Jahon | 18:26 / 30.03.2024
21602
6 daqiqa o‘qiladi

O‘lim bog‘i – Angliyaga zaharli va giyohvand moddalardan iborat o‘ldiruvchi bog‘ nega kerak?

Angliyada dunyodagi eng zaharli o‘simliklar o‘stiriladigan bog‘ mavjud. Undagi o‘simliklar shunchalik xavfliki, ushlash, tatib ko‘rish taqiqlangan va hudud “O‘lim bog‘i” deb ataladi. Lekin bog‘ga hamma tashrif buyurib, o‘simliklar bilan tanishishi mumkin.

Angliyaning Nortumberlend shahridagi Alnvik bog‘i zaharli bog‘ hisoblanadi. Bog‘da 100 dan ortiq turdagi zaharli, mast qiluvchi va giyohvand moddalar o‘stiriladi. Qizig‘i, bog‘ odamlar kirishi uchun ham ochiq hisoblanadi.

Yana bog‘ning kirish qismiga "Bu o‘simliklar o‘ldirishi mumkin" deb yozib qo‘yilgan, darvozasi kalla suyagini kesib o‘tuvchi ko‘ndalang suyaklar bilan bezatilgan. Bog‘dagi bu belgi hazil emas. Alnvik bog‘i dunyodagi eng zaharli bog‘ hisoblanadi. Lekin u yerda ehtiyotkorlik bilan istalgan odam sayr qilishi mumkin.

Bu zaharli bog‘ 2005 yilda tashkil etilgan. "Tashrif buyuruvchilar bog‘ga kirishidan oldin ular xavfsizlik bo‘yicha brifing bilan tanishishi kerak", deydi bog‘ gidi Din Smit. Uning aytishicha, bog‘da biror narsani ushlash, hidlash va tatib ko‘rish taqiqlanadi. Lekin shunga qaramay bog‘da shunchaki ketayotgan holatda ham o‘simliklarning zaharli hidlari sabab hushdan ketish holatlari bo‘lib turadi.

Bog‘da o‘sadigan zaharli o‘tlardan biri bo‘ri o‘simligi bo‘lib, u akotin, neyrotoksin va kardiotoksin kabi zaharli moddalardan iborat. Lekin bu o‘simlik eng yomoni emas. Eng yomoni ritsin o‘simligi bo‘lib, Ginnes rekordlar kitobida ham ritsin dunyodagi eng zaharli o‘simlik sifatida qayd etilgan.

Hayratlanarlisi, bog‘da Buyuk Britaniya yovvoyi tabiatida uchraydigan va osongina o‘stirish mumkin bo‘lgan ko‘plab o‘simliklar ham ro‘yxatga olingan. Shundaylaridan biri uylarda ham o‘stiriladigan rododendron butasi hisoblanadi. Rododendronning barglaridagi zaharli modda iste’mol qilinsa, insonning asab tizimiga hujum qiladi. "Lekin siz uning barglarini yeya olmaysiz, sababi juda bemaza", deydi Smit.

rododendron

Bog‘da Buyuk Britaniyada zaharliligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadigan laburnum daraxti ham o‘stiriladi. Ko‘p odamlar bu daraxtni sariq chiroyli gullari uchun o‘stirishadi, lekin daraxt o‘ta zaharli hisoblanadi.

laburnum daraxti.

 

Daraxtning zaharliligi shunchalikki, agar uning biror shoxchasi polda yotgan holatda bir necha oy qolib ketsa va shuncha vaqt o‘tib, it uni olib o‘ynamoqchi bo‘lsa, bundan keyin itning omon qolishi dargumon.

Zaharli o‘simliklar zaharini faqat odamlar va itlarga yo‘naltirmaydi. Smitning tushuntirishicha, masalan, rododendronlar bir-biriga yaqin holatda o‘ssa, ular tuproqni ham zaharlaydi. Va endi o‘sha yerda faqat rododendron o‘sishi mumkin xolos. Agar asalari eksklyuziv tarzda faqatgina rododendrondan asal yig‘ib olsa, uning asali qizil rangga ega bo‘ladi. Bu asaldan kichik dozada yeyish giyohvand modda ta’sirini berishi mumkin, ko‘proq dozada yeyish esa o‘limga sabab bo‘lishi mumkin.

Bog‘dagi ba’zi o‘simliklardan zaharlanish uchun ularga tegish, hidlash va tatib ko‘rish ham shartmas. Faqatgina ularning yonidan o‘tib ketishning o‘zi zaharlanish uchun yetarli bo‘lishi mumkin. Prunus laurocerasus o‘simligi shunday xavfga ega hisoblanadi. Uning tarkibida 2 ta zaharli modda bo‘lib, o‘zidan zaharli gaz ishlab chiqaradi. Ochiq va ventilyatsiyasi yaxshi joyda uning zarari bilinmasligi mumkin, lekin yopiq hududda zaharli gazni sezish mumkin.

Kristmas atirguli bu yerdagi keng tarqalgan o‘simliklardan biri hisoblanadi. Uning tarkibidagi kardiotoksin inson yuragini to‘xtatib qo‘yishi mumkin. Shirasi esa terida kuchli tirnalish hosil qilishi mumkin. Shuning uchun bu o‘simlik bilan ishlaganda doim qo‘lqopda bo‘lish lozim.

Kristmas atirguli

 

Bog‘bonlardan o‘simliklar bilan ishlashda xavfsizlik choralariga amal qilish talab etiladi. Ba’zi o‘simliklar bilan ishlash unchalik qiyin bo‘lmasa, ba’zilariga maxsus kostyum, niqob va qo‘lqoplarsiz borib bo‘lmaydi.

Bog‘dagi har bir narsa zaharli va zararli bo‘lsa, ularni saqlash zarurati haqida savol tug‘ilishi mumkin. Bog‘dagi o‘simliklardan yaxshi maqsadda foydalanish reja qilingan.

Masalan, bog‘dagi yev o‘simligi ko‘krak saratonini davolashda ishlatilishi mumkin.

Yev butasi.

Shuningdek, bog‘ – giyohvand moddalar bo‘yicha ta’lim dasturining bir qismi hisoblanadi. Bu ta’lim dasturi rahbari Kler Mitchelning qayd etishicha, Angliyaning shimoli-sharqi Angliya va Uyels ichida giyohvand moddalardan o‘lim eng ko‘p kuzatiladigan hudud hisoblanadi. Yoshlarga giyohvand moddalar haqida ma’lumot olishlari uchun ham nimadir qilish kerak edi. Ta’lim doirasida bog‘ga ekskursiyalar uyushtiriladi va yoshlarni giyohvand moddalardan himoyalashga qaratilgan tushuntirishlar beriladi.

Bog‘dagi xodimlar o‘zlari ekkan har bir o‘simlikni hisoblab, hisobini yuritib boradi va har mavsum oxirida ularni yo‘q qilingani to‘g‘risida dalillarni topshirishadi. 

Mavzuga oid