Sport | 13:01 / 14.03.2024
31359
15 daqiqa o‘qiladi

Amaldagi finalchi turnirni tark etdi. YeChLda kun o‘yinlari

Simeone jamoasi mavsum boshidan buyon mag‘lubiyatga uchramagan «Inter»ni turnirdan chiqarib yubordi, chorakfinalning barcha ishtirokchilari ma’lum.

Foto: DAVID RAMOS/GETTY IMAGES

Madridliklar ikki to‘p farqni yo‘qqa chiqardi

«Atletiko» — «Inter» 2:1
Gollar:
Grizmann (35), Depay (87) — Dimarko (33). 
Penaltilar seriyasi — 3:2.
«Atletiko» – Oblak, Molina (Barrios, 79), Savich, Ermoso, Vitsel, Koke, De Paul (Korrea, 71), Lorente (Aspilikueta, 99), Grizmann (Saul, 106), Morata (Depay, 79), Lino (Rikelme, 71).
«Inter» – Zommer, Dumfris (Darmian, 73), de Vrey, Pavar, Bastoni (Acherbi, 73), Dimarko (Bissek, 84), Mxitaryan (Klassen, 111), Chalxono‘g‘li, Barella (Frattezi, 84), Tyuram (Sanches, 102), Martines.
Ogohlantirishlar: Ermoso (41), Koke (90), Chalxono‘g‘li (104), Acherbi (105), Bissek (118). 
Birinchi o‘yin — 0:1.

Nimchorakfinaldagi eng intrigali juftlik

Guruh bosqichidan keyin 1/8 final uchun qur’a Chempionlar ligasidagi favorit va anderdog jamoalar juftliklarini hosil qilgandi. Faqat «Atletiko» — «Inter» bundan mustasno. Aynan shu jamoalar qarama-qarshiligi avvaldan turnirning ushbu bosqichidagi eng shiddatli va keskin to‘qnashuvni taqdim etishi kutilgandi.

Birinchi o‘yinda «Inter» sezilarli ustunlikka erishdi — xG bo‘yicha (kutilgan gollar) 1,97 ko‘rsatkichiga erishdi va zarbalar soni bo‘yicha ham ikki barobar ustunlik qildi (13-7). Shunday ekan, safardagi 0:1 hisobi Simeone jamoasi uchun nisbatan qoniqarli deb atash mumkin edi. Argentinalik mutaxassis javob o‘yinidan oldin bejiz «Atletiko» safarda Yevropaning eng yaxshi klubiga yutqazganini aytmagandi.

Neradzurrilar Diyego Simeonening bu bahosiga qanchalik munosibligi — bahsli masala, ammo Simone Indzagi kuchli jamoa tuzgani shubhasiz, bu jamoadagi har bir futbolchi hujumda ham, himoyalanishda ham o‘zi qilishi kerak bo‘lgan ishlarni yaxshi biladi. Agar «Inter»ning o‘tgan mavsumda finalga chiqishini ko‘pchilik qur’ada omadi kelganiga yo‘ygan bo‘lsa, bu mavsumda milanliklar — tan olingan favoritlar qatorida edi. Jamoa javob uchrashuviga ham shunday maqomda tashrif buyurdi. Qolaversa, Indzagi o‘tgan tur o‘yinida Martines, De Vrey, Pavar va Dimarkoga dam berdi, shuningdey maydon markazidagi asosiy futbolchisi Chalxono‘g‘li jarohatdan tuzalib safga qaytdi, shunday ekan, milanliklar Madridda o‘zining butun kuchini namoyish etishga tayyor edi.

«Atletiko»dagi vaziyat esa barqaror emasdi. Bir tomondan, «matraschilar» o‘z maydonida o‘ynash ustunligiga ega edi, jamoa bu mavsumda o‘z uyida faqat ikki uchrashuvda g‘alaba qozona olmagan (la ligada «Xetafe» bilan durang qayd etilgan va kubok o‘yinida «Atletik»ka mag‘lub bo‘lingan). Qolaversa, «Inter» uchun odatda Ispaniya safari qiyin kechadi — ushbu mamlakat stadionlarida o‘tkazilgan so‘nggi o‘yindan faqat uchtasida durangga erishilgan, yetti bor mag‘lubiyatga uchralgan. Boshqa tomondan, «matraschilar» hozirda qiyin davrni boshdan kechirmoqda — «Atletik»ka qarshi o‘sha muvaffaqiyatsiz o‘yindan keyin la ligadagi besh o‘yinda faqat ikki g‘alabaga erishildi, ayniqsa so‘nggi turda autsayder «Kadis»dan og‘riqli mag‘lubiyatga uchraldi (0:2). Shunga qaramay, Simeone o‘z futbolchilariga 100 foiz ishonishini aytdi, ammo mavsum boshidan buyon mag‘lubiyatga uchramagan «Inter»ni yengish haddan tashqari qiyin vazifa edi.

Ilk daqiqalardan o‘yin kartinasi yaqqol namoyon bo‘ldi — «Atletiko» sezilarli hududiy ustunlikka ega edi, «Inter» tig‘iz himoyalanib, Dimarko va Dyumfris kabi tezkor laterallari orqali qarshi hujumlarga chiqdi. Dastlabki 15 daqiqalikda mezbonlar bir qancha xavfli yurishlarni amalga oshirishdi, ayniqsa chap qanotdan jarima maydoniga tinimsiz uzatmalar uzatildi. Ushbu qanot vakili Linoda eng xavfli vaziyat yuzaga keldi, u himoyachilarni ortda qoldirib yo‘llagan zarbadan keyin Zommer qahramonlik ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi. «Inter» esa bunga javoban Dyumfrisning ikki zarbasi bilan javob qaytardi — ikki holatda ham Oblak o‘z ishini to‘g‘ri bajardi.

«Atletiko» asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da to‘liq tashabbusni o‘z qo‘liga oldi, ammo italyanlarning hujumlari xavfliroq chiqdi va birinchi bo‘lib gol urishdi. Va golli hujum ham namunali ko‘rinish oldi. Maydon markazida Lautaroning ortga pas berishi «Atletiko» himoyachilarini chalg‘itdi va himoya chizig‘i oldinroqqa surildi, raqib esa buning uchun jazoladi: to‘p yana maydonning uchinchi qismiga yetkazib berildi, Barella o‘ziga xos bo‘lmagan chap qanotdan jarima maydoniga yorib kirib, markaziy hujumchi pozitsiyasida paydo bo‘lgan Dimarkoga o‘zi uchun ishchi bo‘lmagan o‘ng oyog‘ida aniq zarba yo‘lladi.

Qarama-qarshilik taqdiri hal bo‘lganday ko‘rinayotganda esa «Atletiko» tarixidagi eng yaxshi to‘purar katta sahnaga chiqdi. Qanotdan uzatilgan to‘p jarima maydonidan uzoqlashtirilganida Koke uni yana jarima maydoniga tashlab berdi, Pavar to‘pni qaytarishda xatoga yo‘l qo‘ydi va to‘p darvozabon maydonida yolg‘iz qolgan Grizmannga borib tushdi, u hisobni tenglashtirish uchun to‘pga teginib qo‘yishi kifoya edi.

Indzagining muvaffaqiyatsizlikka uchragan katenachchosi

Kutilganidek o‘yin taktik duelga aylanib ketdi — ikki murabbiy ham futbolchilarni bir-biriga qarab almashtirdi. 
«Atletiko» hujumlarda urg‘uni o‘ng qanotga qarata boshladi, bu tomonda Liorente faollashdi, ammo uning uzatmalarini «Inter» himoyachilari uchligi qiyinchiliksiz bartaraf etdi, maydon markazini esa yarimhimoyachilar uchligi yopib, raqib hujumlarni markazdan rivojlantirishiga yo‘l qo‘ymadi. O‘yinning 70-daqiqalarigacha uchrashuv Indzagi ssenariysi bo‘yicha ketayotgani ko‘rinib turardi — mezbonlar to‘pga egalik qilishdi, ammo xavfli hujumlar uyushtirish tobora qiyinlashib borayotgandi, mehmonlar katenachcho uslubida o‘yin sur’atini tushirishga harakat qilardi. 

75-daqiqada kam sonli qarshi hujumlardan birida Tyuram o‘yinga nuqta qo‘yishi mumkin edi, ammo fransuz yaqin burchakni aniq nishonga ololmadi. Keyin esa Barellada yaxshi imkoniyat bo‘ldi, ammo bu vaqtga kelib holdan toyib qolgan futbolchining zarbasiga aniqlik yetishmadi. Keyin esa voqealar rivoji «sen urmasang — senga urishadi» naqli bo‘yicha kechdi. Amalda barchasi Morata o‘rniga Depay tushishi bilan o‘zgardi. Memfis maydonga tushishi bilan boshda xavfli zarba yo‘lladi, keyin jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasi bilan ustunni titratdi. Ikki daqiqa o‘tib esa baribir o‘z maqsadiga erishdi — De Vreyning ta’qibidan qochib, o‘z jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi.

90+3-daqiqada Rikelme Grizmanning pasidan keyin o‘yinga nuqta qo‘yishi mumkin edi, ammo 11 metrlik zarba hududidan turib to‘pni to‘sin ustidan oshirib tepdi — Simeone umidsizlik bilan gazonga quladi. 

Overtaym Chempionlar ligasi pley-off o‘yinlariga xos tarzda kechdi — ehtiyotkorona va vaziyatlarga mo‘l bo‘lmagan holda. Jamoalar bir necha martadan hujumlar uyushtirishdi, ammo yaqqol xavfli vaziyatlar yuzaga kelmadi. 

Penaltilar seriyasida esa «Atletiko» darvozaboni Yan Oblak qahramonga aylandi. Sloveniyalik Sanches va Klassen ijrosidagi oddiy zarbalarni qaytardi. Lautaro esa to‘pni «Metropolitano» tribunalari tomon yo‘llab, mezbonlarni chorakfinalga jo‘natdi.

PSV qo‘shimcha daqiqalarda qutulib qolishi mumkin edi. Ammo Roys hal qildi

«Borussiya» D — PSV 2:0
Gollar:
Sancho (3), Roys (90+5). 
«Borussiya» D – Kobel, Zyule, Hummels, Jan, Matsen, Zabitser, Brandt (Nmecha, 58), O‘zjan, Malen (Adeyyemi, 70), Sancho (Roys, 75), Fyullkrug.
PSV – Benites, Teze, Boskalli, Shauten, Dest, Mauro Junior (Babadi, 86), Til (Losano, 46), Verman (Pepi, 82), Tillman, Bakayoko, de Yong.
Ogohlantirishlar: Zyule (88), Nmecha (89).
Birinchi o‘yin — 1:1.

Nimchorakfinal o‘yinlari boshlanishidan oldin ekspertlar bu jamoalar ushbu bosqichdagi eng teng kuchli juftlikni hosil qilganini aytishayotgandi. Bundesliganing to‘rtinchi jamoasi Niderlandiyada umuman mag‘lubiyatga uchramagan va yaqqol yetakchi bo‘lgan PSV bilan o‘yinlarda favorit sanalmasdi. Eyndhovendagi birinchi o‘yinda ham kuchlar teng keldi. Jamoalar bittadan gol urishdi va Dortmunddagi javob o‘yini oldidan intriga hosil qilishdi. Albatta, safardagi durang «Borussiya»ga kichik ustunlik taqdim etardi. Asosiy markaziy himoyachisi Niko Shlotterbek diskvalifikatsiyaga uchragani va o‘ng qanot himoyachisi Yulian Ryuerson yo‘qligiga qaramay. Ammo PSV ham taslim bo‘lish haqida o‘ylamayotgandi. Jamoa ichki chempionatda g‘oliblikni boy berib qo‘yishi dargumon, shunday ekan asosiy urg‘uni yevrokubokka qaratish mumkin edi.

«Borussiya» esa ichki chempionatni bir chetga surib, asosiy urg‘uni YeChLga qarata olmasdi. Chunki jamoa ko‘p yillardan buyon ilk bor asosiy yevrokubok yo‘llanmasisiz qolishi mumkin. Hozirda dortmundliklar to‘rtinchi o‘rinda bormoqda, ammo bu pozitsiyani saqlab qolish ham kerak. Chunki bu o‘ringa da’vogarlar yetarlicha. Ammo birinchi bo‘limda nemislar barcha muammolarni unutishdi va bor e’tiborni raqibga qaratishdi.

Mehmonlar darvozaboni ikkinchi daqiqadayoq o‘zini ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi. Bakayoko ikki futbolchi bosimi ostida qoldi, avvaliga Brandt qulay pozitsiyaga chiqib bordi, ammo uning yo‘lini to‘sishdi, keyin Matsen gol urishi mumkin edi, ammo PSV posboni yaxshi harakat qildi. Lekin keyingi hujumda baribir gol urildi. Sancho darvozadan taxminan 20 metr masofadan turib burchakni aniq nishonga oldi. Bu uning qatorasiga ikkinchi goli – angliyalik futbolchi oldingi o‘yinda «Verder» darvozasini ishg‘ol etgandi.

To‘rt daqiqa o‘tib nemislarning ikkinchi goli kichik ofsayd tufayli bekor qilindi, ammo ular gangib qolgan raqibni tezda taslim qilish uchun to‘xtovsiz hujum qilishda davom etishdi. 11-daqiqada Niklas Fyullkrug mudofaasi parokanda bo‘lib ketgan mehmonlarni ochiqchasiga kechirdi. Birinchi bo‘limda mezbonlarda supervaziyatlar yetarlicha bo‘ldi – Doniell Malenning o‘zi ikkita qulay imkoniyatni ko‘kka sovurdi. PSV faqat 25-daqiqadan keyin o‘ziga kela boshladi va hujum uyushtirishga harakat ko‘zga tashlana boshladi. Ammo dortmundliklar himoyada ham benuqson o‘yin ko‘rsatishdi, ayniqsa Mats Hummels raqiblarga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Niderlandiyaliklar faqat mo‘jiza tufayli ikkinchi bo‘limga ham intrigani saqlab qolishdi.

Tanaffusdan keyin ham mehmonlar Malenning hujumini o‘tkazib yuborishdi, ammo keyin o‘yin tenglasha boshladi. Keyin esa mezbonlar o‘z jarima maydonida qamalib qolishdi. «Borussiya» bu mavsumda avval ham ko‘p kuzatilgani kabi tushunarsiz ravishda to‘liq ustunlik qilayotgan o‘yinida tashabbusni raqibga berib qo‘ydi.

Avvaliga Irvin Losano hisobni tenglashtirishi mumkin edi, ammo ustun «Borussiya»ni qutqardi. Keyin Joan Bakayoko qulay vaziyatga ega  bo‘ldi, u Hummelsni dog‘da qoldirdi va yaxshi zarba berdi. Shundan keyin o‘yin durangga qarab keta boshladi. «Borussiya» butkul ilojsiz ko‘rinardi. Nemislar umuman to‘pga egalik qilishmadi va vaziyatlar yaratishmadi.

75-daqiqada jarohat olgan Sancho o‘rniga Marko Roys tushishigina vaziyatni o‘zgartirdi. U to‘pga ilk teginishdayoq jarima maydonidagi Fyullkrugga ideal uzatma berdi, hujumchi ham bir teginishda darvoza to‘rini ishg‘ol etdi. Ammo xursandchilik uzoqqa cho‘zilmadi: videoassistentlar kichik ofsaydni qayd etishdi. 

O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Lyuk de Yong darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketdi, ammo to‘pni darvoza to‘sini ustidan yuqoriga tepdi va o‘yinni qutqara olmadi. Keyin esa niderlandiyalik himoyachilar oddiy vaziyatda xatoga yo‘l qo‘ydi, Roys Valter Benites bilan duelda ustun kelib, o‘z jamoasini chorakfinalga olib chiqdi.

Chempionlar ligasi 1/4 finalining barcha ishtirokchilari

– «Manchester Siti» (Angliya)
– «Arsenal» (Angliya)
– «Borussiya» D (Germaniya)
– «Bavariya» (Germaniya)
– «Real» (Ispaniya)
– «PSJ» (Fransiya)
– «Barselona» (Ispaniya)
– «Atletiko» (Ispaniya)

Qur’a 15 mart kuni, Toshkent vaqti bilan soat 16:00 da boshlanadi.

Chorakfinalning birinchi va javob uchrashuvlari mos ravishda 9–10 hamda 16–17 aprel kunlari o‘tkaziladi.

Mavzuga oid