O‘zbekiston | 07:52 / 27.03.2024
8267
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar hokimi hokimlik xarajatlari uchun 7,3 mlrd so‘m ajratdi

Toshkent shahar hokimligi ma’muriy binosini saqlash hamda 2024 yil uchun kommunal, internet va boshqa xarajatlarni qoplash maqsadida shahar mahalliy budjeti zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 7,3 mlrd so‘m mablag‘ Toshkent shahar hokimligiga ajratilyapti.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahar hokimi “Mablag‘ ajratish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, Chilonzor tumani, Islom Karimov shohko‘chasi 51-uy manzilida joylashgan Toshkent shahar hokimligi ma’muriy binosini saqlash hamda 2024 yil uchun kommunal, internet va boshqa xarajatlarni qoplash maqsadida Toshkent shahar mahalliy budjetining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 7 349 756,4 ming (yetti milliard uch yuz qirq to‘qqiz million yetti yuz ellik olti ming to‘rt yuz) so‘m mablag‘ Toshkent shahar hokimligiga ajratiladi.

Toshkent shahar Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi 2024 yil Toshkent shahar mahalliy budjetiga tegishli o‘zgartirish kiritadi.

Toshkent shahar hokimligi buxgalteriyasi, Toshkent shahar hokimligi Ishlar boshqarmasi ajratilgan mablag‘larni o‘rnatilgan tartibda maqsadli sarflanishini ta’minlaydi va xarid qilingan tovar moddiy boyliklaridan kelgusida samarali foydalanish choralarini ko‘radi.

Toshkent shahri G‘aznachilik xizmati boshqarmasi ajratilgan mablag‘ni o‘rnatilgan tartibda moliyalashtirish choralarini ko‘radi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining Toshkent shahar Davlat moliyaviy nazorati boshqarmasi ajratilgan mablag‘ning maqsadli sarflanishi ustidan nazorat o‘rnatadi.

Smetaga ko‘ra, xizmat avtomobillariga yonilg‘i quyish uchun 690 mln so‘m, ularga texnik xizmat ko‘rsatish uchun 150 mln so‘m, majlis zallari uchun gilam xarid qilishga 100 mln so‘m, maxsus VIP uchun mebellar jamlanmasiga 150 mln so‘m, liftlarga xizmat ko‘rsatishga 62 mln so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid