O‘zbekiston | 10:58 / 06.04.2024
7222
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda 94 yoshli fuqaroga “metrika” berildi

Nurota tumanining Qizilcha qishlog‘ida yashovchi 1930 yilda tug‘ilgan Anora momo Musurmonovaga ilk bor tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma rasmiylashtirildi. Shu paytgacha uning “metrika”si va qator hujjatlari bo‘lmagan.

Foto: "Xalq so‘zi"

Navoiyda 94 yoshli Anora Musurmonovaga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma berildi. Bu haqda Kun.uz’ga viloyat adliya boshqarmasi matbuot xizmati mutaxassisi Nodira Samandarova ma’lum qildi.

Navoiy viloyati adliya boshqarmasi tomonidan Nurota tumanining Qizilcha qishlog‘ida «Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi» aksiyasi o‘tkazilgan. Jarayonda 94 yoshli Anora Musurmonova tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaga ega emasligi aniqlangan hamda unga ilk bor mazkur hujjat rasmiylashtirilib topshirilgan.

Anora momo 1930 yil tumanning Modovod qishlog‘ida tug‘ilib, oiladagi to‘qqiz farzandning uchinchisi bo‘lgan. U 1949 yili Yuzboy Nurboyev bilan turmush qurib, o‘n nafar farzandni dunyoga keltirgan. Bugungi kunda momoning 44 nevarasi, 89 chevarasi va 6 nafar evarasi bor.

Nodira Samandarovaga ko‘ra, adliya idoralari o‘tkazgan aksiya doirasida viloyat bo‘yicha tug‘ilganlik, o‘lim, nikoh va nikohdan ajralganlik haqidagi guvohnomalar, shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlari va ko‘chmas mulk obektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish kabi holatlar bilan bog‘liq minglab hujjat rasmiylashtirilgan. Aksiya doirasida viloyatda 3 380 ta sayyor davlat xizmatlari natijasida 2 796 ta hujjat rasmiylashtirilib egalariga topshirilgan.  

Mavzuga oid