O‘zbekiston | 20:55 / 21.03.2024
15239
4 daqiqa o‘qiladi

AQShning Sharlotta shahrida o‘zbek palovi tayyorlana boshlandi

Amerikaliklarga osh va manti taklif qilayotgan yangi restoran – kimyo muhandisligidan tadbirkorlikka qadam qo‘ygan 27 yoshli Sarvar Nazirning ilk biznesi. “Kelgusida ko‘plab shoxobchalar ochish niyatim bor. Amerikaliklar o‘zbek taomlarini bilishlarini va har-har zamonda iste’mol qilib turishlarini xohlayman”, – deydi u.

Foto: Charlotte Magazine

AQShning Shimoliy Karolina shtati Sharlotta shahrida ilk marta o‘zbek palovi sotila boshlandi.

Charlotte Magazine jurnalining yozishicha, buni 27 yoshli Sarvar Nazir yo‘lga qo‘ygan. Sobiq kimyo muhandisi shaharning Saut-End tumanida taomlarni olib ketish uchun mo‘ljallangan restoran ochib, palovni menyudagi asosiy taom deb belgilagan.

Mahalliy nashrga ko‘ra, oxirgi yillarda Sharlottada o‘ziga xos kulinariya tajribalari ketyapti, turli millatlar va elatlarning oshxonalari ochilyapti.

“Markaziy Osiyo taomi shaharda o‘zining doimiy iste’molchilarini topa oladimi? Nazirda bu savolga javob yo‘q. U ko‘p bo‘lmagan tajribasiga – osh pishirishni bobosidan o‘rgangan – va umidlariga tayanib ish yuritayotganini tan oladi”, – deya yozadi jurnal.

“Biz hozircha bozorda tajriba qilib ko‘ryapmiz, qani ovqatlarimiz odamlarga yoqarmikan-yo‘qmikan. Ikki, uch, to‘rt oy ishlab ko‘rmoqchiman, keyin ishlar qanaqa ketayotganiga qarab bir to‘xtamga kelamiz”, – degan Nazir nashr muxbiri bilan suhbatda.

Foto: Charlotte Magazine

Shuningdek, Nazir onasi bilan birgalikda manti ham pishiryapti. Restoranda o‘zbek milliy taomlari bilan birga achi-chuchi salat hamda bodring va rediskali salat ham taklif etiladi.

Sarvar Nazirning so‘zlariga ko‘ra, u 2023 yilga qadar avval hech restoran ochish haqida o‘ylamagan. Uning o‘zi Nyu-Yorkda, ota-onasi Otabek Nazirov va Lola Nazirova 1970-yillarda O‘zbekistonda tug‘ilgan. Iqtisodchi Otabek Nazirov so‘nggi yillarda O‘zbekistonda bir nechta davlat idoralarida mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgani bilan o‘zbek jamoatchiligiga tanish.

Charlotte Magazine'ning hikoya qilishicha, Covid paytida oilaning bank sohasida ishlovchi a’zolaridan biri Wells Fargo bankining Sharlottadagi ofisiga ishga joylashgach, Nyu-Yorkdagi qimmatchilik va aholi zichligidan charchagan oila janubga ko‘chishga qaror qiladi.

Nazir 2019 yilda Nyu-York universitetida kimyo muhandisligi bo‘yicha daraja olgan. Keyin polimerlar sanoatidagi Auriga Polymers kompaniyasida stajirovka o‘tab, keyin shu kompaniyaga ishga joylashgan, lekin bu ishda o‘zini xuddi mashinaning bir qismidek his etgan. “Bu aynan “mening” ishim emasdi, tushunyapsizmi?” deya izohlaydi u. Nazir shundan keyin bir necha yil tibbiy tadqiqotchi bo‘lib ishlagan, lekin bu ishi ham uni qiziqtira olmagan. O‘sha paytda, o‘zining so‘zlariga ko‘ra, Sharlottada ruscha gaplashayotgan odamlarni eshitib qolgan va shundan boshlab uning xayolida imkoniyatlar gavdalana boshlagan, deya yozadi nashr.

Sarvar Nazirga osh pishirishni bobosi Anvar Nazirov o‘rgatgan. 77 yoshli Anvar Nazirov AQShga 1980-yillarning oxirlarida immigratsiya qilgan. / Foto: Charlotte Magazine

Muxbir Sarvar bilan suhbatlasharkan, uning onasi va unga osh pishirishni o‘rgatgan, hozirda 77 yoshda bo‘lgan pensiyadagi bobosi Anvar Nazirov ham ularning suhbatiga qo‘shilgan.

Oshpaz-tadbirkor o‘zi ochgan palov restorani faoliyatini endigina boshlagani, ambitsiyalari katta ekanini aytadi.

“Kelgusida ko‘plab shoxobchalar ochish niyatim bor. Amerikaliklar o‘zbek taomlarini bilishlarini va har-har zamonda iste’mol qilib turishlarini xohlayman”, – deydi tadbirkor Sarvar Nazir.

Mavzuga oid