O‘zbekiston | 14:13 / 08.04.2024
41407
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ekstremistik guruhlarga qo‘shilgan fuqarolarning uyida tintuv o‘tkazilib, gumondorlar ushlandi

45 ta tintuv tergov harakatlari o‘tkazilib, gumondor shaxslar qo‘lga olingan. 2024 yilning 3 oyi davomida diniy ekstremizm va terrorizm bilan bog‘liq holatlar yuzasidan 50 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Foto: Toshkent shahar IIBB

Toshkent shahrida ekstremistik radikal guruhlarga qo‘shilgan fuqarolarning xonadonlarida 45 ta tintuv tergov harakatlari o‘tkazilib, gumondor shaxslar qo‘lga olindi, deb xabar berdi Toshkent shahar IIBB.

Ta’kidlanishicha, 2024 yilning 3 oyi davomida diniy ekstremizm va terrorizm bilan bog‘liq holatlar yuzasidan 50 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 188 ta huquqbuzarlik yuzasidan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, jami 264 nafar shaxslarga nisbatan nisbatan qonuniy choralar ko‘rilgan.

“Hurmatli fuqarolar, ijtimoiy tarmoqlar orqali turli radikal guruhlarga a’zo bo‘lishdan saqlaning va ularning yot g‘oyalarini targ‘ib qilmang. Farzandlaringiz ijtimoiy tarmoqlarda qaysi guruhlarga a’zo bo‘layotganligini, qanday mazmundagi video va boshqa materiallarni ko‘rayotganligini doimo nazorat qilib boring.

Agar mahallangizda shu kabi yot g‘oyalar ta’siriga tushgan yoki boshqa shubhali shaxslar haqida biror ma’lumotga ega bo‘lsangiz darhol 102 raqamiga yoki hududiy profilaktika inspektori yoxud yaqin oradagi IIB ga murojaat qilishingizni so‘raymiz”, — deyiladi IIBB murojaatida.

Ma’lum qilinishicha, poytaxt IIBB va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda diniy ekstremizm va terrorizm bilan bog‘liq holatlarni oldini olish maqsadida qator tezkor tadbirlar davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq IIBB poytaxtda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida xodimlar savdo majmualari, ko‘ngilochar maskanlari, bozorlar va boshqa jamoat joylarida kuchaytirilgan tartibda xizmat olib borayotganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid