador bo‘lgan.

Biroq har ikki tomon ham o‘sha paytda o‘zining yo‘qotishlarini kamaytirib ko‘rsatgan. Keyinchalik hodisa guvohlari har ikki tomondan yo‘qotishlar va yarador bo‘lganlar hisobotlarda ko‘rsatilganidan bir necha barobar ko‘p bo‘lganini aytishgan.

Sovetlar 1969 yil yozda Damanni zirhli texnikalar bilan himoya qilishga majbur bo‘lishadi

Mart oyida asosiy janglar bo‘lib o‘tgandan so‘ng yoz davomida ikki tomon sovetlar oroldan turib, xitoyliklar daryoning bu sohilidan bir biriga qarshi o‘t ochib turadi.

Bu paytda SSSRda Daman uchun jangda qatnashgan harbiylarning bir guruhiga tantanali ravishda davlatning yuksak orden va medallari topshiriladi.

1969 yil 10 sentabr kuni Xitoy tomoni o‘z harbiylariga o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha buyruq beradi. Bunga sabab bor edi. Gap shundaki, o‘sha kunlarda Vetnamda Xo Shi Min vafot etadi va SSSR ministrlar soveti raisi Aleksey Kosigin uning dafn marosimiga borgandi.

Kosigin orqaga qaytishda Pekinda to‘xtab, Xitoy rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazishi kerak edi. Shu sababli Xitoy tomoni o‘t ochishni to‘xtatib turishga qaror qiladi.

Kosigin Pekinda Xitoy ministrlar sovetining raisi Chjou Enlay bilan uchrashadi. Shu yerda ikki tomon o‘t ochishni ham, o‘zaro dushmanlikni ham to‘xtatish bo‘yicha bitim imzolashadi.

Kosigin Pekinda, 1969 yil

Shundan so‘ng xitoyliklar Daman oroliga yana qaytishadi va de-fakto orolning bir qismini nazorat qila boshlashadi.

Keyinchalik, o‘shanda Kosigin Pekinga borishidan avval Moskvada “haddidan oshgan” Xitoyga yadroviy hujum qilish masalasi ham muhokama qilingani oydinlashadi. Oxirida sovetlar bu rejadan voz kechishgan va Xitoy bilan muzokara o‘tkazishga kelishishgan.

Qurolli mojaro to‘xtatilgandan so‘ng Moskva va Pekin o‘rtasida Daman va Amur daryosida joylashgan boshqa orollar masalasida bir necha marta muzokaralar o‘tkaziladi.

Oxir-oqibat 1991 yilda SSSR tarqab ketishidan biroz avval, 1991 yilda Moskvada Daman orolini Xitoyga berish to‘g‘risidagi kelishuv imzolanadi.

Biroq ittifoq parchalanib ketgandan so‘ng Rossiya tomoni SSSR rahbarlari imzolagan kelishuvni tan olmaydi va Daman yana bahsli hududga aylanadi. Keyinchalik orol baribir Xitoyga beriladi.

Xitoyga berib yuborilgan orollar

SSSR parchalanib ketgandan so‘ng Xitoy Rossiyadan nafaqat Daman orolini, balki Uzoq Sharqda joylashgan yana bir qancha orollari oldi. Ularning barchasi Putin boshqaruvi davrida berildi.

Jumladan, 2004 yil Putin Xitoyga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida Xabarovsk o‘lkasida joylashgan Katta Ussuriysk oroli yarmini va Tarabarov orolini Xitoyga berish haqidagi hujjatlarni ham imzolaydi.

2008 yilda Katta Ussuriysk oroli yarmi va Tarabarov oroli uzil-kesil Xitoy boshqaruviga topshiriladi. O‘sha paytda kelishuvda Katta Ussuriysk orolida vizasiz rejim o‘rnatilishi, bu yerda yashovchi rossiyaliklar va xitoyliklar orol bo‘ylab erkin harakatlanishi haqidagi band bor edi.

Biroq Rossiya OAVlari 2023 yildan boshlab Xitoy tomoni orolning yarmida yashovchi rossiyaliklarni o‘z tomoniga vizasiz o‘tkazishni to‘xtatgani haqida yozib chiqishdi.

So‘nggi yillarda Xitoyda chop etilayotgan yangi xaritalarda Katta Ussuriysk oroli to‘liq Xitoy hududi sifatida ko‘rsatilmoqda. Bu kelajakda Xitoy orolning Rossiyaliklar egaligida qolgan qismiga ham da’vo qilishini anglatadi.

Rossiya SSSR parchalanib ketgandan so‘ng Amur daryosidagi Tarabarov oroli va Katta Ussuriysk orolining yarmini Xitoyga berib yubordi

2014 yilda Xitoy tomoni Rossiyani Damanni ham o‘ziga berishga ko‘ndiradi. Shundan so‘ng orol uzil-kesil Xitoy boshqaruviga topshiriladi.

Daman Xitoyga topshirilgan paytda orolda bir qancha rossiyaliklarning uylari bor edi va u yerda ancha odam yashardi. 2014 yilda orol Xitoyga o‘tgach rossiyaliklar Damandan ko‘chirib ketiladi.

Rossiya OAVlarida yozilishicha, Putin boshqaruvi davrida umumiy hisobda Rossiya Uzoq Sharqda, Amur va Ussuri daryolarida joylashgan turli kattalikdagi 600 dan oshiq orollarni Xitoyga topshirgan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid