“Afsonaviy samolyot” – Toshkentda ishlab chiqarilgan Il-76 tarixi
Bundan bir necha kun oldin Rossiyada Il-76 harbiy-transport samolyoti qulab tushdi. Bir paytlar asosan Toshkentda ishlab chiqarilgan bu samolyotdan shu paytgacha qariyb 1 000 dona tayyorlangan. Ulardan 100 dan oshig‘i halokatga uchragan. Bugun dunyoning 30 dan ortiq davlatida Il-76 samolyotlaridan turli maqsadlarda foydalanishmoqda. Ular orasida AQSh kompaniyalari ham bor.
Agar SSSR aviatsiya sanoati tarixiga nazar tashlansa, 1950-1970-yillarda u gurkirab rivojlanganini ko‘rish mumkin. O‘sha paytlarda bir vaqtning o‘zida mamlakatdagi turli aviazavodlar o‘nlab turdagi fuqaro aviatsiyasida va harbiylar uchun samolyotlar tayyorlagan.
Mamlakatda bir vaqtning o‘zida o‘nga yaqin konstruktorlik byurolari ishlardi. Jumladan:
- “An” samolyotlari – Oleg Antonov tomonidan tashkil etilgan konstruktorlik byurosida;
- “Tu” samolyotlari – konstruktor Andrey Tupolev tomonidan tashkil etilgan konstruktorlik byurosida;
- “Il” samolyotlari – konstruktor Sergey Ilyushin nomidagi konstruktorlik byurosida;
- “Yak” samolyotlari – konstruktor Aleksandr Yakovlev nomidagi konstruktorlik byurosida loyihalashtirilardi.
Bundan tashqari, Artyom Mikoyan va Mixail Gurevich tomonidan tashkil etilgan konstruktorlik byurosida “MiG” va Pavel Suxoy tomonidan tashkil etilgan konstruktorlik byurosida “Su” harbiy samolyotlari loyihasi ishlab chiqarilgan.
O‘sha paytlarda har yili minglab samolyotlar ishlab chiqarilar ekan, sovetlar ularni mukammallashtirishga urinishmadi. 1980-yillarga kelib modellar eskirdi va xalqaro talablarga javob bermay qo‘ydi.
Oqibatda SSSR parchalanib ketgandan so‘ng Rossiyada fuqaro aviatsiyasi uchun samolyot ishlab chiqarish qariyb to‘xtab qoladi. Ammo ilk bor 1970-yillarda ishlab chiqarilgan samolyotlarning ayrimlari bugun ham ishlab chiqarilmoqda. Ulardan biri afsonaviy Il-76 samolyoti.
Bejizga bu samolyotni afsonaviy deyishmaydi. O‘z vaqtida asosan Toshkentdagi aviazavodda ishlab chiqarilgan bu samolyotdan umumiy hisobda 1 000 ga yaqin tayyorlangan. Ana shu ko‘rsatkichi bilan u dunyoda yagona hisoblanadi.
Il-76 tayyorlanishi tarixi
1966 yil 28 iyun kuni SSSR aviatsiya sanoati vazirligi Ilyushin konstruktorlik byurosiga yangi harbiy-transport samolyoti loyihasini ishlab chiqarish topshirig‘ini beradi.
O‘sha paytgacha SSSRda bir nechta turdagi harbiy-transport samolyotlari bo‘lgan, biroq ularning o‘lchami va yuk ko‘tarish quvvati past edi.
Ilyushin konstruktorlik byurosiga berilgan topshiriqda to‘rtta turbo dvigatel bilan jihozlanadigan, kamida 50 tonna yuk ko‘tara oladigan yirik samolyot loyihasini tayyorlash topshirilgandi.
Oradan 8 oy o‘tib, 1967 yil 25 fevralda konstruktorlik byurosining bosh konstruktori Sergey Ilyushin Il-76 deb nomlangan yangi harbiy-transport samolyotining texnik loyihasi tayyor bo‘lgani haqida hisobot beradi.
1967 yil 27 noyabr kuni SSSR ministrlar soveti Il-76 samolyotini ishlab chiqarishni boshlash haqidagi qarorni qabul qiladi. Samolyotning sinov nusxasini tayyorlash Moskvadagi “Strela” mashinasozlik zavodida boshlandi.
Birinchi Il-76'ni tayyorlash ishlariga ikki yil vaqt ketadi. 1971 yil 25 mart kuni u birinchi sinov parvozini amalga oshiradi. O‘sha yili may oyida uni Parijda o‘tkaziladigan xalqaro aviasalonda namoyish etishadi.
Sinov parvozlari muvaffaqiyatli kechgach Il-76 samolyotini seriyali ishlab chiqarish Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasiga topshiriladi.
Bu zavod 1941 yilda nemislar SSSRga hujum qilganda Moskva viloyatidan Toshkentga ko‘chirib keltirilgan, o‘shandan buyon turli rusumdagi samolyotlarni ishlab chiqarib kelayotgandi.
1973 yil 5 may kuni seriyali tarzda ishlab chiqarilgan ilk samolyot Toshkentdan parvoz qiladi. Ko‘p o‘tmay Il-76 samolyotlarining harbiylar, fuqaro aviatsiyasida yuk tashish uchun, yana radiolokatsion shtab ko‘rinishida (A-50) boshqa turli rusumlari tayyorlanadi.
1980-yillarning oxirida Il-76'ning yangilangan Il-76MF/TF modeli loyihasi tayyorlanadi. Loyihaga ko‘ra u avvalgilariga qaraganda yonilg‘ini 15 foizga kamroq sarflardi. Shuning hisobidan samolyotning yonilg‘i sig‘imini bir marta to‘ldirganda uchish masofasi 15-20 foizga uzayardi.
Biroq SSSR parchalanib ketgani sababli mazkur modelni tayyorlash va sinovdan o‘tkazish ishlari ortga surilib ketadi. Ilk parvoz 1995 yilga kelib o‘tkaziladi. Seriyali ishlab chiqarish esa 2012 yildan boshlanadi.
Il-76 samolyotlari sovet davrida asosan Toshkentdagi aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida tayyorlangan.
Ma’lumot uchun, Toshkentdagi zavodda 1941 yildan 1990 yilgacha qariyb 10 mingta (!) samolyot ishlab chiqarilgan.
SSSR parchalanib ketgandan so‘ng birlashma faoliyati avvaliga sustlashib qoladi. 1990-yillar o‘rtalarida aviazavod o‘z faoliyatini to‘xtatadi va u yerda boshqa turdagi mahsulotlar tayyorlana boshlanadi. 2000-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab Il-76 samolyotlarini ishlab chiqarish Rossiyada davom ettiriladi.
Il-76 samolyotlaridan shu paytgacha qariyb 1000 dona ishlab chiqarilgan. Ulardan 100 dan oshig‘i eksport qilingan. Hozirgi paytda turli davlatlarda 300 dan ortiq Il-76 samolyotidan foydalanishmoqda. Shu jumladan O‘zbekistonda ham bunday rusumdagi samolyot bor.
Il-76 samolyotining turli rusumlari
Il-76 – birinchi seriyali ishlab chiqarilgan varianti;
Il-76M – fyuzelyaji qalinroq va yuk ko‘tarish quvvati biroz oshirilgan varianti;
Il-76MGA – fuqaro aviatsiyasida yuk tashishga mo‘ljallangan rusumi;
Il-76T – fuqaro aviatsiyasi uchun transport samolyoti;
Il-76MD – yuk ko‘tarish quvvati oshirilgan va uzoq masofalarga uchishga mo‘ljallangan varianti;
Il-76TD – yuk ko‘tarish quvvati oshirilgan va eng uzoq masofalarga uchishga mo‘ljallangan transport samolyoti. Il-76'lar orasida eng mashhur rusum shu bo‘ladi.
A-50 – Il-76 bazasida ishlab chiqarilgan radiolokatsion qurilmalar o‘rnatilgan va havo shtabi uchun foydalaniladigan rusumi. 2023 yil oxiri va 2024 yil boshida Ukraina tomoni Rossiyaning ikkita A-50 samolyotini urib tushirdi. Bu samolyotning har bir donasi 350 mln dollar atrofida narxlanadi.
A-60 – Il-76MD samolyoti asosida ishlab chiqarilgan. Bu rusumdagi samolyotlar asosan havo laboratoriyasi vazifasini bajaradi va ularda lazer qurollari olib yuriladi.
Il-76KT – bu rusumdan asosan kosmonavtlar mashq samolyoti sifatida foydalanadi.
Il-78 – bu samolyot ham Il-76 bazasida ishlab chiqarilgan bo‘lib, u asosan yonilg‘i olib yuradi. Il-78'dan havoda samolyotlarga yonilg‘i quyishda foydalanishadi.
Il-76MD “Skalpel” – bu samolyot havo gospitali hisoblanadi. Uning borti bo‘limlarga ajratilgan va turli tibbiy jihozlar joylashtirilgan. U yerda bemalol tibbiy amaliyotlarni (operatsiyalarni) o‘tkazish ham mumkin.
Il-76PS – bu rusumdagi samolyot faqat qidiruv va qutqaruv ishlarida foydalanish uchun tayyorlangan.
Il-76TD “Antarktida” – Arktika va Antarktidaga parvoz qilish uchun maxsus jihozlangan varianti;
Il-76MK – bu rusumdagi samolyot asosan desant qo‘shinlarini tashish uchun mo‘ljallangan.
Bundan tashqari, Il-76'ning yong‘in o‘chirishga moslashgan va yana bir qator variantlari tayyorlangan.
Il-76 samolyotlarining harbiy maqsadlarda foydalaniladiganlariga juda ko‘plab uskunalar o‘rnatiladi. Jumladan, radiosistema, radiolokatsion va radar uskunalari, navigatsiya asboblari o‘rnatilgan.
Il-76 samolyotining xarakteristikasi
- Uzunligi – 46,6 metr;
- Qanotlarning uzunligi 50,5 metr;
- Og‘irligi – 85,5 tonna;
- Parvoz og‘irligi – 210 tonna;
- Yuk ko‘tarish quvvati – 60 tonnagacha;
- Yonilg‘i sig‘imi – 109 ming litr;
- Yonilg‘i sig‘imi bir marta to‘ldirilganda uchish masofasi;
— Ortilgan yuk 60 tonna bo‘lganda 4 ming km;
— Ortilgan yuk 48 tonna bo‘lganda 5,5 ming km;
— Ortilgan yuk 40 tonna bo‘lganda 6,5 ming km.
- Ekipaj soni – 5 kishi;
Desantchilar uchun tayyorlangan rusumiga bir vaqtning o‘zida 126 harbiy joylasha olgan.
- Dvigatellar soni – 4 ta;
- Maksimal tezligi – soatiga 780-850 km.
Il-76 samolyotining yuk ortish qismi o‘lchami uzunligi 24,5 metr, eni 3,45 metr, balandligi 3,4 metrni tashkil etgan. Samolyot fyuzelyaj qismi katta bo‘lgani uchun unga yirik hajmdagi yuklarni, ko‘plab harbiy texnikalarni joylash mumkin.
Il-76 samolyotlaridan qaysi davlatlar foydalanmoqda?
Bugun Il-76 samolyotlaridan asosan Rossiya foydalanmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ukraina, Moldova, Armaniston, Ozarboyjon kabi sobiq ittifoq respublikalarida ham Il-76 samolyotlari bor.
SSSR davrida va keyinchalik Rossiya tomonidan Il-76 samolyotlari ko‘plab xorijiy davlatlarga ham sotilgan.
Jumladan, SSSR va Rossiyaning sodiq ittifoqchilari Kuba, Xitoy, Eron, Shimoliy Koreya, Suriya, Serbiya, Vengriya, Laos davlatlari Il-76 samolyotlarining turli rusumlaridan foydalanib kelmoqda.
Bundan tashqari, bir paytlar SSSR bilan do‘stona munosabatda bo‘lgan Afrika va Osiyoning qator davlatlari – Jazoir, Angola, Hindiston, Iordaniya, Iroq, Kongo, Liviya, Yaman, Kamboja, Sudan, Zimbabve kabi davlatlar ham IL-76 samolyotlarini xarid qilgan.
Il-76 samolyotlari okean ortiga ham yetib borgan. Juda ko‘plab turdagi samolyotlar ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan AQShda ham bir nechta xususiy kompaniya Il-76'lardan turli maqsadlarda foydalangan.
Rossiya OAVda berilgan ma’lumotga ko‘ra 2021 yil holatiga Il-76 samolyotidan eng ko‘p Rossiyada bor – 110 dona. Keyingi o‘rinlarda Hindiston 24 dona), Ukraina (18 dona), Jazoir (17 dona), Xitoy (16 dona) va Eron (12 dona) joylashgan.
Yo‘qotishlar
Turli aviatsiya yangiliklarini yoritib boradigan Aviation Safety Network sayti ma’lumotlariga ko‘ra ishlab chiqarish boshlangandan buyon 2023 yil so‘ngigacha umumiy hisobda 94 ta Il-76 samolyoti halokatga uchragan. Ularda jami 1 133 kishi halok bo‘lgan.
Bitta holatda Il-76 samolyotini olib qochishga urinish bo‘lgan va bu hodisada hech kim halok bo‘lmagan.
Il-76 samolyotlari bilan bog‘liq eng mashhur hodisa 1996 yilda Afg‘onistonda sodir bo‘ladi. “Tolibon” jangchilari Rossiyaga tegishli Il-76 samolyotini egallab olib, uning ekipajini asir olishadi.
O‘shanda Albaniyadan Afg‘oniston qarshilik kuchlari uchun qurol-yarog‘lar olib kelayotgan Il-76'ni “Tolibon”ga tegishli qiruvchi samolyotlar havoda tutib oladi. So‘ng uni Qandahordagi toliblar nazorat qilayotgan aerodromga majburan qo‘ndiradi.
O‘shanda bir yildan oshiqroq asirlikda bo‘lgan ekipaj a’zolari oxir-oqibat samolyotni "Tolibon" qo‘lidan olib qochishga muvaffaq bo‘lishadi. Ular Eron va BAA orqali Rossiyaga yetib olishadi.
Il-76 samolyoti haqida qiziqarli faktlar
- Il-76 samolyotlaridan hozirda dunyoning 30 dan oshiq davlati foydalanmoqda. Ular orasida hatto AQSh ham bor.
- Il-76 dunyodagi eng ko‘p ishlab chiqarilgan harbiy-transport samolyoti hisoblanadi.
- Samolyotning o‘rtacha narxi 100 mln dollarga baholanadi. Jihozlanishiga qarab ularning narxi oshib boraveradi. Masalan, Il-76 bazasida tayyorlangan A-50 samolyoti 350 mln dollar atrofida narxlanadi.
- Il-76 samolyotlari jami 25 ta jahon rekordlarini o‘rnatgan.
- Il-76'dan avvaliga harbiy-transport samolyoti sifatida foydalanish nazarda tutilgan. Biroq keyinchalik undan transport samolyoti sifatida foydalanish ommalashdi.
Bir paytlar Toshkentdagi Chkalov nomidagi aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida yiliga 60 donadan oshiq Il-76 tayyorlangan.
- Il-76 samolyotlarining yaroqlilik muddati 30 yil etib belgilangan (yangi rusumdagilarda 35-45 yil).
- Il-76 ko‘p funksiyali samolyot hisoblanadi. Undan yonilg‘i ortib yurishda, uzoq masofalarda razvedka kuzatuvlari o‘tkazishda, yong‘inlarni o‘chirishda, kosmonavtlarni tayyorlashda, lazer qurollarini tashishda foydalanishadi. Shuningdek, uning uchib yuruvchi gospital varianti ham bor.
- Yangi avlod Il-76 samolyotlariga o‘rnatilayotgan har bir dvigatelning og‘irligi (tutib turuvchi moslamasi (tyagalari) bilan 14,5 tonna chiqadi. Ularning har biri 12 ming ot kuchiga ega.
- Il-76 SSSRda turbodvigatellar bilan ishlab chiqarilgan birinchi transport samolyoti hisoblanadi.
- Rossiya OAVda yozilishicha, bugun Rossiya kosmik havo kuchlari tarkibida 100 dan oshiq turli rusumdagi Il-76 samolyotlari bor.
Il-76 larning kamchiliklari ham bor. Bular samolyotga zenit-raketa komplekslarini joylab bo‘lmaydi (ular asosan An-124 “Ruslan”da tashiladi). Shuningdek, Il-76'lar uzoq masofalarga, masalan okean oshib qit’alararo ucha olmaydi.
Il-76 ishtirokidagi eng yirik (ko‘p odam halok bo‘lgan) halokatlar
Bundan bir necha kun oldin 2024 yil 12 mart kuni Rossiyaning Ivanovo viloyatida Il-76 samolyoti qulab tushdi.
Harbiylarga tegishli samolyot havoga ko‘tarilayotganda uning dvigatellaridan biri uzilib ketgan va Il-76 qulab tushgan. Oqibatda 8 nafar ekipaj a’zosi va samolyot bortida bo‘lgan 7 yo‘lovchi halok bo‘lgan.
Il-76 bilan bog‘liq eng yirik halokat 2003 yilda Eronda sodir bo‘lgandi. Eron islom inqilobi muhofizlari korpusiga tegishli samolyot yomon ob-havo sharoitida Kermon shahri yaqinidagi tog‘ga urilib, qulab tushadi.
Oqibatda 11 nafar ekipaj a’zosi va 264 nafar Eron islom inqilobi muhofizlari korpusi harbiylari halok bo‘ladi. Bu hodisa SSSRda ishlab chiqarilgan samolyotlar bilan va Il-76' lar bilan sodir bo‘lgan eng yirik halokat hisoblanadi.
Il-76 bilan bog‘liq yana bir yirik halokat 2018 yilda Jazoir harbiy-havo kuchlariga qarashli samolyot bilan sodir bo‘lgandi.
Bufarik shahridagi harbiy baza aerodromidan havoga ko‘tarilayotganda samolyotda yong‘in sodir bo‘ladi. Oradan bir necha daqiqa o‘tgach Il-76 qulab tushadi va yonib ketadi.
Oqibatda 247 kishi halok bo‘ladi. Halok bo‘lganlarning barchasi harbiy xizmatchilar bo‘lishgan. Jazoirda halokatga uchragan samolyot 1994 yilda Toshkentda ishlab chiqarilgan va 2015 yilda Moskva viloyatidagi Jukovskiy shaharchasidagi korxonada kapital ta’mirlab berilgandi.
Shuningdek, Il-76 samolyotlari bilan sodir bo‘lgan halokatlarda 1988 yilda Armanistonda 77 kishi, 1989 yilda Bokuda 57 kishi, 2014 yilda Ukrainaning Lugansk shahrida 49 kishi halok bo‘lgan.
Bundan tashqari, 1996 yilda Hindistonning Charxi Dadri shahri osmonida Qozog‘istonga tegishli Il-76 Saudi Arabian Airlines aviakompaniyasiga tegishli Boeing 747 bilan to‘qnashadi.
Oqibatda Il-76' da bo‘lgan 37 nafar ekipaj a’zolari va yo‘lovchilar, Boeing 747’da bo‘lgan 312 nafar ekipaj a’zolari va yo‘lovchilar halok bo‘ladi.
Bir necha holatda ikkita Il-76 samolyotlari o‘zaro to‘qnashgan. Jumladan, 1987 yilda SSSR harbiy-havo kuchlariga qarashli ikkita Il-76 Qrim yarimoroli yaqinida bir-biriga uriladi. Oqibatda har ikki samolyot havoning o‘zida portlab ketadi va ularning ekipaj a’zolari halok bo‘ladi.
2009 yilda Maxachqala shahri aeroportiga qo‘nayotgan Il-76 yomon ob-havo sharoitida aeroportda turgan boshqa bir Il-76 bilan to‘qnashadi. Oqibatda 4 kishi halok bo‘ladi, 2 kishi tan jarohatlari oladi. Har ikki samolyot ta’mirtalab ahvolga kelib qoladi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid:
Mavzuga oid
14:42 / 10.12.2024
RF Ukrainaga Il-76 qulashida halok bo‘lganlar jasadini topshirdi
18:57 / 04.12.2024
Antalyada yongan Superjet: inqirozga yuz tutgan Rossiya aviasanoati
14:11 / 29.11.2024
Varshavada samolyotda uchishga ruxsat berilmagan o‘zbekistonlik fuqaroga yordam ko‘rsatildi
14:01 / 15.11.2024