Iqtisodiyot | 13:31 / 13.03.2024
14875
12 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekiston bilan yana 2 mlrd dollarlik loyihalarni reja qilyapmiz” - OIIB vitse-prezidenti

Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki O‘zbekistondagi loyihalar portfelini 5 mlrd dollarga yetkazishni rejalashtirilmoqda. Asosiy yo‘nalishlar – transport, energetika, sifatli yo‘llar, toza suv va sog‘lom shaharlar. Kuni kecha Toshkentga kelgan bank vitse prezidenti Lyudger Shuknext Kun.uz'ga intervyu berdi.

Avvalo, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki va uning xalqaro taraqqiyot moliyasiga qo‘shayotgan hissasi haqida biroz ma’lumot bersangiz.

– Rahmat. Yana O‘zbekistonga kelganimdan xursandman. Bu yerga o‘tgan yili kelgan edim. Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki nisbatan yangi taraqqiyot banki bo‘lib, u endi 8 yoshga kirdi, lekin allaqachon 100 dan ortiq a’zolari bor. A’zolari soni bo‘yicha bankimiz ikkinchi eng yirik investitsion bank hisoblanadi va asosiy vazifasi kelajak uchun infratuzilmani qo‘llab-quvvatlash orqali o‘z a’zolarining rivojlanishiga yordam berishdir.

Infratuzilma borasida bankning bir qancha prioritetlari bor. Birinchisi, iqlim o‘zgarishining oldini olishga va iqtisodiyotni yashillashtirishga yordam beradigan infratuzilmani moliyalashtirishni rivojlantirish. Moliyalashtirishimizning 50 foizi 2025 yilga qadar shu yo‘nalishga qaratilishi kerak va biz bunga allaqachon erishdik. Bankimiz diqqat markazidagi yana bir masala – xususiy moliyani jalb qilish. Suhbat davomida bunga yana qaytaman. Biz texnologiyalardan foydalanadigan hamda mintaqadagi va ayniqsa Osiyodagi, balki undan tashqaridagi mamlakatlarni bog‘lashga yordam beradigan infratuzilmaga e’tibor qaratishni maqsad qilganmiz.

Siz bankning vitse-prezidenti va korporativ kotibisiz. O‘z rolingiz va bu nima uchun muhimligini tushuntirib bera olasizmi?

– Ha. Bank yuzdan ortiq a’zolarga ega kattagina bank bo‘lishdan tashqari, ko‘p tomonlama taraqqiyot banklari oilasining muhim a’zosi hisoblanadi. Taraqqiyot banklariga xos ravishda, OIIB – juda yuqori standartlarga ega ijtimoiy, atrof-muhit va boshqaruv standartlari loyihalarini moliyalashtiradi. Kuchli boshqaruv bizning asosiy xususiyatlarimizdan biridir. Qadriyatlarimiz – barqarorlik, pokizalik va yashillik bo‘lib, bunda yashillik atrof-muhitni qo‘llab-quvvatlash, barqarorlik keraksiz byurokratiyaga yo‘l qo‘ymaslik va pokizalik bizda yaxshi boshqaruv mavjudligini anglatadi. Korporativ kotib va uning jamoasi kuchli boshqaruvni ta’minlashi kerak. O‘zbekiston kabi aksiyador mamlakatlar bilan yaxshi munosabatlarni saqlash, bankning boshqaruv organlarining yig‘ilishlarini tashkil etish ham shular jumlasidan. Bu lavozimdan maqsad – direktorlar kengashi, boshqaruvchilar kengashi faoliyatini tashkil etish va umuman olganda, bank o‘zining barcha tartib-qoidalariga rioya qilgan holda yaxshi obro‘ qozonishini ta’minlashdir.

O‘zbekiston uchun bu yil bizda bir maxsus tadbir bo‘ladi, ya’ni yillik yig‘ilishimiz Samarqandda bo‘lib o‘tadi.

Keyingi savolim ayni shu haqda edi. Bankning yillik yig‘ilishi Samarqandda bo‘lib o‘tadi. Bu tadbir nima sababdan O‘zbekistonda o‘tkazilyapti va hozirgi vaqtda mintaqada bank uchun ustuvor vazifalar qanday?

– Bank O‘zbekiston va Samarqandni tanlashiga sabab – O‘zbekiston bizning eng muhim a’zolarimizdan biri bo‘lib, biz bu yerda allaqachon moliyalashtirayotgan yoki moliyalashtirishni rejalashtirayotgan juda katta loyihalar portfeliga egamiz. Bu qarorni bankdagi eng yuqori qaror qabul qiluvchi organ – boshqaruv kengashimiz qabul qildi. A’zo davlatlar vazirlarining 9-yillik yig‘ilishini o‘tkazish joyi sifatida O‘zbekiston tanlandi. Demak, bu mening yoki xodimlarning qarori emas, bu barcha a’zolarimizning O‘zbekistonga ishonchi ifodasidir.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoning markazida alohida o‘rin tutadi. Bizning bankimiz asosiy e’tiborini Osiyoga qaratadi, O‘zbekiston esa Markaziy Osiyoning markazida. Shuning uchun uchrashuvlarni O‘zbekistonda o‘tkazish mantiqan to‘g‘ri. Ko‘plab rahbarlarimiz, bank rahbarlarimiz, a’zo davlatlar vazirlari va vazir o‘rinbosarlari Samarqandga to‘planadi. Bu yig‘ilish bank rahbariyatini, mijozlarimiz va biz bilan loyihalarni amalga oshirayotgan biznesni, shuningdek, fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalarini bir joyga to‘playdi. Demak, bu nafaqat bankka, balki butun dunyoga O‘zbekistondagi barcha istiqbolli loyiha va ishlanmalarni namoyish etadigan katta tadbir bo‘ladi.

Janob Shuknext, siz bu tadbirda biznes hamjamiyati ham qatnashishini ta’kidladingiz. Nima uchun biznes hamjamiyati bu tadbirga qatnashishi kerak va bank bundan qanday maqsadlarni ko‘zlagan?

– Ha, biz bir qancha maqsadlarga erishmoqchimiz. Birinchisi, biz O‘zbekiston bilan hamkorligimizni mustahkamlamoqchimiz. O‘zbekiston, aytib o‘tganimdek, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki bilan ko‘plab loyihalarga ega. Va biz yanada ko‘proq loyihalarni amalga oshirishni rejalashtiryapmiz. Allaqachon 3 milliard dollarlik loyihalar bo‘yicha kelishuvga erishdik va yana 2 milliard dollarlik loyihalar rejalashtirilyapti. Bu – O‘zbekistonga bank bilan birgalikda nima qilayotgani, o‘z maqsad va rejalari haqida dunyoga va boshqa a’zolarga gapirish imkoniyatini beradi.

O‘zbekiston ko‘plab islohotlarni amalga oshirdi va rivojlanish uchun juda muhim rejalarga ega. Yillik yig‘ilishimiz O‘zbekiston uchun ham, Osiyo infratuzilmalar banki bilan ishlash uchun keladigan bizneslar uchun ham imkoniyatdir. Lekin tadbir faqat O‘zbekiston haqida bo‘lmaydi. Bu – bankning yillik yig‘ilishi, demakki, boshqa mamlakatlarda nimalar qilinayotgani, qanday loyihalar amalga oshirilayotgani, asosiy prioritetlarimiz atrofidagi muhim mavzular bo‘yicha muhokamalar bo‘ladi va buni ko‘rish uchun ko‘plab biznes egalari keladi. Bu anjuman tadbirkorlarga o‘zaro uchrashib, biznes yaratish va bir-biridan o‘rganish imkonini ham beradi.

Shuningdek, yillik yig‘ilish bizga bank sifatida qanday rivojlanayotganimizni ko‘rsatib berish imkoniyatidir. Bank hozir sakkiz yoshda va allaqachon 50 mlrd dollar miqdoridagi moliyalashtirish bilan 250 ta loyihaga ega. Bu nishonlashga va ko‘rsatishga arziydigan narsa.

Menimcha, biznes hamjamiyatining yillik yig‘ilishlarda qatnashishi birinchisi emas, shundaymi?

– Shunday, biznes hamjamiyati barcha yillik yig‘ilishlarimizga taklif etiladi. Biz yillik yig‘ilishlarda o‘tgan bir necha yillarda amalga oshirilgan loyihalarning muvaffaqiyatlarini namoyish etishga ko‘proq e’tibor qaratamiz, chunki ko‘rsatadigan ko‘plab loyihalarimiz bor. Xususan, O‘zbekistonda ham. Shuning uchun ham yillik yig‘ilishlarimiz har doim biznes uchun ochiq. Lekin bu safar balki yanada qiziqarli bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistondagi eng muhim loyihalar va kelajakdagi rejalaringiz haqida aytib bera olasizmi?

– Umuman olganda, bu mintaqa tobora muhimlashib boryapti. O‘zbekistonda va qo‘shni mamlakatlarda qilingan ko‘plab islohotlar bilan, mintaqada yaxshi o‘sish istiqbollari bor va bu doimo biznes uchun yaxshi asos hisoblanadi. Aytib o‘tganimdek, hozir bizda bir necha yillik investitsiyalar portfeli bor. Transport, energetika, shahar sanitariyasi, odamlarning hayot sifati uchun muhim barcha masalalar, xavfsiz va toza energiya, yaxshi yo‘llar, toza suv, sog‘lom shaharlar, bularning barchasi bo‘yicha biz allaqachon O‘zbekiston bilan ishlamoqdamiz va butun mintaqa bilan bu hamkorlikni chuqurlashtirishni rejalashtiryapmiz. Bu loyihalardan mintaqa va O‘zbekiston uchun katta foyda bo‘ladi.

OIIB O‘zbekistonning transport, iqlim, ta’lim kabi sohalarini rivojlantirishga hissa qo‘shayotganini ta’kidladingiz. Bank bu loyihalarning samaradorligini qanday nazorat qiladi? O‘zbekiston hukumatiga bank tomonidan biror loyihaning samarali amalga oshirilishi bo‘yicha qandaydir e’tirozlar bo‘lganmi?

– Menimcha, biz loyihalarimizning samaradorligi jihatidan yaxshi holatdamiz. Portfelimiz yaxshi, ambitsiyali loyihalardan iborat. Asosiysi, natijalarni yuzaga chiqarishimiz kerak. Hamkorligimiz endi boshlanyapti, shunday ekan, loyihalar to‘liq amalga oshirilgunga qadar biroz vaqt kerak bo‘ladi. Lekin men to‘liq ishonch bilan aytishim mumkinki, barchasi muvaffaqiyatli kechadi va O‘zbekiston bizning hissamizdan, biz esa O‘zbekiston tomonidan mamnun bo‘lamiz.

Bu imkoniyatdan foydalanib, umid qilamanki, sizning auditoriyangiz, tadbirkorlar, hukumat amaldorlari, qiziqish bildirgan kishilar Samarqanddagi yillik yig‘ilishimizga kelishadi va kuzatishadi. Ro‘yxatdan o‘tish aprel oyida boshlanadi. Tadbir onlayn yoritiladi. Biz mamlakatingizdagi yillik yig‘ilishimizda ko‘pchilikni ko‘rishdan juda xursand bo‘lamiz.

Rahmat, ammo savolim bank loyihalar samaradorligini qanday qilib monitoring qilib borishi haqida edi.

– Siz aniq qanday qilib amalga oshirilishini nazarda tutyapsizmi?

Aytmoqchimanki, loyihalarning hududlarda qanchalik samarali amalga oshirilayotganini qanday nazorat qilib borasiz.

— Bizda loyiha hujjatlari bor. Loyiha qanday amalga oshirilishi hujjatlarda belgilanadi. Loyiha ishlab chiqiladi va muzokara o‘tkaziladi. Bu tayyorgarlik jarayonida kelishuvga erishgan tomonlar nima istashlarini hal qilishadi. Masalan, chegara hududda yoki O‘zbekistonning istalgan bir hududida yo‘l qurishni istashlari mumkin. Kelishuv davomida loyihannig barcha parametrlari va elementlari belgilanadi. Standartlar, atrof-muhit, ijtimoiy va boshqaruv standartlari bo‘yicha kelishuv tuziladi. Shikoyatlar bo‘lmasligi yoki bo‘lgan taqdirda ham oqilona hal etilishi uchun jarayon puxta tashkil etiladi. Loyiha hujjatiga natijalarni monitoring qilib borish kiritiladi. Bu vaqt jihatdan, masalan, loyiha qachon tugatilishi kerak, ta’siri qanday bo‘lishi kerak, degan mezonlarni o‘z ichiga oladi. Masalan, yo‘llar ma’lum standartlar asosida qurilishi kerak. Loyihalarning atrof-muhitga zararli ta’siri yo‘qligiga ham ishonch hosil qilinishi lozim va hokazo.

Loyihani bevosita amalga oshirish jarayoni ham, albatta, monitoring qilib boriladi. Biz tomonimizdan kuzatuv amalga oshiriladi. Masalan, yo‘l qurilayotgan bo‘lsa, korrupsiya, odamlarning noqonuniy ko‘chirib yuborilmasligi kabi holatlar bo‘lmasligi uchun barcha mexanizmlar to‘g‘ri ishlashi ta’minlanadi. Oxirida, loyiha yakuniga yetkazilgach, mablag‘lar behuda sarflanmagani va kelishilgan natijalarga erishilgani borasida hisobot tayyorlanadi.

Javoblaringiz uchun rahmat. Qo‘shimcha izohlaringiz bormi?

– Yo‘q. Aytganimdek, biz O‘zbekiston va mintaqa bilan hamkorlikni davom ettirishdan xursand bo‘lamiz. Bu yerda o‘tadigan yig‘ilish Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki tarixidagi eng yaxshilaridan biri bo‘ladi deb umid qilamiz. Bo‘lajak tadbirda O‘zbekiston jamoatchiligi qiziqib ishtirok etsa, xursand bo‘lardik.

Madina Ochilova suhbatlashdi.
Operator va montajchi – Nizomjon Toshpo‘latov.

Mavzuga oid