O‘zbekistonda ayol taksichilar soni ortayotgani ma’lum qilindi
1 mart holatiga respublikada onlayn-taksichilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ayol haydovchilar soni ming nafardan oshgan.
O‘zbekistonda mingdan ortiq xotin-qizlar onlayn-taksi agregatorlari xizmatlari orqali yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanmoqda. Bu haqda Soliq qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.
O‘zbekistonda 2,6 mln.dan ortiq fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan. Shundan 284 ming nafari joriy yilda ro‘yxatdan o‘tgan. 1 mart holatiga o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilar 420,8 ming nafarni tashkil etgan. Ularning 161,5 ming nafardan ortig‘i soliq organlari bilan integratsiyalashgan onlayn-agregatorlar orqali yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatmoqda. Ta’kidlanishicha, ayollarning bu sohaga qiziqishi ortib bormoqda: 1 053 nafar haydovchi ayol ushbu onlayn xizmatlar orqali yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanmoqda.
Soliq qo‘mitasi ma’lumotlar bazasida mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilar joriy yilning dastlabki 2 oyida onlayn-agregatorlar yordamida quyidagi miqdorlarda daromad olgan:
- 1 million so‘mgacha — 104 241 nafar;
- 1 milliondan 2 mln so‘mgacha — 24 350 nafar;
- 2 milliondan 5 mln so‘mgacha — 23 817 nafar;
- 5 milliondan 10 mln so‘mgacha — 7 887 nafar;
- 10 milliondan 15 mln so‘mgacha — 1 180 nafar;
- 15 million so‘mdan yuqori — 189 nafar.
“Faoliyatini qonuniylashtirish o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga nafaqat qonuniy daromad olish, balki ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy manfaatlariga ham xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar daromadi 100 mln so‘mdan oshmasa soliq to‘lamaydi. Ish stajiga ega bo‘lish va pensiya hisoblash uchun ular ixtiyoriy ravishda yiliga bir marta ijtimoiy soliq to‘lashi mumkin. Shu maqsadda joriy yilda 68,5 ming nafar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs tomonidan 21,7 mlrd so‘m ijtimoiy soliq to‘langan.
Mavzuga oid
08:10 / 11.12.2024
Ayrim taksichilar yo‘lkirani asossiz ravishda oshirgani aniqlandi
12:19 / 22.11.2024
Toshkentda nogironligi bo‘lganlar uchun “Ijtimoiy taksi” xizmati yo‘lga qo‘yildi
17:37 / 12.11.2024
O‘zbekiston taksi xizmati eng arzon davlatlar qatoriga kirdi
18:50 / 29.10.2024