Jahon | 11:33 / 27.03.2024
6018
4 daqiqa o‘qiladi

Bloomberg: Starlink terminallari qora bozorda sotilmoqda

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Starlink qora bozori yuqori tezlikdagi, ishonchli internetga muhtoj, aloqa sifati yomon bo‘lgan hududlarda paydo bo‘lmoqda. Bular, masalan, Yaman, Sudan, Qozog‘iston va Venesuela.

Foto: Yasuyoshi Chiba/AFP/Getty Images

Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa terminallari butun dunyo bo‘ylab qora bozorda sotilmoqda, deb xabar berdi Bloomberg 25 mart kuni manbalarga tayanib. Agentlik surishtiruv o‘tkazdi, uning davomida u noqonuniy savdo va Starlink to‘plamlarini faollashtirishning ko‘plab misollarini aniqladi. 

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, qora bozor yuqori tezlikdagi va ishonchli internetga ehtiyoj sezilgan, aloqa sifati past bo‘lgan hududlarda paydo bo‘lyapti. Misol tariqasida maqola mualliflari ko‘p yillardan buyon shiddatli fuqarolik urushlari davom etayotgan Yaman va Sudanni keltirgan. Har ikki davlat ham tez-tez internet uzilishlarini boshdan kechirmoqda, shuning uchun harbiylar Starlink tizimlariga murojaat qilmoqda. 

Maqolada, shuningdek, Qozog‘iston misoli keltiriladi, u yerda yaqin vaqtgacha, deb yozadi Bloomberg, to‘plamni hatto xususiy mijoz sifatida ham mahalliy pochta xizmati orqali olish mumkin edi. Terminallar Venesuelada ham keng qo‘llanadi, garchi Starlink veb-saytidagi qamrov xaritasi mamlakat sun’iy yo‘ldosh aloqasiga ulanmaganligini ko‘rsatyapti. 

Kontrabanda usullari va Starlink’ning qora bozorda mavjudligi aloqa tizimidan noto‘g‘ri foydalanish global muammo ekanini ko‘rsatib, kompaniyaning o‘z mahsulotlari ustidan nazorati borasida savollar tug‘dirmoqda, deb ta’kidlaydi Bloomberg. 

SpaceX jurnalistlarning qora bozorda terminallar mavjudligi haqidagi savollariga javob qaytarmadi. Biroq, nashrning yozishicha, kompaniya ba’zi mamlakatlarga o‘z xizmatlari muayyan hududlarga yetib bormasligi uchun ular bilan hamkorlik to‘g‘risida va’da bermoqda. 

Starlink Rossiya harbiylari tomonidan Ukrainada foydalanilgani haqidagi xabarlar

11 fevral kuni Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi Rossiya qo‘shinlari Starlink’ni jangovar zonada qo‘llayotganini ma’lum qilib, rossiyalik harbiylar o‘rtasida tutib olingan suhbatlar parchasini dalil sifatida e’lon qildi. Defense One va Astra nashrlari Starlink terminallarini Dubay orqali Rossiyaga yetkazish mumkinligi haqida xabar berdi. 

SpaceX «Rossiya hukumati yoki uning harbiylari bilan hech qanday ish olib bormayotgani»ni ma’lum qildi. Ilon Mask Starlink Rossiya armiyasiga sotilganini shaxsan rad etdi. «Bizga ma’lumki, Rossiyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita birorta ham Starlink sotilmagan», deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida. 

O‘tgan yili SpaceX Ukraina harbiylariga Starlink’dan hujumkor maqsadlarda, jumladan dronlarni boshqarishda foydalanishni taqiqlagan edi. 

Uolter Ayzekson tomonidan yozilgan Maskning tarjimayi holida aytilishicha, 2022 yilda SpaceX asoschisi Ukraina qurolli kuchlarining Rossiya harbiy-dengiz flotiga hujumi oldini olish uchun Qrim qirg‘oqlari yaqinida Starlink sun’iy yo‘ldoshlarini o‘chirishga yashirincha buyruq bergan. Bunga javoban Mask Starlink Qrimda ishlamasligini aytdi va u Ukraina harbiylari iltimosiga ko‘ra uni yoqishdan bosh tortdi, chunki o‘z kompaniyasining «urush va mojaro avj olishida bevosita ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymadi».

Mavzuga oid