O‘zbekiston | 10:40 / 08.04.2024
18499
3 daqiqa o‘qiladi

Ohangaron shahar tibbiyot birlashmasida ayol homilasi bilan vafot etdi. SSV izoh berdi

3 aprel kuni Ohangaron tibbiyot birlashmasining tug‘uruq bo‘limiga olib kelingan 32 yoshli ayol 1 kundan keyin vafot etgan. Bosh prokuratura holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilayotganini ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

Ohangaron shahar tibbiyot birlashmasining tug‘uruq bo‘limida vafot etgan ayolni o‘likxonaga olib ketishayotganda uning yaqinlari va shifoxona xodimlari o‘rtasida tortishuv bo‘lgan. Holatga Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamdutdinov munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, voqea yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilayotgani, tekshirish harakatlari har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘tkazilishi va natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlishi ta’kidlangan.

Ayolning o‘limi bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi ham rasmiy munosabat e’lon qildi. Unda ko‘rsatilishicha, 2024 yilning 3 aprel kuni soat 02:45 da 1992 yil Ohangaron shahrida tug‘ilgan X.A. qorin va beldagi og‘riq bilan Ohangaron shahar tibbiyot birlashmasi tug‘uruq bo‘limiga qabul qilingan. Ayolga “Homiladorlik 4, 39 hafta tug‘uruq 3. Tug‘uruqning 1 davri, latent fazasi. Semizlik 3 daraja” tashxisi qo‘yilgan bo‘lib, bemor shifokorlar nazorati ostida bo‘lgan. 4 aprel kuni soat 14:10da ayolning to‘satdan ahvoli og‘irlashib, havo yetishmasligi va yurak sohasida og‘riq bilan nafas olishi qiyinlashgan.

Shundan so‘ng zudlik bilan reanimatolog ishtirokida bemorda zarur reanimatsion choralar amalga oshirilgan. Shunga qaramay, soat 14:35 da ayolda biologik o‘lim holati kuzatilgan”, – deyiladi munosabatda.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, bemorning o‘limiga yurak ishemik kasalligi, o‘tkir koronar yetishmovchiligi, yurak mushaklarining gipertrofiyasi va o‘tkir miokard infarkti sabab bo‘lgan. Asorati: O‘tkir yurak va nafas yetishmovchiligi. O‘pka shishi. Bosh miya shishi. Yondosh: Homiladorlik 4, tug‘uruq 3, homiladorlik 39-40 hafta. Bachadon shilliq qavatlariga qon quyilishi. Semizlik 3 daraja. O‘tkir jigar gepatozi. Homila ichi asfiksiyasi. Homila antenatal o‘limi.

Vazirlik holat bo‘yicha huquq-tartibot idoralari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilayotgani, yakuniy xulosalar bo‘yicha jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumot berilishini ma’lum qilgan. 

Mavzuga oid