Statagentlik rasmiylari – tashqi savdo va oylik maosh hisobotlari hamda rasmiy inflatsiyaga ishonch haqida
Tashqi savdo haqida ochiqlanayotgan umumiy xarakterga ega statistik ma’lumotlarni aniq detallar bilan boyitish rejasi bormi? Oylik maoshlar hisobotida kichik biznes va qishloq xo‘jaligi sub’yektlarini muntazam inobatga olish mumkinmi? Statistika agentligi mas’ullari Kun.uz'ning shu kabi savollariga javob berdi.
Statistika agentligi 27 mart kuni AOKAda matbuot anjumani o‘tkazdi. Unda agentlik vakillari Kun.uz muxbirining ochiqlikni kengaytirish borasidagi savollariga javob berdi.
– Nima uchun tashqi savdo statistikasi kengroq tahlil qilish imkonini beradigan mamlakatlar, tovarlar, o‘lchov birliklari qirqimida e’lon qilinmaydi? Agentlikning bu ma’lumotlarni kengaytirish rejalari bormi?
Botirjon Ergashev, agentlik boshqarma boshlig‘i: Tashqi savdo bo‘yicha O‘zbekiston ko‘rsatkichlari muntazam ravishda rasmiy vebsaytda e’lon qilib boriladi. Shu bilan birga, tovarlar qirqimida, davlatlar qirqimidagi ma’lumotlarimiz xalqaro tovarlar bazasi – BMTning Comtrade saytidan xohlagan ko‘rsatkichlarni oylar va yillar qirqimida ko‘rishingiz mumkin.
Biz ham saytimizning imkoniyatlari, resurslardan kelib chiqib ma’lumotlarni joylab boramiz. Bizda ham ma’lumotlarni kengaytirish rejalari bor. Bu borada ham ishlar amalga oshirib boriladi.
– Bu qachon amalga oshiriladi? Aniq muddati bormi?
Odil Mamadaliyev, agentlik boshqarma boshlig‘i: Statistika idoralarining oldidagi muammolardan biri – cheklanmagan ehtiyojlarni cheklangan resurslar bilan qondirish bo‘ladi. Shuning uchun e’tibor berishimiz kerak, agentlik saytida qo‘yilayotgan ma’lumotlar boshqa davlatlardagi hamkasblarimizning yondashuvidan kelib chiqib qo‘yilgan ma’lumotlardir. Axborot tizimiga qo‘yilgan ma’lumotlar ham kam emasligini e’tirof etish kerak. Siz e’tirof etgan masala o‘rinli. Agentlik tizimidagi xodimlar ham nafaqat ma’lumot taqdim etuvchi, balki ayrim hollarda foydalanuvchi bo‘lishi ham mumkin. Ya’ni muayyan o‘zimizning ish faoliyatimizdan kelib chiqib.
Odil Mamadaliyev, agentlik boshqarma boshlig‘i:
Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida statistika salohiyatini mustahkamlash loyihasi ishga tushdi, hozirgi kunda bu yo‘nalishda ham faoliyat boshlandi. Loyiha doirasida bir qator rejalarimiz bor – Statistika agentligi tizimida data markaz tashkil etish. Hozirgi kunda bizning jami hisobotlarimiz yalpi va tanlanma kuzatuvlardan iborat bo‘lsa, ularning har biri turli platformalarda turli resurslarda yig‘ilib boradi. Data markazni ishga tushirishdan maqsad – barcha ma’lumotlarni bir axborot resursiga birlashtirish, yagona tilda kodlashtirish orqali axborot bankini yaratish bo‘ladi. Foydalanuvchi sayt orqali xohlagan ko‘rinishdagi talablar asosida ma’lumot shakllantirib olishi mumkin bo‘ladi.
– O‘shanda tashqi savdo bilan bog‘liq ma’lumotlarni ham olish mumkin bo‘ladimi?
– Nafaqat tashqi savdo, balki barcha statistika tizimiga aloqador ma’lumotlar bo‘ladi.
– Tashqi savdo bo‘yicha kengaytirilgan statistika bo‘ladimi? Masalan, qaysi davlatga qancha hajmda gaz eksport qilingani haqida?
– Hamkasbim ham aytib o‘tdi, bu ma’lumotlar Comtrade'ga joylab boriladi. Biz hozir qaysi hajmdaligini aniqlab olsak, aniqroq javob bersak bo‘ladi. Biz qo‘yayotgan ma’lumotlar hajmi boshqa davlatlarda ham qo‘yilayotgan, solishtirish imkoni bor bo‘lgan ma’lumotlar. Agar qo‘shimcha ma’lumotlar kerak bo‘lsa, so‘rov asosida olishingiz mumkin. Doim eshigimiz ochiq, ma’lumot kerak bo‘lsa, tezlik bilan tayyorlab berish choralari ko‘riladi.
– Nima uchun ish haqi statistikasida qishloq xo‘jaligi va kichik tadbirkorlik sub’yektlari ma’lumotlari inobatga olinmaydi? Avvalgi anjumanlarda bunga sabab sifatida bu sub’yektlar yilda bir marta hisobot topshiradi degan edingiz. Baholash asosida ma’lumot tayyorlash imkoni bormi?
Sherzod Abrayev, agentlik boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari: – Haqiqatan to‘g‘ri aytdingiz, o‘rtacha oylik ish haqidagi ma’lumotlar choraklik qishloq xo‘jaligi korxonalari va kichik tadbirkorlik sub’yektlaridan tashqari e’lon qilib boriladi. Yilda bir marta to‘liq hajmdagi o‘rtacha ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham e’lon qilinadi. Lekin bu o‘rtacha oylik ish haqini ko‘tarish maqsadida emas. 2023 yil davomida ma’muriy ish haqi to‘g‘risida ma’lumot yig‘adigan soliq va mehnat organlari bilan integratsiya amalga oshirildi. 2025 yildan to‘liq hajmda choraklik ish haqlarini e’lon qilishni reja qilganmiz. Hozir bu sinov tariqasida amalga oshirilmoqda.
Sherzod Abrayev, agentlik boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari: –
Avval kichik tadbirkorlik sub’yektlarining hisobot taqdim etish yukini kamaytirish maqsadida yilda bir marta hisobot taqdim etishi belgilangandi. Bundan tashqari, bir-birini takrorlovchi hisobotlardan voz kechish uchun yilda bir marta taqdim etish nazarda tutilgan. Hozirda yilda bir marta statistika e’lon qilib borilyapti. Keyingi yildan integratsiya ishlari to‘liq yakunlangach, to‘liq, har chorakda e’lon qilish imkoni bo‘ladi.
– Nima uchun inflatsiya statistikasi uchun 10-20-sanalari so‘rov davri qilib olingan. Haftalik narx o‘zgarishlari inflatsiya statistikasidan doim tushib qoladi. Bunga sabab nima? Aholida rasmiy statistikaga ishonchini oshirish borasida choralar ko‘rilishini aytdingiz, agentlik statistikaga ishonch pastligini tan oldi, bunga sabab nima deb o‘ylaydi? Nega aholining inflatsiya borasidagi statistikaga ishonchi kam?
Odil Mamadaliyev, agentlik boshqarma boshlig‘i: – Ishonch past degan ko‘rsatkich nisbiy ko‘rsatkich. Chunki hali tadqiqot olib borilmagan. Hamkasbim yuqorida aytib o‘tdi, ishonch indeksi ishlab chiqiladi. O‘zbekiston tarjibasi bo‘ladi bu. O‘zimiz tashabbus ko‘rsatdik. Butun statistiklarning oldida turgan masala – foydalanuvchini berayotgan raqamiga ishontirish. Shu nuqtayi nazardan aytdik. Ishonch past degan gap nisbiy xulosaga aylanib qolishi kerak emas.
Sifatni nazorat qilish siyosati va unga asosan bir qator hujjatlar joriy etilishi nazarda tutiladi. Buning natijasi o‘laroq o‘rganish ichki va tashqi foydalanuvchilar asosida amalga oshirilishi mumkin. Bir marta bunday o‘rganish o‘tkazganmiz. 2018 yilda Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Yevrostat, xalqaro savdo tashkiloti vakillari ishtirok etgan. Shu o‘rganishning ikkinchisini joriy yilda o‘tkazishni reja qilganmiz. Undan keyin ekspertlarning xulosalarini ko‘ramiz.
Muxtor Umarov, agentlik boshqarma boshlig‘i: – Dunyo tajribasini olsak, davlatlar o‘zining ma’lum bir muddatlarini belgilab olgan. O‘zbekistonda har oyning 10-20-sanalarida kuzatuv olib boriladi. 20-dan keyingi vaqt ma’lumotlarni qayta ishlash muddati bo‘ladi.
Biz bir vaqtning o‘zida ma’lumotlarni olib, tahlil qilish jarayonida OAVga 40 varaqqa yaqin press relizlarni shakllantirishimiz kerak. Qolgan 10 kunlik ishlash davriga to‘g‘ri keladi. Lekin bizning kuzatuvimiz 1 oylik intervalni o‘z ichiga oladi. Ya’ni 20-sanada kuzatilgan ma’lumot keyingi oyning 20-gacha bo‘lgan oraliqni hisobga oladi.
Mavzuga oid
13:24
Statistika kuzatuvlari jarayoniga oliy ta’lim muassasalari jalb etiladi
10:56 / 22.12.2024
2024 yil 11 oyda qancha yengil avtomobil ishlab chiqarilgani ma’lum qilindi
18:39 / 19.12.2024
Qirg‘izistonda militsiya xodimlarini suratga olishni taqiqlovchi qonun loyihasi qabul qilinmadi
08:10 / 10.12.2024