Jahon | 18:19 / 02.04.2024
4606
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda «xorijiy agentlar» to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi

Prezident Sadir Japarov bunday qonun nodavlat notijorat tashkilotlarini ta’qib qilish uchun emas, balki ularning faolyatini tartibga solish uchun qabul qilinganini ta’kidladi. 

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

Prezident Sadir Japarov «Ayrim qonun hujjatlariga (Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida va Jinoyat kodeksi) o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni [«xorijiy agentlar» to‘g‘risidagi qonun loyihasini] imzoladi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qildi, deb yozdi AKIpress. 

Qonun loyihasi Jogorku Kenesh [parlament] tomonidan 14 mart kuni qabul qilingan. 

Sadir Japarov bunday qonun nima uchun qabul qilinganini quyidagicha izohladi: 

«Mamlakatimizda 30 yildan beri faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari hech qayerda ro‘yxatdan o‘tmagan. Ular hech kimga hisobot bermaydi. Ular faqat bank hisob raqamlarini ochib, xorijiy donorlardan pul olib, o‘z ixtiyoriga ko‘ra, shu jumladan shaxsiy maqsadlarda ham ishlatgan. Bundan buyon ular ham boshqalar qatori Adliya vazirligida ro‘yxatga olinadi. Bank hisob raqamlari ochiladi. Endi ular ochiq ish boshlaydi. Avvalgidek tartibsizlik bo‘lmaydi», deb yozdi u. 

Qonun loyihasida Qirg‘izistonda tashkil etilgan va xorijiy davlatlar, ularning davlat organlari, xalqaro va xorijiy tashkilotlar va boshqalardan pul va boshqa mol-mulk oladigan notijorat tashkilotiga huquqiy maqom berish taklif etiladi. 

Qonun loyihasiga ko‘ra, notijorat tashkilotlar: daromadlar hajmi va tarkibi, mol-mulk va xarajatlar hajmi, tarkibi, xodimlar soni va tarkibi, ularga haq to‘lash, fuqarolarning tekin mehnatidan foydalanish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni sir saqlashi mumkin emas. 

Nodavlat notijorat tashkilotlari ro‘yxatga olish sohasidagi vakolatli organga o‘z faoliyati to‘g‘risida, boshqaruv organlarining shaxsiy tarkibi, mablag‘larni sarflash va boshqa mol-mulkdan foydalanish maqsadlari to‘g‘risida, shu jumladan chet eldan olingan mol-mulkdan foydalanish to‘g‘risidagi hisobotni o‘z ichiga olgan hujjatlarni taqdim etishlari shart. 

Shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini rejali tekshirish yiliga bir marta o‘tkaziladi. 

Bundan tashqari, Rossiyada bo‘lgani kabi, Qirg‘izistonda ham «xorijiy agentlar» o‘z materiallariga «xorijdan moliyalashtirilgan» belgisini qo‘yishi shart bo‘ladi. 

Qonun e’lon qilingandan 10 kun o‘tgach kuchga kiradi.

Mavzuga oid