O‘zbekiston | 12:54 / 27.03.2024
3135
2 daqiqa o‘qiladi

Qo‘qondan Toshkentga chetda chiqarilgan salkam 400 mln so‘mlik dorilarni olib ketayotgan shaxs qo‘lga olindi

Qo‘qon shahrida yashovchi shaxs chet elda ishlab chiqarilgan juda ko‘p miqdordagi dori vositalarini sotish maqsadida Toshkentga olib ketayotgan vaqtda qo‘lga tushdi.

Tezkor tadbir davomida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan hech qanday hujjatlari bo‘lmagan 25 turdagi 392 million so‘mlikdan ziyod tibbiy dori vositalari daliliy ashyo sifatida olindi.

Qo‘qonlik A.A. tanishi F.M.dan chet elda ishlab chiqarilgan juda ko‘p miqdordagi tibbiy dori vositalarini olib, o‘z xonadonida saqlab kelgan.

DXX va Farg‘ona viloyati bojxonasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda M.J.ning boshqaruvidagi yuk avtomashinasi Dang‘ara tumani Chag‘ali qishlog‘i hududidan o‘tgan “Qo‘qon–Toshkent” avtomobil yo‘li bo‘ylab poytaxt tomon ketayotgan vaqtda to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.

Mazkur yuk avtomashinasida A.A.ga tegishli, hech qanday hujjatlari bo‘lmagan 10 ming dona “Metrogil 100 ml” nomli dori vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi. Shundan so‘ng tadbir davomida uning uyida saqlanayotgan xorijda ishlab chiqarilayotgan dorilar fosh etilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.

Daliliy ashyo sifatida olingan 23 turdagi dori vositalari davlat reyestrida ro‘yxatga olinmagani, muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmagani hamda saqlash sharoitiga amal qilinmagani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, dorilarni sotish, tashish va tibbiyot amaliyotida qo‘llash taqiqlangani bo‘yicha xulosa berilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Dang‘ara tuman sudi tomonidan A.A. 6 yil-u 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilib, sud zalidan qamoqqa olindi.

Mavzuga oid