O‘zbekiston | 16:52 / 22.03.2024
8669
3 daqiqa o‘qiladi

«Antistrumin» dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyaci vaqtincha to‘xtatildi

Sud Namanganda bolalarning ommaviy zaharlanishi bilan bog‘liq voqeaga daxldorligi gumon qilingan «Antistrumin» dori vositasini ishlab chiqargan «Samo» MChJ litsenziyasini vaqtincha to‘xtatib turish to‘g‘risida ajrim chiqardi: Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining sudga shu haqda kiritgan iltimosnomasi qanoatlantirilgan.  

«Antistrumin» dori vositasini ishlab chiqargan «Samo» MChJ litsenziyasi vaqtinchalik to‘xtatildi. Bu haqda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi xabar berdi.  

Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan «Samo» MChJda farmatsevtik faoliyat bo‘yicha tekshiruv ishlari olib borilayotgandi

«O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, korxona tomonidan qo‘pol qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlanib, 2023 yil dekabr oyida «Samo» MChJ litsenziyasini bekor qilish to‘g‘risida markaz tomonidan sudga da’vo arizasi kiritilgan edi.

Namanganda yuz bergan zaharlanish holati yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha surishtiruv-tergov harakatlari olib borilayotgani sababli mazkur iqtisodiy ish bilan bog‘liq sud, javobgarning iltimosnomasiga ko‘ra 2024 yil 19 yanvarda to‘xtatildi.

Aholining hayoti hamda sog‘ligi uchun tahdid yuzaga kelishining oldini olish maqsadida, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining yuqoridagi iqtisodiy ish bo‘yicha yakuniy sud hujjati qabul qilinguniga qadar «Samo» MChJ litsenziyasini to‘xtatib turish to‘g‘risida Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan iltimosnomasi sudning tegishli ajrimiga muvofiq qanoatlantirdi», deyiladi markaz xabarida.

Qo‘shimcha qilinishicha, «Samo» MChJga tegishli, dori vositalarini ishlab chiqarish uchun 2020 yil 30 martda berilgan 15571-sonli litsenziyaning amal qilishi vaqtinchalik to‘xtatilgan.  

Antistrumin voqeasi

2023 yil 20 sentabrdan O‘zbekistonda «Yorqin millat» dasturi bo‘yicha bolalarni yod bilan ta’minlash ishlari boshlangandi. Yod preparatlari Sog‘liqni saqlash vazirligi va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimi orqali 3 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan barcha bolalar uchun bepul taqdim etilishi ko‘zda tutilgandi.

2023 yil 21 sentabr kuni Namangan viloyati Chust tumanidagi bog‘chaning ayrim tarbiyalanuvchilari orasida tana harorati ko‘tarilishi, qusish, qorin og‘rig‘i alomatlari kuzatilgani xabar berildi. Dastlabki shikoyat bo‘yicha 5 nafar bola shifoxonaga olib kelingan. So‘ngra jami 71 nafar bolaning sog‘lig‘idan shikoyatlar qayd etilgan va ular tezkorlik bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Keyinchalik Namanganda 450 nafar bola kasallangani ma’lum bo‘ldi. Buning ortidan maktab va bog‘chalarga tarqatilgan yod preparati iste’moli to‘xtatildi hamda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Keyinchalik sobiq Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov bolalarga yod preparati yuqori dozada berilganini tan olgandi

Mavzuga oid