Demokratlar yoki respublikachilar – AQShda qaysi partiya vakili eng ko‘p prezident bo‘lgan?
Bundan bir necha kun oldin AQShda respublikachilar vakili Nikki Heyli prezidentlik poygasidan chiqdi. U partiya ichidagi kurashda Donald Trampning yagona raqibi edi. Demokratlardan esa amaldagi prezident Jo Bayden nomzodi ko‘rsatilgan. Agar favqulodda vaziyat yuz bermasa joriy yil kuzda bo‘lib o‘tadigan saylovlarda to‘rt yil avvalgiday Tramp va Bayden raqobatlashadi.
2024 yil kuzda AQShda navbatdagi prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. Bu saylovda asosan ikkita: respublikachilar va demokratlar partiyalari kurash olib boradi.
Prezidentlik uchun faqat demokratlar va respublikachilar kurashgani uchun ko‘pchilik AQShda faqat ikkita siyosiy partiya bor deb o‘ylaydi. Aslida unday emas. Bu davlatda 40 ta atrofida siyosiy partiya bor.
Shunchaki Amerikada demokratlar va respublikachilar juda katta farq bilan gegemonlik qilishadi. Shu sababli omma boshqa partiyalar haqida uncha ma’lumotlarga ega emas.
AQShda demokratlar va respublikachilar partiyalari uzoq yildan buyon qariyb teng raqobat olib bormoqda. Buni statistik ma’lumotlardan ham bilib olsa bo‘ladi.
Jumladan, shu paytgacha AQShda demokratlardan 16 nafar, respublikachilardan 19 nafar shaxs prezident bo‘lgan. Qolganlar boshqa partiyalar a’zolari bo‘lishgan.
Xo‘sh, AQShda qaysi partiya vakillari ko‘proq prezidentlik qilgan? Ularni birma-bir sanab chiqamiz.
Demokratik partiya
Demokratik partiya AQShda ilk tuzilgan partiyalardan biri hisoblanadi. Bu partiya a’zolaridan 16 kishi AQShni boshqargan. Bugun AQSh aholisining qariyb yarmi shu partiyani qo‘llaydi.
Quyidagi prezidentlar demokratlar vakillari bo‘lishgan:
1. Endryu Jyekson. AQShning 7-prezidenti (1767-1845)
Endryu Jyekson demokratik partiya asoschilaridan biri hisoblanadi. U demokratlar orasidan birinchi bo‘lib mamlakat rahbari bo‘lgan. U 1829-1837 yillarda ikki muddat AQShni boshqargan.
2. Martin Van Byuren. AQShning 8-prezidenti (1782-1862)
Martin Van Byuren ham demokratlar partiyasi asoschilaridan biri hisoblandi. U 1837-1841 yillar oralig‘ida bir muddat AQShni boshqargan. Ikkinchi muddat uchun o‘tkazilgan saylovlarda Viglar partiyasi vakili Uilyam Henri Harrisonga yutqazgan.
3. Jyeyms Noks Polk. AQShning 11-prezidenti (1795-1849)
Jyeyms Noks Polk 1845-1849 yillar oralig‘ida AQShni boshqargan. Ikkinchi muddat uchun o‘z nomzodini qo‘ymagan.
4. Franklin Pirs. AQShning 14-prezidenti (1804-1869)
Franklin Pirs 1853-1857 yillarda prezident bo‘lgan. Ikkinchi muddat uchun demokratlar Pirsga ishonchsizlik bildirishadi va shu tariqa u o‘z nomzodini qo‘ya olmaydi. Pirs AQShning 43-prezidenti Jorj Bushga ona tomondan uzoq qarindosh hisoblanadi.
5. Jyeyms Byukenen. AQShning 15-prezidenti (1791-1868)
Jyeyms Byukenen 1857-1861 yillarda prezident bo‘lgan. Ikkinchi muddatga o‘z nomzodini qo‘ymagan. 1832-1833 yillarda Byukenen AQShning Rossiyadagi elchisi lavozimida ishlagan.
Uning prezidentlik davrida AQShdagi janubiy shtatlar Qo‘shma shtatlar tarkibidan chiqib, Amerika Konfederativ shtatlari nomli davlat tuzilganini e’lon qilishadi. Ko‘p o‘tmay janub va shimol o‘rtasida fuqarolik urushi boshlanadi.
Keyinchalik fuqarolar urushi tugagandan so‘ng Byukenenni AQShni tarqatib yuborishga uringanlikda ayblashadi. U sudda o‘zini himoya qiladi va jazodan qutulib qoladi.
6. Endryu Jonson. AQShning 17-prezidenti (1808-1875)
Endryu Jonson 1865-1869 yillarda AQShni boshqargan. U respublikachilar vakili bo‘lgan Avraam Linkolnga vitse prezident etib tayinlanganda demokratlar safida bo‘lmagan. Linkoln o‘ldirilgach, Endryu Jonson demokratlar partiyasi safiga qo‘shilib, prezident bo‘ladi.
Garchi Amerika aynan Endryu Jonson davrida Rossiyadan Alyaskani suvtekinga olgan bo‘lsa ham faoliyatining oxirida uning reytingi tushib ketadi. Bundan tashqari unga impichment xavf soladi. Oxir-oqibat u ikkinchi muddat uchun o‘z nomzodini qo‘ymaydi.
AQSh prezidentlari orasida Endryu Jonson yangi prezidentning inauguratsiya marosimiga bormagan birinchi prezident hisoblanadi. 2021 yilda Tramp shu ishni takrorladi va Baydenning inauguratsiya marosimiga bormadi.
7. Stiven Grover Klivlend. AQShning 22 va 24-prezidenti (1837-1908)
Grover Klivlend AQShni 2 marta boshqaradi. Birinchi muddat 1885-1889 yillarda, ikkinchi muddat 1893-1897 yillarda AQSh prezidenti bo‘ladi. Shu tariqa u AQShga oralatib ikki muddat prezident bo‘lgan shaxsga aylanadi. Agar joriy yil saylovlarda Tramp g‘olib bo‘lsa bu ko‘rsatkichda ikkinchi bo‘ladi.
8. Tomas Vudro Vilson. AQShning 28-prezidenti (1856-1924)
Vudro Vilson 1913-1921 yillarda ikki muddat prezidentlik qilgan. Vilson rasmiy tashrif bilan Yevropaga kelgan ilk prezident hisoblanadi. Aynan u Birinchi jahon urushidan so‘ng Millatlar ligasi tashkilotini tuzish tashabbuskorlaridan biri bo‘ladi. Biroq AQSh Senati bu tashkilotga a’zo bo‘lishga qarshi ovoz beradi.
9. Franklin Delano Ruzvelt. AQShning 32-prezidenti (1882-1945)
Franklin Delano Ruzvelt AQSh tarixida 2 muddatdan ko‘p prezidentlik qilgan yagona inson hisoblanadi. U jami 4 marta prezidentlik uchun kurashib, barchasida g‘alaba qozongan. U 1933-1945 yillarda AQShni boshqargan va prezident bo‘lib turgan holida vafot etgan.
10. Harri Trumen. AQShning 33-prezidenti (1884-1972)
Franklin Ruzvelt davrida vitse-prezident bo‘lgan Harri Trumen uning vafotidan so‘ng saylovlarsiz prezident bo‘ladi. U 1948 yil o‘tkazilgan saylovda ham g‘alaba qozonib, AQShni boshqarishda davom etadi.
Qizig‘i shundaki, 1948 yilda o‘tkazilgan saylovda Trumenga asosiy raqib sifatida yutqazgan respublikachi Tomas Dyui 1944 yilda o‘tkazilgan saylovda Franklin Ruzveltga ham asosiy raqib bo‘lib yutqazgan edi.
11. Jon Kennedi. AQShning 35-prezidenti (1917-1963)
Jon Kennedi 1961-1963 yillar oralig‘ida AQShni boshqargan. Prezidentlik muddati tugamasdan unga suiqasd qilib, o‘ldirishadi.
12. Lindon Jonson. AQShning 36-prezidenti (1908-1973)
Lindon Jonson 1963-1969 yillarda prezident bo‘lgan. U avvaliga 1963 yil vitse prezident sifatida Kennedining o‘limidan so‘ng prezident bo‘ladi. So‘ng 1964 yil o‘tkazilgan saylovlarda g‘alaba qozonadi.
13. Jimmi Karter. AQShning 39-prezidenti (1924 yilda tug‘ilgan)
Jimmi Karter 1977-1981 yillar oralig‘ida bir muddat AQShni boshqaradi. Ikkinchi muddat uchun o‘tkazilgan saylovlarda respublikachilar vakili Ronald Reyganga yutqazadi.
14. Bill Klinton. AQShning 42-prezidenti (1946 yil tug‘ilgan)
Bill Klinton 1993-2001 yillar oralig‘ida 2 muddat AQShni boshqargan. Ikkinchi muddat tugash arafasida Klintonga Oq uyda prezident kotibasi bo‘lib ishlagan Monika Levinski bilan sodir bo‘lgan ishqiy munosabatlar uchun impichment xavf soladi. Ammo ish impichmentgacha yetib bormaydi va Klinton muddatini oxiriga yetkazib qo‘yadi.
15. Barak Obama. AQShning 44-prezidenti (1961 yilda tug‘ilgan)
Barak Obama 2009-2017 yillar oralig‘ida AQShni ikki muddat boshqaradi. U qoratanlilar orasidan saylangan ilk prezident hisoblanadi.
16. Jo Bayden. AQShning amaldagi 46-prezidenti
2020 yil kuzda o‘tkazilgan saylovlarda Bayden respublikachilar vakili Donald Trampni yenggandi. Oradan to‘rt yil o‘tib u yana Baydenga raqiblik qilmoqda.
Respublikachilar partiyasi
AQShda respublikachilar partiyasi XIX asrning ikkinchi yarmida, Viglar partiyasi va erkin yer tarqatish tarafdorlari tomonidan tuzilgan. Partiya vakillaridan 19 kishi AQShni boshqargan. Bu partiya tuzilganidan so‘ng AQSh prezidentligi uchun o‘tkaziladigan saylovlarda asosan demokratlar va respublikachilar partiyasi kurashib kelmoqda.
1. Avraam Linkoln. AQShning 16-prezidenti (1809-1865)
Avraam Linkoln 1861-1865 yillar oralig‘ida AQShni boshqargan. 1864 yilda o‘tkazilgan saylovda Linkoln ikkinchi muddatga prezident etib saylanadi.
1865 yil 9 aprel kuni Amerika Konfederativ Shtatlari (quldorlikni yoqlagan janubiy shtatlar ittifoqi) mag‘lubiyatga uchraydi. Oradan 5 kun o‘tib Linkolnga suiqasd qilinadi va u vafot etadi.
2. Uillis Simpson Grant. AQShning 18-prezidenti (1822-1885)
Uillis Grant 1869-1877 yillar oralig‘ida ikki muddat AQShni boshqaradi.
3. Reterford Byorchard Xeys. AQShning 19-prezidenti (1822-1893)
Reterford Xeys 1877-1881 yillarda bir muddat prezident bo‘ladi. Ikkinchi muddat uchun nomzodini qo‘ymaydi.
4. Jyeyms Abram Garfild. AQShning 20-prezidenti (1831-1881)
Jyeyms Garfild 1881 yilda mamlakatni to‘rt oy boshqarganidan so‘ng suiqasd oqibatida halok bo‘ladi.
5. Chester Alan Artur. AQShning 21-prezidenti (1829-1886)
Chester Artur 1881-1885 yillar oralig‘ida AQShni boshqaradi. U vitse prezident sifatida Jyeyms Garfildning o‘limidan so‘ng mamlakat prezidenti bo‘ladi. 1884 yilda o‘tkazilgan saylovda o‘z nomzodini qo‘ymaydi. O‘sha saylovda demokratlar vakili Grover Klivlend g‘alaba qozonadi.
6. Benjamin Harrison. AQShning 23-prezidenti (1833-1901)
Benjamin Harrison 1889-1893 yillarda AQShni boshqaradi. 1988 yilda o‘tkazilgan saylovda u Grover Klivlendni ortda qoldirib AQSh prezidenti bo‘ladi.
1892 yilda ikkinchi muddat uchun o‘tkazilgan saylovda Harrison uchinchi marta o‘z nomzodini qo‘ygan Grover Klivlendga yutqazadi.
7. Uilyam Mak-Kinli. AQShning 25-prezidenti (1843-1901)
Uilyam Mak-Kinli 1897-1901 yillarda prezident bo‘ladi. 1900 yilda o‘tkazilgan saylovda u ikkinchi muddatga ham AQSh prezidenti etib saylanadi. 1901 yilda suiqasd oqibatida o‘ldiriladi. Uning o‘rniga vitse prezident Teodor Ruzvelt prezident bo‘ladi.
Aslida Teodor Ruzvelt 1889 yil 21 noyabrda Uilyam Mak-Kinli ma’muriyatida vitse prezident bo‘lgan Garet Hobart vafotidan so‘ng uning o‘rniga vitse prezident bo‘lgandi. Shu tariqa Teodor Ruzvelt AQSh tarixida saylovlarsiz avval vitse prezident, so‘ng prezident lavozimlarini egallagan yagona shaxs bo‘ladi.
8. Teodor Ruzvelt. AQShning 26-prezidenti (1858-1919)
Teodor Ruzvelt 1901-1909 yillarda ikki muddat AQShga prezidentlik qilgan. U avvaliga vafot etgan Uilyam Mak-Kinli o‘rniga prezident bo‘ladi. So‘ng 1904 yilda o‘tkazilgan saylovda g‘alaba qozonib, yana 4 yil AQShni boshqaradi. Teodor Ruzvelt 1908, 1912 yillarda o‘tkazilgan saylovlarda ham o‘z nomzodini qo‘yadi va mag‘lubiyatga uchraydi.
9. Uilyam Taft. AQShning 27-prezidenti (1857-1930)
Uilyam Taft 1909-1913 yillarda prezident bo‘lgan. U 1908 yilda o‘tkazilgan saylovda Teodor Ruzveltni ortda qoldirgan. 1912 yilda o‘tkazilgan saylovda esa demokratlar vakili Vudro Vilsonga yutqazadi.
10. Uorren Harding. AQShning 29-prezidenti (1865-1923)
Uorren Harding 1921-1923 yillarda AQShni boshqaradi. Prezidentlik muddati oxiriga yetmasdan, yurak xurujidan vafot etadi.
11. Kalvin Kulij. AQShning 30-prezidenti (1872-1933)
Kalvin Kulij 1923-1929 yillar oralig‘ida AQShni boshqargan. Avvaliga u vitse prezident sifatida Uorren Harding o‘rniga prezident bo‘ladi. So‘ng 1924 yilda o‘tkazilgan saylovlarda g‘olib chiqadi.
12. Herbert Klark Huver. AQShning 31-prezidenti (1874-1964)
Herbert Huver 1929-1933 yillar oralig‘ida prezident bo‘lgan. Huver AQShni boshqargan yillarda mamlakat og‘ir moliyaviy va iqtisodiy inqirozni boshdan kechiradi. 1932 yilda o‘tkazilgan saylovlarda aholi Huverga ishonch bildirmaydi va u demokratlar vakili Franklin Ruzveltga juda katta farq bilan yutqazadi.
13. Duayt Eyzenxauer. AQShning 34-prezidenti (1890-1969)
Duayt Eyzenxauer 1953-1961 yillarda 2 muddat AQShni boshqargan. U harbiy sifatida ikkita jahon urushida qatnashgan.
14. Richard Nikson. AQShning 37-prezidenti (1913-1994)
Richard Nikson 1969-1974 yillarda AQShni boshqaradi. 1972 yilda o‘tkazilgan saylovlarda g‘alaba qozongach, oradan 2 yil o‘tib impichment xavfi tug‘ilganda o‘z ixtiyori bilan iste’fo beradi. Uning nomi «Uotergeyt mojarosi» bilan eslanadi.
15. Jyerald Ford. AQShning 38-prezidenti (1913-2006)
Jyerald Ford 1974-1977 yillarda AQShni boshqaradi. U vitse prezident sifatida 1974 yil iste’foga chiqqan Richard Niksonning o‘rniga prezident bo‘ladi. 1976 yilda o‘tkazilgan saylovlarda esa demokratlar vakili Jimmi Karterga yutqazadi.
16. Ronald Reygan. AQShning 40-prezidenti (1911-2004)
Ronald Reygan 1981-1988 yillarda AQShni boshqaradi. U prezidentlik qilgan yillarda AQShning g‘oyaviy dushmani sanalgan SSSRda to‘rtta rahbar ishlaydi: Leonid Brejnev, Yuriy Andropov, Konstantin Chernenko va Mixail Gorbachyov.
17. Katta Jorj Bush. AQShning 41-prezidenti (1924-2018)
Jorj Gerbert Uoker Bush AQShni 1989-1993 yillar oralig‘ida 1 muddat boshqargan. 1992 yil o‘tkazilgan saylovlarda u demokratlar vakili Bill Klintonga yutqazib qo‘yadi. Katta Bush AQSh prezidentlari orasida eng uzun ism-sharifga ega hisoblanadi.
18. Kichik Jorj Bush. AQShning 43-prezidenti (1946 yilda tug‘ilgan)
Jorj Uoker Bush (Kichik Bush) 2001-2009 yillar oralig‘ida ikki muddat AQShni boshqaradi. Uning davrida AQShda zamonaviy dunyo tarixidagi eng yirik terakt – Nyu-York terakti sodir bo‘ladi.
Shundan so‘ng AQSh Afg‘oniston va Iroqqa bostirib kiradi va har ikki davlatda uzoq yillar davomida harbiy amaliyotlar o‘tkaziladi. Saddam Husayn o‘ldiriladi, AQSh prezidenti Moskvadagi g‘alaba paradida qatnashadi va yana ko‘plab voqealar sodir bo‘ladi.
Bush prezidentligining ikkinchi muddatida Afg‘oniston va Iroqdagi urushlar uchun jiddiy tanqid qilinadi.
19. Donald Tramp. AQShning 45-prezidenti (1946 yilda tug‘ilgan)
Donald Tramp 2017-2020 yillarda AQShni boshqardi 2020 yil kuzda o‘tkazilgan saylovda demokratlar vakili Jo Baydenga yutqazib qo‘ydi.
Donald Tramp joriy 2024 yil kuzda o‘tkaziladigan saylovlarda ham o‘z nomzodini qo‘ymoqchi. Mabodo u g‘alaba qozonsa va mamlakat rahbari bo‘lsa Grover Klivlendga o‘xshab bir muddat oralatib ikki muddat prezident bo‘lgan ikkinchi shaxsga aylanadi.
Federalistlar
Federalistlar – Amerikada Angliyadan mustaqil bo‘lib, federal boshqaruvdagi davlat tuzishni yoqlaganlar. Ular AQSh tuzilayotganda yangi davlat federal boshqaruvga asoslanishini qo‘llashgan. AQSh prezidentlari orasida bir kishi federalistlar vakili bo‘lgan.
AQShning 1-prezidenti Jorj Vashington Amerikani Buyuk Britaniyadan ajratib olish va federal boshqaruv tizimiga asoslangan davlat tuzish tarafdorlarining yetakchisi bo‘lgan. Biroq u Federalistlar partiyasiga a’zo bo‘lmagan va partiyasiz holda mamlakatni boshqargan.
Amerika Buyuk Britaniya boshqaruvidan ajralib chiqib, AQShda federal boshqaruv tizimi o‘rnatilgandan so‘ng ko‘p o‘tmay turli partiyalar tuziladi va federalistlarga hojat qolmaydi. Shu tariqa mazkur harakat yo‘q bo‘lib ketadi. AQSh prezidentlari orasida bir kishi federalistlar vakili bo‘lgan.
1. Jon Adams. AQShning 2-prezidenti (1735-1826)
Jon Adams ham Jorj Vashingtonning hammaslagi hisoblanadi. U 1797-1801 yilda 1 muddat AQShni boshqargan.
Demokrat-respublikachilar
Mazkur partiya ham AQShda ilk tuzilgan partiyalardan biri hisoblanadi. Keyinchalik Respublikachilar partiyasi tuzilgandan so‘ng u tarqab ketgan.
1. Tomas Jyefferson. AQShning 3-prezidenti (1743-1826)
Tomas Jyefferson AQShni 1801-1809 yillarda 2 muddat boshqargan. Jyefferson davrida AQSh Fransiyadan Luiziana shtatini sotib olgan. Shuningdek, u AQShning birinchi Davlat kotibi bo‘lgan.
2. Jyeyms Medison. AQShning 4-prezidenti (1751-1836)
Jyeyms Medison AQShni 1809-1817 yillar oralig‘ida 2 muddat boshqargan.
3. Jyeyms Monro. AQShning 5-prezidenti (1758-1831)
Jyeyms Monro AQShni 1817-1825 yillarda 2 muddat boshqargan.
4. Jon Kuinsi Adam. AQShning 6-prezidenti (1767-1848)
Jon Adams 1825-1829 yillarda bir muddat AQShni boshqargan. 1828 yilda o‘tkazilgan saylovlarda demokratlar vakili Endryu Jyeksonga yutqazib qo‘ygan.
Viglar partiyasi
Ushbu partiya ham AQShda ilk tuzilgan partiyalardan biri hisoblanadi. Keyinchalik bu partiya a’zolari erkin yer tarqatish tarafdorlari bilan birlashib, Respublikachilar partiyasini tashkil etgan.
Viglar partiyasi vakillari 19-asrning birinchi yarmida katta sahnaga chiqishadi va ulardan to‘rt nafari prezident bo‘lib saylanadi.
1. Uilyam Henri Harrison. AQShning 9-prezidenti (1773-1841)
Uilyam Harrison bor-yo‘g‘i 1 oy prezidentlik qilgan. 1841 yil 4 mart kuni sovuq havoda qasamyod qilish marosimida 2 soat nutq so‘zlagan Harrison kasal bo‘lib yotib qoladi va 1 oydan so‘ng vafot etadi.
2. Jon Tayler. AQShning 10-prezidenti (1790-1862)
Jon Tayler 1841-1845 yillar oralig‘ida AQShni boshqargan. U vitse prezident sifatida Uilyam Harrison vafotidan keyin prezident bo‘lgan. Ikkinchi muddatga o‘z nomzodini qo‘ymagan. U AQShda saylov yo‘li bilan emas, vitse prezident sifatida mamlakat rahbari bo‘lgan birinchi shaxs hisoblanadi.
3. Zakari Teylor. AQShning 12-prezidenti (1784-1850)
Zakari Teylor 1849-1850 yillar oralig‘ida 1 yildan oshiqroq vaqt AQShni boshqargan va kasallanib, vafot etgan.
4. Milliard Fillmor. AQShning 13-prezidenti (1800-1874)
Milliard Filmor vitse prezident sifatida Zakari Teylorning vafotidan so‘ng prezident bo‘ladi. 1852 yilda o‘tkazilgan saylovda viglar partiyasi unga emas, Uinfild Skottga ishonch bildiradi. Biroq saylovlarda Skott demokratlar vakili Franklin Pirsga yutqazib qo‘yadi.
Partiyasizlar
1. Jorj Vashington. AQShning 1-prezidenti (1732-1799)
AQShning 1-prezidenti Jorj Vashingtonni aksariyat manbalarda partiyasiz, ayrimlarida Federalistlar partiyasidan bo‘lgan deyishadi.
Bundan tashqari, AQShning 10-prezidenti Jon Tayler ham avvaliga Viglar partiyasi a’zosi bo‘lgan. Keyinchalik u partiya safidan chiqqanini e’lon qilgan va partiyasizga aylangan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
19:00 / 25.12.2024
“Matritsa”ning buzilishi va tarixiy order
18:52 / 25.12.2024
Tramp o‘lim jazosini qo‘llashda qat’iyat bilan davom etishini aytdi
21:05 / 24.12.2024
Iroq AQSh qo‘shinlarini o‘z hududida qoldirishga tayyor - OAV
19:49 / 24.12.2024