O‘zbekiston | 14:10 / 12.03.2024
6424
2 daqiqa o‘qiladi

Tomorqa va dehqon xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlashning yangi choralari belgilandi

Prezidentning “Aholi xonadonlarida sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida yangi zaxiralarni ishga solishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Foto: Kun.uz

Hujjat bilan quyidagilar belgilandi

  • tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib hamda suv ta’minotini inobatga olgan holda, tumanlar eksportbop va serdaromad ekinlar ekishga, shuningdek, kichik ishlab chiqarish va mahsulot yetishtirishga ixtisoslashtiriladi;
  • kompleks dastur doirasida mahsulot yetishtirish uchun 100 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar ajratiladi;
  • muzlatgichli omborxona, tayyor holda issiqxona, qadoqlash, quritish va qayta ishlash sexlari aholiga 12 oyga bo‘lib to‘lash sharti bilan lizingga beriladi;
  • o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga biogumus tayyorlash faoliyati kiritiladi.

2024 yilda eksportbop va serdaromad ekinlar ekish va aholining mazkur sohada bilim va ko‘nikmalarini oshirish uchun 54 ta tumanda namunaviy o‘quv-tajriba maydonlari tashkil etiladi. Meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 51 ta tumanda meva-sabzavotlarni shok usulida muzlatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshiriladi.

Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi resurslari hisobidan quyidagi tashkilotlar uchun ajratiladigan kreditlar yillik Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada (shundan 4 foizi bank marjasi) bo‘ladi:

  • chorvachilik, baliqchilik, quyonchilik, asalarichilik va parrandachilik, biogumus ishlab chiqarish va “dala do‘konlari”ni qurish uchun – 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yil muddatgacha;
  • bog‘dorchilik, uzumchilik va limonchilikni tashkil etish, issiqxona qurish, qishloq xo‘jaligi texnikasi va asbob-uskunalarini xarid qilish hamda ularni joylashtirish uchun bino va inshootlar qurish, ko‘chma muzlatkichlarni o‘rnatish, artezian quduqlarni qazish uchun – 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga.

Mavzuga oid