O‘zbekiston | 08:23 / 06.04.2024
35092
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda maktablardagi davomatning eng past ko‘rsatkichlari kuzatilgan hududlar ma’lum qilindi

2022 yilda maktablardagi o‘rtacha davomat 83,6 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib 82,5 foizga tushgan.

Foto: Kun.uz

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari O‘zbekistondagi umumta’lim maktablarida davomat bilan bog‘liq holatni o‘rgandi.

Tahlil natijasida aniqlanishicha, 2022 yilda maktablardagi o‘rtacha davomat 83,6 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib 82,5 foizga tushgan.

Hududlar bo‘yicha davomatning eng past ko‘rsatkichlari Toshkent shahri (57,8 foiz), Jizzax (76,9 foiz), Toshkent (75,8 foiz) va Farg‘ona (79,8 foiz) viloyatlarida kuzatilgan. Eng yuqori ko‘rsatkichlar esa Buxoro (89,1 foiz), Surxondaryo (88,3 foiz) va Qashqadaryo (88,2 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.

Predmetlar kesimida, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari orasida eng past davomat ko‘rsatkichlari o‘zbek tili va matematika predmetlarida kuzatilgan.

O‘rta sinf o‘quvchilari orasida o‘zbek tili, informatika, adabiyot va ingliz tili fanlari, yuqori sinf o‘quvchilari orasida ham o‘zbek tili, informatika, algebra va ingliz tili fanlarida davomatning eng past ko‘rsatkichlari kuzatilgan.

Ota-onalar orasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra,  betob bo‘lib qolishi (75,4 foiz), ota-onasiga ishlarda yordam berishi (8,9 foiz), ota-onasi ishga chiqishi kerakligi, 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarga qaraydigan boshqa odam yo‘qligi (3,1 foiz), xususiy o‘qituvchi/repetitor bilan o‘qishi (1,7 foiz), maktabga borishi uchun qo‘shimcha xarajatlarga mablag‘ yetishmasligi (1,1 foiz) o‘quvchilarning dars qoldirishidagi asosiy sabablardir. So‘rovda qatnashgan ota-onalarning 8,5 foizi farzandi nima sababdan dars qoldirganini bilmasligini aytgan.

PISA (o‘quvchilarning ta’limdagi yutuqlarini baholash bo‘yicha xalqaro dastur) ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda darslarni ketma-ket uch oy qoldirgan o‘quvchilar ulushi 18,5 foizni tashkil etgan (PISA’da ishtirok etgan mamlakatlar orasidagi o‘rtacha ko‘rsatkich 10,3 foiz). Bu ko‘rsatkich o‘g‘il bolalar orasida qiz bolalar orasidagi ko‘rsatkichga nisbatan yuqoriroq.

Mavzuga oid