Jahon | 10:46 / 11.03.2024
7251
3 daqiqa o‘qiladi

Bayden Netanyahuning G‘azo sektoridagi harakatlarini tanqid qildi

AQSh prezidentiga ko‘ra, Isroilning G‘azo sektorida begunoh odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan harakatlari xatodir. Bayden yana o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi.

Foto: EPA - ELTA

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu o‘z mamlakatini himoya qilish huquqiga ega, ammo Isroil davlatining G‘azo sektoridagi HAMAS tashkilotiga qarshi urushi paytida begunoh insonlar hayotini himoya qilish uchun ko‘proq harakat qilishi kerak. Bunday fikrni AQSh prezidenti Jo Bayden Amerikaning MSNBC telekanaliga bergan intervyusida bildirdi.

«U (Benyamin Netanyahu) Isroilni himoya qilish, XAMASni ta’qib qilishda davom etish huquqiga ega, ammo u amalga oshirilgan harakatlar natijasida halok bo‘layotgan begunoh odamlar hayotiga ko‘proq e’tibor qaratishi kerak. Menimcha, u Isroilga yordam berishdan ko‘ra ko‘proq zarar yetkazmoqda, butun dunyoni Isroil tarafdori bo‘lgan narsaga qarshi chiqishga majbur qilmoqda. Va men bu katta xato deb hisoblayman», deb ta’kidladi Amerika yetakchisi hamda yana bir bor o‘t ochishni to‘xtatish zarurligini ta’kidladi. 

Baydenning so‘zlariga ko‘ra, u bir qator arab davlat va hukumat rahbarlari bilan muzokaralar olib borgan va «Saudiya Arabistonidan Misr, Iordaniyagacha hamma Isroilni to‘liq tan olishga va mintaqani qayta qurishni boshlashga tayyor». 

1,5 millionga yaqin falastinlik qochqinlar boshpana topgan Rafah shahriga Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) hujum qilishi ehtimoli haqida gapirar ekan, Jo Bayden bu qadam «qizil chiziq» ekanini, biroq u «hech qachon Isroilni tashlab qo‘ymasligi»ni ta’kidladi. «Isroilning mudofaasi hali ham muhim ahamiyatga ega. Demak, barcha qurollar yetkazib berish bo‘yicha hech qanday cheklovlar yo‘q, ularda himoya uchun «Temir gumbaz» saqlanib qolishi kerak», - dedi Bayden. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 30 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid