Jahon | 15:25 / 10.03.2024
20612
10 daqiqa o‘qiladi

Xarkiv oblastini minalardan tozalayotgan sapyorlar va Donbassda to‘xtamayotgan janglar. Urush suratlari

Ukrainadagi urushning 745-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • BBC va «Mediazona» keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyonn Ukrainada halok bo‘lgan 46 ming rossiyalik harbiy o‘limini ochiq manbalar orqali tasdiqladi.
  • Fransiya mudofaa vaziri Sebastyan Lekornyu fransuz harbiylari harbiy harakatlarda ishtirok etish uchun emas, balki minalardan tozalash yoki ukrain askarlarini o‘qitish maqsadida Ukrainaga yuborilishi mumkinligini ma’lum qildi.
  • Fransuz kompaniyalari Ukraina hududida harbiy texnikalar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni boshlaydi.
  • Belgorod oblastining Rojdestvenka qishlog‘ida ukrainlarning kamikadze dronlari hujumi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi.
  • Xarkiv oblasti Kupyansk shahri o‘qqa tutilishi oqibatida tinch aholi vakillaridan ikki kishi halok bo‘ldi; Chuhuyiv o‘qqa tutilishi oqibatida uch yoshli bola jarohatlandi.
  • Vladimir Zelenskiy Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashdi. Turkiya o‘z hududida urushni yakunlash bo‘yicha Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi sammitni qabul qilishga tayyorligini ma’lum qildi.
  • Jo Bayden Kongressga har yilgi murojaatida Ukrainaga harbiy yordamni ma’qullashga chaqirdi.
  • Chexiya bosh vaziri Petr Fiala Ukrainaga 300 mingta o‘q-dori yetkazib berish uchun yetarli mablag‘ to‘plashga muvaffaq bo‘lingani haqida xabar berdi.
  • Bloomberg Ukrainani tiklash 1 trillion dollarga tushishi, taxminiy reja allaqachon mavjudligi haqida xabar berdi.

Baxmut yaqinidagi ukrain askarlari chexlar gaubitsalari bilan

Ukraina qurolli kuchlari jangchilari chexlarning 152-mm kalibrli, «Dana» nomli o‘ziyurar gaubitsasini Rossiya pozitsiyalariga hujum qilish uchun tayyorlamoqda.
Roman Chop / AP / Scanpix / LETA
Baxmut (amalda keng ko‘lamli urush boshidan buyon shturm qilingan va butkul vayron bo‘lgan) bir yilcha oldin rus qo‘shini tomonidan egallangandi. Shunga qaramay, shahar atrofida janglar hamon davom etmoqda.
Roman Chop / Global Images Ukraine / Getty Images
Ukraina «Dana» gaubitsalarini sotib olishni 2018 yildayoq rejalashtirgandi, ammo yakunda ular mamlakatda faqat 2022 yil aprelida, Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin olib kelindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, jami 26 dona texnika kelgan (muzokaralarda esa 66 ta haqida gap borgandi). Xabar qilishlaricha, bunday gaubitsalar janglarda qo‘llanayotgani haqida ilk bor 2023 yil oxirida ma’lum bo‘lgan.
«Dana»ning takomillashtirilgan varianti orqali 25,5 kilometr masofadagi nishonga zarba berish mumkin.
Roman Chop / AP / Scanpix / LETA

Xarkiv oblastida minadan tozalash ishlari

Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati xodimi Xarkiv oblastidagi minalardan tozalash mashinasi oldida. BMT vakillari baholariga ko‘ra, urushning ikki yilga yaqin davrida Ukraina hududining uchdan bir qismi minalashtirilgan. Globsec tahliliy markazi 2023 yil aprelida e’lon qilgan ma’lumotga ko‘ra, 174 ming kvadrat kilometr maydonni mina va boshqa portlovchi moddalar bor-yo‘qligi bo‘yicha tekshirib chiqish zarur. Bu vaqtda esa urush davom etmoqda va bunday maydonlar kengayishi mumkin.
Polina Kulish / Gwara Media / Global Images Ukraine / Getty Images
Hozirda Ukrainaning bosib olingan qismidagi (mamlakatning 18 foiz hududi) muammolar ko‘lamini baholash imkonsiz — katta ehtimol bilan, u yerlarda vaziyat Xarkiv va Xerson oblastlarining ozod etilgan qismlaridagidan murakkabroq. Agar minalardan tozalash ishlari hozirgi sur’atlarda davom ettirilsa, bu jarayon 757 yil vaqt olishi mumkin, deb hisoblaydi Globsec markazi. Ukraina hukumati esa nisbatan optimistik fikrda va bu ishni 40 yil ichida uddalash mumkin deb hisoblaydi.
Polina Kulish / Gwara Media / Global Images Ukraine / Getty Images
Human Righths Watch huquq tashkiloti Rossiya inson uchun xavfli piyodalarga qarshi minalardan foydalanishini xabar qilgan. Huquq himoyachilariga ko‘ra, Moskva bu urushda shunday qurolning birdaniga 13 turini qo‘llagan. 
Polina Kulish / Gwara Media / Global Images Ukraine / Getty Images
Keng ko‘lamli urush boshlanganiga bir yil to‘lganida Jahon banki Ukraina hududini portlovchi moddalardan tozalash uchun 37,6 milliard dollar ketishini ma’lum ​​​qilgandi. Mamlakatga xalqaro nohukumat tashkilotlar — The HALO Trust, DDG va FSD, shuningdek polshalik politsiyachilar yordam ko‘rsatmoqda. Yevroittifoq minalardan tozalash uchun 25 million yevro ajratishni va’da qilgan, g‘arb mamlakatlari esa buning uchun maxsus texnikalarni yetkazib bermoqda. Lekin o‘tgan yil o‘rtalariga kelib Ukrainaga va’da qilingan bunday texnikalardan faqat 15 foizi kelgandi.
Polina Kulish / Gwara Media / Global Images Ukraine / Getty Images
Ukraina hukumati ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil davomida xavfli deb hisoblangan hududlarni 174 mingdan 156 ming kvadrat kilometrga qisqartirishga muvaffaq bo‘lingan. Keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon sapyorlar va texnikalar 470 mingdan ortiq portlash xavfiga ega bo‘lgan predmetlarni zararsizlantirgan.
Polina Kulish / Gwara Media / Global Images Ukraine / Getty Images

Rossiyaning «Uragan» tizimi Avdiyivka yaqinida

 Rossiya armiyasining «Markaz» qo‘shinlar guruhi artilleriya brigadasi tarkibidagi «Uragan» baravar o‘t ochish reaktiv tizimi  Donetsk oblasti Avdiyivka shahri yaqinidagi o‘t ochish pozitsiyasi tomon harakatlanmoqda. RF mudofaa vazirligi fevral oyi o‘rtalarida ushbu shahar egallanganini e’lon qilgandi.
Stanislav Krasilnikov / Sputnik / imago images / Scanpix / LETA

Baxmut yaqinida ukrain havo hujumidan mudofaa kuchlari

Ukraina qurolli kuchlari 93-mexanizatsiyalashgan brigadasi havo hujumidan mudofaa bo‘linmasi harbiy xizmatchilari Donetsk oblasti Baxmut shahri atrofidagi oldingi chiziqda zenit to‘pini boshqarmoqda.
Serhii Nuzhnenko / Radio Liberty / Radio Free Europe / Reuters / Scanpix / LETA
Ukrainalik jangchi osmondagi dron va raketalarni kuzatmoqda
Serhii Nuzhnenko / Radio Liberty / Radio Free Europe / Reuters / Scanpix / LETA
AK-74 avtomatidan o‘t ochayotgan ukrain askari
Serhii Nuzhnenko / Radio Liberty / Radio Free Europe / Reuters / Scanpix / LETA
Ukrain askarlari zenit to‘pini jangga tayyorlamoqda
Serhii Nuzhnenko / Radio Liberty / Radio Free Europe / Reuters / Scanpix / LETA
Baxmut yaqinida zenit to‘pidan o‘t ochilishi
Serhii Nuzhnenko / Radio Liberty / Radio Free Europe / Reuters / Scanpix / LETA

Ukraina qurolli kuchlarining Baxmut yaqinidagi mudofaa chizig‘ida istehkomlar qurilishi 

Ukraina QK 28-alohida mexanizatsiyalashgan brigadasi jangchilari o‘z pozitsiyalarini mustahkamlash uchun yog‘och tayyorlamoqda
Inna Varenytsia / Reuters / Scanpix / LETA
Inna Varenytsia / Reuters / Scanpix / LETA
Okop ustiga xoda yotqizayotgan ukrain askarlari
Inna Varenytsia / Reuters / Scanpix / LETA
32 yoshli ukrain askari, jangda oyog‘ini yo‘qotgan va protez qo‘ydirib frontga qaytgan Artyom quroldoshlari bilan Ukraina qurolli kuchlarining Baxmut yaqinidagi pozitsiyasida tushlik qilmoqda.
Inna Varenytsia / Reuters / Scanpix / LETA

Sochidagi Jahon yoshlar festivali ishtirokchilariga NATOning «mutlaqo ikkiyuzlamachiligi» haqida so‘zlashmoqda

«NATO: aldov tarixi. Yovuzlik tarixi» nomli ko‘rgazma Sochidagi Butun jahon yoshlar va talabalar festivali doirasida o‘tkazilmoqda. Rossiya hukumati ma’lum qilishicha, unda 190 mamlakatdan 20 mingdan ortiq kishi, jumladan, go‘yoki, «Ukraina fuqarolari delegatsiyasi» ham ishtirok etmoqda. «Tushunarli sabablarga ko‘ra ularni rasmiy delegatsiya deb atamaymiz, ularni ko‘rsata olmaymiz, u holda yigitlarga jinoiy ish ochilishi mumkin», — degan Putinning administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Sergey Kiriyenko.
Getty Images
Butun jahon yoshlar va talabalar festivali — muntazam forum emas, u 1947 yildan boshlab so‘l qanotga mansub xalqaro yoshlar tashkilotlari tomonidan o‘kazila boshlangan. Ko‘p hollarda bunday forumlar sotsialistik rejimlar tomonidan tashkillashtirilgan. SSSR bunday tadbirlarni ikki bor — 1957 va 1985 yillarda qabul qilgan. Rossiya so‘nggi bor bu forumga 2017 yilda mezbonlik qilgandi. Foto: Getty Images
Donbassdagi harbiy harakatlar dalillarini tashkilotchilar NATO haqidagi ko‘rgazma eksponatlari sifatida qo‘yishgan. Getty Images
Shvetsiya-Britaniya mahsuloti bo‘lmish NLAW rusumli tankka qarshi boshqariluvchi raketadan Ukraina armiyasi foydalanmoqda. Ular Ukrainaga RFning keng ko‘lamli bosqini arafasida yetkazib berila boshlagandi. Foto: Getty Images
Ko‘rgazma tashkilotchisi Rossiya zamonaviy tarix muzeyi (sovetlar davrida u Inqilob muzeyi deb atalgan). «Amalda NATO proyekti — mutlaqo ikkiyuzlamachi tashkilot ekanini ko‘rsatadi, uning tinchliksevar ritorikasi haqiqiy harakatlariga zid keladi», degan muzey bosh direktori Irina Velikanova. Festival tashkilotchilaridan biri esa Rossiya hozirda «adolatli dunyo uchun kurashayotgani»ni aytadi. Ko‘rgazma ochilishi arafasida rossiyalik harbiylarning Odessaga raketa zarbasi oqibatida 12 kishi halok bo‘lgan, ular orasida besh nafar bola ham bor. Foto: Getty Images

Mavzuga oid