Surxondaryoda ikki yil oldin qidiruvga berilgan ota uyining yerto‘lasidan topildi
U 3 nafar farzandi uchun aliment to‘lamasdan qochib yurgan. Qarzdor otaga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
MIB Surxondaryo viloyat boshqarmasi qidiruv shu’basi inspektorlari hamda byuroning Angor tuman bo‘limi tomonidan olib borilgan tadbir davomida farzandlarining moddiy ta’minotidan bo‘yin tovlab, ikki yil oldin qidiruvga berilgan ota o‘z xonadonining yerto‘la qismidan topildi. Bu haqda Kun.uz’ga MIB axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Angor tumanida yashovchi fuqaro F.M. turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgandan so‘ng, 2019 yil yanvar oyidagi sud buyrug‘iga asosan voyaga yetmagan 3 nafar farzandining moddiy ta’minotiga mas’ul etib belgilangan. Biroq qarzdor ota aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan.
Qidiruvda bo‘lgan ota haqida olingan ma’lumotlar asosida MIB Angor tuman bo‘limi davlat ijrochisi Sayyora Tojiyeva qarzdorning yashash manziliga borib, yaqinlariga ijro ishi haqida tushuntirish bergan. Ammo bundan naf bo‘lmagach, xonadondagi qoramolni xatlovga olish jarayonida to‘satdan kutilmagan holat yuz bergan: qoramoldan ayrilishni istamagan xonadon egalari qarzdor uyning yerto‘lasiga yashirinib olganini bildirishgan.
Qarzdor ota ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Angor tuman sudida ko‘rib chiqilib, unga 51 mln so‘mdan ortiq aliment qarzdorligi sabab 15 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Avvalroq Quyi Chirchiq tumanida onasiga aliment to‘lamagan aka-singil 15 sutkaga qamalgandi.
Mavzuga oid
18:14 / 16.12.2024
Surxondaryoning uchta tumanida zamonaviy turistik markazlar tashkil etiladi
16:35 / 26.11.2024
Surxondaryoda erta nikohni targ‘ib qilgan bloger jarimaga tortildi
21:33 / 22.11.2024
Xitoy Surxondaryodagi mis va kumush konlariga 2,7 milliard dollar investitsiya taklif qilmoqda
14:50 / 21.11.2024