O‘zbekiston | 16:48 / 18.03.2024
9199
2 daqiqa o‘qiladi

Humo Air reyslarni bekor qilishda qonunni buzgan - Raqobat qo‘mitasi

Humo Air loukosteri 284 ta aviareysni bekor qilgani va chipta pullarini vaqtida qaytarib bermagani bilan iste’molchilar huquqlarini poymol qilgani aniqlandi. Raqobat qo‘mitasiga ko‘ra, aviakompaniya kelib tushgan 3 mingta murojaatdan bugungi kungacha 2 mingtasini hal qilgan, mijozlarga 1,5 mlrd so‘m qaytarilgan.

Foto: Humo Air

Humo Air aviakompaniyasi reyslarni bekor qilish va mijozlarga mablag‘larni o‘z vaqtida qaytarmaslik bilan “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun talablarini buzgan. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qo‘mitaga ko‘ra, “Humo Air” MChJ tomonidan 2024 yilda 284 ta aviareys bekor qilingan va aviachipta xarid qilgan yo‘lovchilarga pullari o‘z vaqtida qaytarib berilmagan.

Bu bilan aviakompaniya “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 19- va 21-moddalari talablarini buzgan, deyiladi rasmiy axborotda.

Bu qonunning 19-moddasida ijrochilar o‘z xizmatlarini belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ko‘rsatishi shartligi, 21-moddasida esa ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olish mumkin emasligi belgilangan.

Ma’lum qilinishicha, Humo Air'ga 3 ming nafar iste’molchidan murojaat kelib tushgan bo‘lib, shulardan 2 ming nafarining murojaati bugungi kungacha qanoatlantirilgan va aviachipta uchun to‘lagan 1 mlrd 500 mln so‘m mablag‘ iste’molchilarga qaytarilishi ta’minlangan.

“Shuningdek, 6 nafar iste’molchi talabiga ko‘ra, aviakompaniya o‘z hisobidan boshqa aviakompaniyadan 7 mln 498 ming 758 so‘mga chiptalarni xarid qilib topshirdi. Aviakompaniya tomonidan parvozi amalga oshmagan qolgan yo‘lovchilarga ham pulni qaytarish choralari ko‘rilmoqda”, – deyiladi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish organi axborotida.

Raqobat qo‘mitasi foydalanilmagan aviachiptalar uchun iste’molchilarga to‘lovlar to‘liq qaytarilishi bo‘yicha nazorat o‘rnatganini ma’lum qilgan.

29 fevral kuni Humo Air loukosteri 10 martdan boshlab mahalliy qatnovlarni to‘xtatishini e’lon qilgandi. Bunga sabab – avvaliga mahalliy parvozlar uchun tashkil etilgan aviakompaniya xalqaro reyslar bozoriga o‘tishga qaror qilgan.

Mavzuga oid