Jahon | 19:06 / 13.03.2024
16162
16 daqiqa o‘qiladi

Kashmir masalasi nega bunchalik chigal?

Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi diniy va madaniy ziddiyatlar yechimi Kashmir vodiysiga kelganda to‘xtab qolaveradi, chunki bu nizo faqat mintaqaviy ahamiyatga ega emas: AQSh, Xitoy va Rossiya kabi yirik kuch markazlarining ham global manfaatlari bor. “Geosiyosat” bu mavzuda so‘z yuritish uchun siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Islomxon G‘afforovni taklif etdi.

Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi nizoning asosiy sabablari nimalar?

Islomxon G‘afforov: — Hindiston va Pokiston munosabatlari xalqaro munosabatlarda eng dolzarb masalalardan biri. Uzoq muddatli ziddiyat va ikkalasida ham yadro quroli borligi muammoning global ahamiyat kasb etishini ta’minlaydi. Bu ikki davlat paydo bo‘lgandan, ya’ni 1947 yildan buyon bu mojaro davom etmoqda.

Buyuk Britaniya koloniyasi bo‘lgan bu hududlarda qanday qilib yangi davlatlar paydo bo‘lishi va ular o‘rtasida mojaro kelib chiqishiga e’tibor berish kerak. Ko‘pchilik aytadiki, Britaniya Ikkinchi jahon urushidan keyin koloniyalarini ushlab turishga kuchi qolmadi va Hindistondan chiqib ketayotganda bo‘lib tashlab hukmronlik qil, tamoyiliga asosan ikki davlat tashkil qilib chiqib ketdi. Ammo men bu fikrni yoqlamagan bo‘lardim. U vaqtda tarixiy vaziyat ham mintaqada 2 ta davlat vujudga kelishini taqozo etgan. Buyuk Britaniyagacha bo‘lgan Boburiylar davrida musulmonlar va boshqa dinlar kelishib yashagan. Buyuk Britaniya esa o‘z manfaatlari yuzasidan boshqaruvni amalga oshirib, diniy omillarni hisobga olmagan va ziddiyatlar oshib boradi. 1947 yilda vaziyat pishib turgan bo‘ladi va ikkita davlat paydo bo‘ladi. Milliy ozodlik harakati rahbari Gandi bitta davlat tuzishga harakat qiladi, Kalkuttada musulmonlar va hindlar o‘rtasidagi fuqarolar urushini to‘xtatadi. Ammo Gandi vafot etgach, keskinlik yana ortadi va ikki davlat vujudga keladi, diniy omil asos bo‘ladi bunda.

Buyuk Britaniyaning ham ta’siri bo‘lgan, to‘la inkor etmayman buni. Lekin ko‘proq o‘sha vaqtdagi siyosiy, ijtimoiy omillar ikki davlat bo‘lishni taqozo etgan edi, deb o‘ylayman.

Kamoliddin Rabbimov: — Ikkinchi jahon urushidan keyin Angliya zaiflashdi va Hindiston yarimorolini nazorat qilolmay qoldi. 1947 yilda Hindiston va Pokiston tashkil topayotganda federativ demokratik davlat sifatida tashkil topadi, ya’ni Angliya o‘z davlatchiligida shakllangan modelini joriy etishga harakat qiladi. Shuning uchun ham demokratik qadriyatlar ikki davlatda ham yuqori bo‘ladi. Federativ davlat sifatida Hindiston va Pokistondagi hududlar o‘zining kim bilan bo‘lishini belgilashga harakat qiladi. Ikki davlat o‘rtasidagi eng katta konflikt — Jammu va Kashmir viloyatlari. Bu viloyatlar aholisining asosiy qismi musulmonlar, lekin hokimiyat tepasidagilar hindlar bo‘ladi, shuning uchun ham ular Hindiston bilan bo‘lishni tanlaydi. Jammu va Kashmirdan tashqari ham boshqa konflikt nuqtalari bor, chunki asrlar davomida hindlar va poklar (pokistonliklar) o‘rtasidagi qorishganlik darajasi yuqori emas, Hindiston aholisining 15 foizga yaqini musulmonlar. Shunday holatda ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyat juda ham kuchli. O‘tgan asrda yadroviy to‘qnashuv AQSh va SSSR o‘rtasida modellashtirilgan bo‘lsa, hozirda yadroviy to‘qnashuv bo‘lishi mumkin bo‘lgan davlatlar Hindiston va Pokiston deb ko‘riladi.

Kashmir va Jammu masalasi Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi yechilmas tugunmi?

Islomxon G‘afforov: — Tarixiy omillar bo‘yicha qo‘shimcha qilmoqchiman. Ikki davlat paydo bo‘lgach, 4 ta katta to‘qnashuv bo‘ldi. Ikki davlat hukumatlari ham xavfli konflikt ostida yashayotganlarini biladi, lekin shu paytgacha muzokaralarga kelmayapti, degan savol bor. Bu ikki davlat paydo bo‘lib, shakllanish davri sovuq urush davriga to‘g‘ri keladi, shu fonda Pokiston AQSh bilan yaqin bo‘ladi, Hindiston esa Moskvaga tayangan holda siyosat olib boradi (garchi 1961 yildan qo‘shilmaslik harakatida bo‘lsa ham), uning harbiy sanoati ham SSSR va keyinchalik Rossiya bilan hamkorlikda rivojlangan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Hindiston 1998 yilda termoyadroviy qurolni sinovdan o‘tkazgan va yadro quroli borligini rasmiylashtirgan, lekin 1974 yilda yadro qurolining birinchi sinovlari bo‘lgan. Pokiston ham 70 yillarda yadro quroli ustida ishlashni boshlagan.

Bu ikki davlat yadro quroliga intilishiga sabab o‘sha vaqtdagi sovuq urush edi. AQSh o‘z ittifoqchilari bilan qurollangan bo‘lsa, SSSR ham Xitoyga yordam berib, o‘z ittifoqchilari bilan qurollanadi. U vaqtda dunyo kun tartibi shu bo‘lgan, bu narsa Janubiy Osiyoda ham o‘z aksini topgan va ikki davlat munosabatlari yanada sovuqlashib, yadroviy poyga boshlanadi. SSSR tugatilgach, vaziyat biroz yumshaydi, 90 yillarda AQSh prezidenti Klintonning ikki davlatga bir xil munosabatda bo‘lish va tinchlik o‘rnatish tashabbuslari bo‘ladi. Keyinchalik ham ziddiyatning oldini olish uchun Pokiston va Hindiston tomonidan ham tashabbuslar bo‘ladi. Masalan, Pokiston bosh vaziri Parviz Musharraf Kashmir avtonom viloyat bo‘lishi haqidagi tashabbusni bildirgan. 2015 yilda Hindiston bosh vaziri Mode Pokiston bosh vaziri Navaz Sharifning nevarasining to‘yida ishtirok etadi va bu davlatlar o‘rtasida iliqlikka olib keladi.

Bugungi kunda ziddiyat bor. Ikki davlat savdo aylanmasi 0,5 mlrd dollar, bu — judayam kam. Ikki davlatning munosabatlari yaxshilanishi ular uchun juda katta iqtisodiy yutuqlarga olib keladi. Lekin ularning bor savdo aylanmasi ham BAA vositachiligida amalga oshiriladi. Muzokaralar bo‘lyapti bugungi kunda ham, ular ham tushunib turibdi juda katta iqtisodiy yo‘qotishlar bo‘layotganini. 2020 yildan buyon BAA vositachiligida muzokaralar bo‘lyapti, xususan, Kashmir masalasida.

Kashmir masalasi bo‘yicha 5 ta yechim taklif etiladi ekspertlar tomonidan. Birinchisi, ikki tomon diplomatik muzokaralar orqali hal etish, ya’ni manfaatlarga ko‘ra Kashmir bo‘lib olinadi. Ikkinchi variant esa ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy aloqalar shu darajada rivojlanadiki, oxiri bir tomon yon beradi Kashmir masalasida. Germaniya va Fransiya o‘rtasida ham shunday talash hudud bor edi, lekin bugungi kuchli aloqalar tufayli bu muammo unutilgan. Uchinchi model esa Kashmir viloyatiga avtonomiya berish, ya’ni bunda ikki davlat manfaatlari ham inobatga olinadi. To‘rtinchisi — bitta xalq, ikkita davlat tamoyili bo‘lish, ya’ni Kashmirda ikki davlat qonunchiligi ishlaydi, o‘zaro kelishilgan holda boshqariladi. Beshinchisi esa xalqaro kuchlar, xususan, BMT tinchlikparvar kuchlari nazorati bo‘lishi.

AQSh va Xitoy, Rossiya kabi global qudratlar ushbu nizoda qanday o‘rin tutadi?

Kamoliddin Rabbimov: — Yuqorida sovuq urush davrida ikki davlatning geosiyosiy yo‘nalishi haqida gapirildi. Hindistonning hamkori Sovet ittifoqi bo‘lsa, Pokiston AQSh bilan yaqin bo‘lgan. Lekin sovuq urush tugagach, ularning geosiyosiy mavqeyi o‘zgardi. Bugun Pokiston Xitoyning yaqin ittifoqchisi, ularni Hindiston omili birlashtiradi. Shu sabab ham Xitoy Pokistonni Hindistonga qarshi qo‘llaydi. Pokiston va Xitoy Hindistonni ikki tomondan tiyib turishni o‘zining geosiyosiy vazifasi deb biladi.

Keyingi davrda AQSh va Hindiston hamkorligi rivojlanib boryapti. Hindiston qo‘shilmaslik harakati a’zosi bugun ham, ammo AQShning Xitoyni tiyib turish bo‘yicha bir qancha katta loyihalari bor: AQSh, Avstraliya, Hindiston birgalikda Tinch okeani havzasini o‘rab, Xitoyni tiyib turish. Mana shu loyihalarda Hindiston bosqichma-bosqich ishtirok etyapti. Bugun Hindiston qurol-yarog‘ning katta qismini AQShdan va kollektiv G‘arbdan oladi. Yangi geosiyosiy formatsiya shakllanyapti, ilgari SSSR va AQSh qarama-qarshiligi bo‘lgan bo‘lsa, bugun AQSh va Xitoy tirashuvi, bu mintaqadagi vaziyat ham shunga o‘zgarib boryapti.

Pokiston eng katta muammosi — iqtisodiy ahvoli. Hindiston esa 2080 yilga borib, demografik va iqtisodiy jihatdan dunyoning birinchi qudratli davlati bo‘lishi tahlil qilinyapti. Uchta davlat: AQSh, Xitoy, Hindiston asosiy qudratli davlatlar bo‘lib qoladi. Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi ziddiyat borgan sari kristallashyapti. 1947 yilda ular o‘rtasida ziddiyat yo‘q edi. Javohirlal Neru va Muhammad Ali Jinna ancha yaqin shaxslar bo‘lishgan, hamkorlikda ishlashgan, do‘st bo‘lishgan. Borgan sari Hindiston hokimiyatida millatchilar ko‘paymoqdi, ayniqsa hozirgi hokimiyat. Shu sabab millatchilik va ikki davlat tirashuvi borgan sari kristallashyapti. Hindistonliklarda bizni necha asrlar davomida musulmonlar boshqardi endi o‘zligimizga qaytishimiz kerak, masjidlar o‘rnida ibodatxonalar bo‘lishi kerak, degan qarashlar bor. Bunga Pokiston ham javob beradi. Umuman, har tomonlama Hindiston Pokistondan kuchli, lekin faqat yadroviy kallaklar soni bo‘yicha Pokiston kuchliroq. 1,4 milliardlik aholisi bor davlat bilan 221 mln aholisi bor davlat armiyasi teng bo‘lolmaydi. Qolaversa, Hindiston iqtisodiy jihatdan jadal rivojlanib bormoqda.

Bu konfliktni Markaziy Osiyo va Eron prizmasidan ham ko‘rsak, qanday ko‘rinish kasb etadi?

Islomxon G‘afforov: — Eron ikki davlat bilan ham yaqin hamkorlik qiladi. Musulmon davlati o‘laroq Eron Kashmir masalasida Pokistonni qo‘llaydi. Eronning AQSh bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalari bo‘lmagani uchun AQSh bilan muloqotda Pokiston orqali ishlaydi. Demak, Eron Pokiston bilan ancha yaqin desak bo‘ladi. Xitoy va Pokiston hamkorligidagi Xitoy-Pokiston iqtisodiy koridorini ham qo‘llab, unga qo‘shilish niyati bor Eronning.

Hindiston Eronni Markaziy Osiyoga darvoza deb biladi. Eronda Chobahor portini quryapti, 500 mln dollar ajratgan loyihaga, G‘arb sanksiyalaridan ham ozod qilgan. Eron bir vaqtning o‘zida Hindiston bilan ham, Pokiston bilan ham iliq munosabatlarda.

Transport koridorlari masalasiga kelsak. Hindiston va Pokiston tomonidan 2 ta yirik loyiha taqdim etilyapti. Qaysidir ma’noda Markaziy Osiyo davlatlari geosiyosiy dilemmaga duch kelyapti. Markaziy va Janubiy Osiyo bog‘liqligida birinchi istiqbolli variant: Termiz-Mozori Sharif-Kobul-Peshovar yo‘nalishida Pokistonning Gvadar va Karachi portlariga chiqish, lekin bu loyihani Hindiston qo‘llamaydi Pokiston bilan ziddiyat sabab. Hindiston Turkmaniston orqali Eronning Chobahor portiga chiquvi Markaziy Osiyo bilan bog‘lovchi koridorni qo‘llayapti, ikkinchi tarmoq ham bor: Afg‘oniston orqali Markaziy Osiyoga kirib kelish. Ko‘pchilik mutaxassislar Janubiy va Markaziy Osiyo bog‘liqligida Afg‘oniston yo‘nalishi ustuvorlik kasb etishini aytadi. Bu nuqtada faqatgina Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi muammo to‘siq bo‘lyapti deb o‘ylayman.

Ikki davlatning ziddiyati nega ShHT kabi tashkilot doirasida hal etilmaydi?

Kamoliddin Rabbimov: — ShHTning o‘z maqsad-vazifalari bor. Uning maqsadi Hindiston va Pokistonni yarashtirish emas, bu ikki davlatning kirishi ham ShHTdagi raqobatning ifodasi deyish mumkin. Ya’ni ShHTning markazida Xitoy va uning manfaatlari turadi. Pokistonni Xitoy taklif qildi tashkilotga, bunga javoban Rossiya o‘z tomonini zaiflashtirmaslik uchun Hindistonni taklif qildi. ShHT ichida ziddiyatlar juda ham ko‘p. Tashkilotning asosiy vazifasi muammolarga, ziddiyatlarga yechim topish emas, balki AQSh, kollektiv G‘arbga geosiyosiy, geoiqtisodiy javob shakllantirish vazifasi qo‘yilgan. BRIKS doirasida ham shunday ziddiyatlar bor.

ShHT bunday ziddiyatlar haddan tashqari kuchayishini istamaydi. Lekin bu ziddiyat bartaraf etilsa, Xitoyning manfaatlariga qanchalik to‘g‘ri keladi, degan savol ham bor. Xitoy Pokistonni o‘zining barqaror ittifoqchisi bo‘lib qolishini istaydi. Birgina misol: koronavirus pandemiyasi davrida Pokiston Saudiyadan qarz olgandi, keyinchalik Saudiya bu qarzni so‘radi. Pokistonda mablag‘ yo‘q edi, shuning uchun Xitoydan oldi. Ikki musulmon davlat o‘rtasidagi masalada ham Xitoyga yo‘nalish oldi Pokiston. Oldingi bosh vazir Imron Xon Putin bilan munosabatlarni yaxshiladi, G‘arbga nisbatan munosabat esa avvaldan salbiy bo‘lgan, lekin hokimiyatga kim kelsa ham, Xitoy bilan munosabatlar iliq bo‘lgan.

ShHT bunday muammolarga yechim izlay olmaydi. Aksincha, borgan sari kuchayib borayotgan geosiyosiy raqobat: AQSh va Xitoy, Xitoy va Hindiston o‘rtasidagi ziddiyatlar ShHTga ham ko‘chgan, Pokiston kabi davlatlar esa bunday vaziyatda o‘z manfaatlarini qondirishga imkoniyat izlaydi.

Islomxon G‘afforov: — ShHTning aniq bo‘lmagan strategiyasiga to‘xtalmoqchiman bu o‘rinda. A’zo davlatlar manfaatlari turlicha. Rossiya bugungi sanksiyalar fonida ShHTga katta e’tibor qaratyapti. Rossiya tomoni Hindiston va Pokiston o‘rtasida ziddiyat bo‘lmasligini xohlaydi. Chunki Rossiya o‘zining neft va gaz mahsulotlarini Hindistonga eksport qilyapti, shu sabab Hindistonning qandaydir mojarolarga aralashishi Rossiya manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi, shuning uchun tinchlik istaydi bu mintaqada.

ShHTga Hindiston qo‘shilgach, Xitoy tashkilotga e’tiborini pasaytirgandek ko‘rinyapti. Xitoy bugun geosiyosiy maydonda qandaydir formatlarda emas, o‘zi yakka holda ishtirok etishni ko‘zlayapti. Shunday xulosaga kelish mumkinki, tashkilotning bunday mojaroli holatlarga nisbatan strategiyasi va ijro mexanizmi yo‘q, tarqoq bo‘lib yotibdi tashkilot. Pekin o‘z yo‘nalishida, Moskva o‘z yo‘nalishida, Markaziy Osiyo ham o‘z manfaatlariga ko‘ra siyosat olib boryapti. Tashkilotga ijro mexanizmi kerak, shunchaki nufuzli platforma ko‘rinishiga kelib qolgan, tashkilot darajastga chiqish uchun hali bir qancha ishlar olib borish kerak. Shunda Hindiston va Pokiston masalasida ham o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin tashkilot ta’sirida.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid