Jamiyat | 19:34 / 01.04.2024
66644
8 daqiqa o‘qiladi

«Qo‘lini tekkizolmaydi, mening himoya orderim bor» - orderga ishonib o‘lib ketgan ayol

27 mart kuni Toshkent viloyatining Bekobod tumanida 28 yoshli ayol 5-qavatdan tushib ketib vafot etdi. Marhumaning yaqinlari va voqea guvohlari ayol vafotidan oldin qattiq kaltaklanganini, unga turmush o‘rtog‘i ko‘p marta o‘ldirish bilan tahdid qilganini aytishdi.

«Bu kuyov sening ajaling», derdim...

Ma’lum bo‘lishicha, 28 yoshli Nodira Hamrayeva va uning turmush o‘rtog‘i oiladagi kelishmovchiliklar tufayli yaqinda ijara uyga ko‘chib chiqishgan. Notinchliklar davom etavergani uchun ikki norasida bolasi bilan yana ota uyiga qaytib kelgan Nodira o‘zining nomiga olingan ko‘plab qarzlar tufayli yollanma ishlarda ishlagan. Tikuvchilik bilan shug‘ullangan, bo‘sh kunlarida tozalash ishlariga chiqqan

«Oilasi notinch edi, ajrashtiraman, bu kuyov sening ajaling, derdim. Kuyovimiz nihoyatda ustamon, eshikdan haydasa teshikdan kelib, qizimni avrab-aldab, ishontirib, hech kimga aytmasdan olib ketardi. 9 yil mobaynida 3 yil birga yashab, 2 farzand ko‘rishdi.

Kuyov bo‘lmish qizimni olib borib, uni o‘rtaga qo‘yib, qarzga tillafurushdan tilla, mebelchidan mebel oldirgan. Kredit olib berasan, deganda «yo‘q» degani uchun kelib uyimizda janjal qildi. Uni ko‘rsak hammamiz qochamiz, erimdan qo‘rqmasam ham shu kuyovimdan qo‘rqaman, oyoq-qo‘lim qaltirab. O‘zim do‘konda material sotaman.

Bundan 15 kun oldin uyimizga janjal qilib keldi. Turmush o‘rtog‘im jigar sirroziga chalingan. Shuni aytib, «Biz qaridik, birortamizning o‘limimizga sababchi bo‘lib qolmang, keting», dedim. Shunda u “o‘zimizga dushman orttirayotganimiz”ni aytdi. Xotini, bolalarini olib ketmoqchi bo‘ldi. Hamma har tomonga qochdi. Xo‘jayinim hassada chiqqandi, uni urib tashladi. Tez yordam keldi, 102 keldi.

Sudga men borolmadim, qizim bordi. Sud zalining o‘zida qizimga himoya orderi berildi. Kuyov 10 sutkaga qamaldi», — deb gapirib berdi marhumaning onasi Ra’no Sobirova.

10 sutka ma’muriy qamoq jazosini o‘tab chiqqanidan keyin kuyov yana Nodiraning oldiga qatnay boshlaydi. Yollanma ishda ishlayotgan joyini topib boradi va shifokorga ko‘rsatishini aytadi. Chunki qattiq stresslar oqibatida ayolning yuzida biroz dog‘ paydo bo‘lgan va davolanib kelayotgan edi. Eri unga qarzga olingan tillalarning pulini ham berishini aytadi.

«Aya, men bo‘g‘ilyapman...»

Ona qiziga «unga ishonma, menga ko‘p marta «sizlarda alamim bor, baribir qizingni yalang‘och qilib, nogironlik aravachasiga o‘tqazaman», deb aytyapti, desa, «qo‘lini tekkizolmaydi, meni himoya orderim bor», degan.

«Shu tillachidan olingan 3 mln qarzni beradi, degan umidda meni bolam ketdi. Chunki qarz so‘rab kelishganda uyalganidan rastaning tagiga kirib ketardi — eriga olib bergan-da.

Bolalarining guvohnomalari, pasportlarni yirtib tashlagan ekan, bularni endi bilyapman. Shularniyam olib kelaman, desa ishonib, g‘aflatda qoldim. Shundan keyin qizimni kasalxonaga olib borgan, qaysi kasalxonaligini bilmayman.

Lekin doim boradigan kasalxona emas edi. Ertasi kuni qizim: «Aya, men bo‘g‘ilyapman, menga nur (kimyoterapiya) berishdi. Erim bir shifoxonaga olib bordi va u yerda menga tezda nur berish kerakligini aytib, qandaydir beshta ukol qilishdi. Qaysi kasalxonaligini bilmayman, erimning tanishi ekan», deb telefon qildi. Men hayron qoldim, chunki qizimning yuzidagi dog‘ onkologik kasallik emas edi», — deb hikoya qiladi ona.

Shundan so‘ng 27 mart kuni iftorlik vaqtidan keyin telefonda onasi bilan gaplashgan Nodira bolalarini hech kimga bermasliklarini va ularga kelinoyisi qarashini aytgan. Suhbatdan chamasi bir soatlar o‘tib Ra’no Sobirovaga IIB boshlig‘i qo‘ng‘iroq qilib uning qizi olamdan o‘tganini aytgan.

«Kaltaklaringdan to‘ydim» dedi

Marhumaning qo‘shnilari 5-qavatda uni kiyimsiz holatda osilib turgani va kaltaklardan to‘yib ketganini aytib baqirganiga guvoh bo‘lishgan.

«Oynaga qarasam, u qiz osilib turgan ekan. Kaltaklaringdan to‘ydim, azoblaringdan to‘ydim, charchadim, yashashni xohlamayapman, qo‘yib yubor, dedi. Xo‘jayinimga telefon qilib ulgurgunimcha u o‘zini tashlab yubordi. Ustida kiyimlari yo‘q edi, faqat ichki kiyimi bor edi xolos», — deydi voqeaga guvoh qo‘shnilardan biri.

Yana bir guvoh uyda bolalar bor-yo‘qligini bilish uchun kirishganda xonadon o‘ta tartibsiz ahvolda ekanligini, bundan uyda janjal bo‘lganini bilish mumkinligini aytdi.

Marhumaning ammasi Sanobar Xolmatovaning so‘zlariga ko‘ra, Nodiraning badanida eski va yangi jarohat izlari bo‘lgan.

«Tanasida judayam jarohatlari ko‘p edi, eski ko‘kargan joylar ham bor edi, yangilari ham bor edi. Mayitning sochini o‘rib ikki yonga qo‘yish kerak ekan. Boshini yuvganimizda qo‘lim bilan sochini tarayotganimda sochlari to‘p-to‘p bo‘lib uzilib tushdi. Chunki kuyov tepada sochini ushlab turganda uzilib bo‘lgan sochlari.

O‘ylashimcha, tushib ketishdan oldin uni rosa urgan. Tanasining old tomonida yangi ko‘kargan iz, orasida eskilariyam bor – ular qorayib turibdi. Uni tashlashdan oldin rosa urgan», — deydi amma.

Marhumaga 3 marta himoya orderi berilgan. Ammo, shunga qaramay, u shunday ayanchli tarzda vafot etdi. Ikki farzand yetim qoldi. Bu o‘rinda himoya orderi talablari buzilganining o‘zi yetarli bo‘lsa-da, zo‘ravonga biror chora ko‘rilmayotgani hayratlanarli. Onaning aytishicha, avvalgi holatlar ham bundan kam bo‘lmagan:

«Bundan 2 yil avval ham xuddi shunday voqea bo‘lgan. Eridan qochib yashirinib yurganda bir qarindoshimiz qayerdaligini aytib qo‘ygan. Homilador qizim va katta farzandini Sirdaryo bo‘yiga olib borgan. Mashinaning eshiklarini qulflab, qizimni dubinka bilan urgan. «Men bilan yashamasang, seni yalang‘och qilib Sirdaryoga tashlab yuboraman», degan. Katta nevaram suv so‘rab yig‘lagan va kuyov suv uchun do‘konga kirgan. Shu paytda qizim emaklab qochib birovning hovlisiga yashiringan. O‘sha odamlar orqali bizga xabar qilgach, borib olib kelganmiz», — deydi marhumaning onasi Ra’no Sobirova.

Qarindoshlar Nodiraga eridan ajrashishni maslahat berishgan, biroq u ahvol yaxshilanishidan umid qilgan.

«Sening o‘liming meni qo‘limda deb qo‘rqitar ekan. Shundayam yashaysanmi desam, bolalari borligini, eri bu gaplarni achchiq ustida aytib keyin kechirim so‘rashini aytardi. U o‘zini shunday ovutib yashadi. Chunki ota-onasini qiynagisi kelmadi», deydi ammasi.

Ayni paytda ish Senat raisi nazoratiga olingan. O‘zbekistonda ayollar va bolalar huquqlari himoyasiga qattiq kirishilgan bir vaqtda bu holat adolatli yechim topishidan umidvormiz.

Jurnalist — Gulmira Toshniyozova,
Tasvirchi — Abduqodir To‘lqinov, montajchi — Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid