Jamiyat | 22:10 / 05.04.2024
17837
2 daqiqa o‘qiladi

Elchixonadagi "Qo‘riqlash" xizmati xodimidan pul undirmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Uning sherigi elchixonaga qo‘ng‘iroq qilib, 20 ming dollar so‘ragan. 

Foto: Getty Images

Pokistonning O‘zbekistondagi elchixonasi xodimiga qo‘ng‘iroq qilib, uning qizi yo‘l-transport hodisasida jarohat olgani va davolash uchun jarrohlik amaliyoti o‘tkazish lozimligini aytib, pul undirmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi. Bu haqda Milliy gvardiya xabar berdi 

Qayd qilinishicha, 4 aprel kuni noma’lum ayol Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi xavfsizlik postidagi telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan. U xodimga qizi yo‘l-transport hodisasida jarohat olgani, uni davolash uchun jarrohlik amaliyoti o‘tkazish lozimligini aytib, 20 ming dollar so‘ragan. 

Qo‘riqlash xizmati xodimi firibgar qo‘ng‘iroq qilayotganini anglab, «qizini qutqarish uchun» uchrashishga va pul berishga tayyorligini aytgan. Ayol Pokiston elchixonasi yaqinida uchrashuv tayinlagan, lekin pulni olib ketish uchun o‘zi kelmasligini, o‘rniga Ruslan ismli tanishini yuborishini aytgan. 

Shundan so‘ng, ushbu shaxs tayinlangan joyda qo‘lga olinib, Yakkasaroy tumani ichki ishlar bo‘limiga olib borilgan. U Chilonzor tumanida yashovchi Samandar ismli 23 yoshli yigit ekani aniqlangan. 

Holat bo‘yicha Toshkent shahar IIBB tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Surishtiruv davomida uning sherigi aniqlanishi, shuningdek, boshqa shu kabi jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilishi ta’kidlanmoqda.

Mavzuga oid