Jahon | 20:29 / 09.04.2024
26982
10 daqiqa o‘qiladi

«Hoziroq keting». Orenburg va Rossiyaning boshqa hududlarida suv toshqini tufayli nimalar bo‘lmoqda? 

5 aprel kuni kechqurun Orenburg oblasti Orsk shahrida to‘g‘on buzildi - shaharning chap sohil qismida minglab uylarni suv bosdi, aholi evakuatsiyasi boshlandi. Keyingi kun esa yana bir to‘g‘on buzilishi oqibatida o‘ng sohilda ham suv toshqinlari yuzaga keldi. Suv Orenburggacha yetib kelgan, Rossiyaning boshqa hududlari ham jabrlangan - bu joylarda ham evakuatsiya o‘tkazilmoqda. BBC rus xizmati regionlarda suv toshqini bilan bog‘liq so‘nggi ma’lumotlarni jamladi. 

Foto: Yegor Aleyev/TASS

Orskda ikki to‘g‘on buzilishi 

Rossiya FVV anomal suv toshqinlari tufayli Rossiyaning 39 regionida 10 mingdan ortiq uyni suv bosgani haqida ma’lum qilgan. Ammo eng og‘ir vaziyat — Orenburg oblastida kuzatilmoqda, bu yerda Orskdagi ikki to‘g‘on buzilgan

Orskdagi to‘g‘on qurilishi 2010 yilda boshlangan, obekt 2014 yilda foydalanishga topshirilgan. To‘g‘on shaharni aynan kuchli suv toshqinlaridan himoyalash uchun kerak edi, bu yerda oldin ham uylar suv ostida qolgandi. «Agenstvo» nashri aniqlik kiritishicha, to‘g‘on qurilishi 910 million rublga tushgan. Orskning o‘sha vaqtdagi rahbari Viktor Frans to‘g‘on «bundan buyon suv toshqinlari vaqtida suv bosishi xavfini butunlay aritishi»ni ma’lum qilgandi. 

«Bu yilgi suv toshqini — to‘g‘on mustahkamligi uchun ilk va jiddiy sinovdir», — deya yozgandi shaharning hozirgi meri Vasiliy Kozupitsa to‘g‘on buzilishidan ikki kun oldin. 

Kuchli suv toshqini tufayli birinchi to‘g‘on buzilishi 5 aprel kuni kechqurun Ural daryosining chap sohilida ro‘y berdi — Orskning Eski shahar hududi suv ostida qoldi. To‘g‘on buzilishigacha ushbu hududdan uch mingga yaqin kishi ko‘chirilgandi, 6 aprel tongiga kelib yana 700 dan ortiq kishi xavfsiz hududlarga ko‘chirildi. Ikki mingdan ortiq uy suv ostida qolgandi. 6 aprel kuni Orsk meri shaharni suv ikki-uch haftagacha tark etmasligini ma’lum qildi. 

Shanba kuni Tergov qo‘mitasi Orskdagi to‘g‘on qurilishida xavfsizlik qoidalari buzilishi va ishga sovuqqonlik bilan qarash moddalari bo‘yicha jinoiy ish ochdi. Mahalliy prokuratura to‘g‘on yorilishi «gidrotexnik inshootni belgilangan holatda saqlashga qaratilgan chora-tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirilmagani» tufayli sodir bo‘lganini bildirgan. 

Shahar rasmiylari Ural daryosida suv sathi to‘g‘onning loyihaviy darajasidan 4 metrga ko‘tarilganini ma’lum qilishgan: to‘g‘on daryodagi suv sathi 5,5 metr bo‘lishiga mo‘ljallangan, suv esa toshqin tufayli 9,6 metrgacha ko‘tarilgan. 

Orsk aholisi vakillari odamlar zudlik bilan do‘konlardagi ichimlik suvlarini yig‘ishtirib ketganini aytishgan, ammo rasmiylar Orskda ichimlik suvi muammosi yo‘qligini bildirgan. 

Foto: Yegor Aleyev/TASS

6 aprel kuni kechqurun ham suv ko‘payishda davom etdi, shahar atrofidagi yana bir necha posyolkani suv bosishi xavfi haqida xabarlar tarqaldi. Birinchi to‘g‘on buzilishidan qariyb bir kun o‘tib ikkinchi to‘g‘on ham buzilib ketgan. Bu safar Ural daryosining o‘ng sohilini suv bosa boshlagan — bundan Rabochiy va Nikel posyolkalari jabrlangan, zudlik bilan aholini evakuatsiya qilish ishlari boshlangan. 

Shundan keyin Vladimir Putin FVV rahbari Aleksandr Kurenkovga tezda Orenburg oblastiga yetib borishni buyurdi. 

Orenburg gubernatori 6 aprel kuni kechqurun suv toshqinlarini hudud tarixidagi eng kuchlisi deb atadi. «Biz tabiiy ofat bilan kurashni davom ettirmoqdamiz. Suv qachondan pasaya boshlashi ikki-uch kun o‘tganidan keyin ma’lum bo‘ladi», — deya yozgan Denis Pasler. 

Suv Orenburggacha yetib bordi 

FVV rahbari Kurenkov 7 aprel tongida Orskka uchib keldi va hududdagi vaziyatni og‘ir deb atadi. 

Bu vaqtda suv Orskdan allaqachon Orenburgga qadar yetib kelgandi — shahar atrofidagi mingdan ortiq hovlilarni suv bosdi. «Bir kun ichida Orenburg yaqinidan o‘tgan Ural daryosida suv yana 28 santimetrga ko‘tarildi», — deya xabar bergan shahar meriyasi. Orenburg meri Sergey Salmin Ural bo‘ylarida yashovchi odamlar o‘z ixtiyori bilan evakuatsiya bo‘lishini talab etdi. 

Salminning so‘zlariga ko‘ra, 7 aprel tongida regiondagi vaziyat og‘irligicha qolayotgandi: «Suv ko‘tarilmoqda va yaqin kunlar ichida faqat ko‘tariladi. Ural va Sakmara yoqasidagi tekisliklarda yaqin vaqtlar ichida elektr energiyasi uzilishlari davom etadi. Agar shunday bo‘lsa, zudlik bilan evakuatsiya bo‘lish kerak». 

FVV rahbari Orskda 4,5 mingdan ortiq turar joy hamda shuncha tomorqani suv bosgani, bu hududlardan 4 mingdan ortiq kishi evakuatsiya qilinganini ma’lum qilgan. 

Kurenkov Orenburgdagi toshqinni federal xarakterdagi favqulodda holat deb e’lon qilgan, region hokimiyati esa suv toshqini yetkazgan zararni 21 mlrd rublga baholagan. 

Foto: KIRILL LEBEDEV/TASS

Ammo suv bilan bog‘liq vaziyat hali yaxshilanmayapti. Rosgidromet 8 aprel kuni suv toshqini «xavfli nuqtaga» yetgani, pik 10 aprelga kutilayotganini ma’lum qildi. Orenburg shahri va Orenburg rayoni ham suv toshqini hududida qolgan. 

Rasmiylar suv toshqini bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashini faqat aprelning ikkinchi yarmida kutish mumkinligini aytishgan. 

«Hoziroq keting» 

8 aprel kunigacha Orenburg shahri rasmiylari bir necha bor aholidan evakuatsiya bo‘lishni so‘radi va buni so‘rashda davom etmoqda, chunki regiondagi vaziyat yaxshilanmayapti va suv toshqini oblastning tobora ko‘proq hududlarini qamrab olmoqda. 

7 aprel kuni kechqurun Orskda yana bir daryo — Yelshanka daryosi o‘z qirg‘oqlaridan tosha boshladi, deb xabar qilgan shahar meri. «Hurmatli orskliklar, vaziyatga mas’uliyat bilan yondashing, zarur buyumlaringizni, hujjatlaringizni oling va xavfsiz joylarga evakuatsiya bo‘ling», — degandi o‘shanda u. 

8 aprel tongida Orenburg oblastida 10 mingdan ortiq turar joy hamda 18 mingdan ortiq tomorqa yerlari suv ostida qolgani xabar qilindi. 

Orskka ichimlik suv va nonning qo‘shimcha partiyalari yetkazib kelina boshlagan. Orsk bilan qo‘shni Novotroitskda ham evakuatsiya boshlangan. Bundan tashqari, TASS muxbiri xabar berishicha, Orskda navbatdagi to‘g‘on buzilishi ro‘y bergan — Lesotorgoviy posyolkasi hududida. U yerda ham suv xususiy uylarga kira boshlagan. 

Orenburg meri Sergey Salmin shahardagi vaziyat yomonlashgandan yomonlashayotganini ma’lum qilgan, uning so‘zlariga ko‘ra, suv toshqini yaqin uch kun vaqtida o‘z cho‘qqisiga chiqadi. 

«Suv tunda kelishi mumkin, siz o‘z hayotingizni, yaqinlaringizning hayotini xavf ostida qoldirmoqdasiz! Toshish hududida bo‘lgan har bir kishi o‘z uyini tark etishi shart. Evakuatsiyani ortga surmang! Yaqin ikki kun ichida vaziyat yanada yomonlashadi. Mutaxassislar prognozlariga ko‘ra, suv sathi xavfli darajadan oshib ketadi. Buni kutib o‘tirmang! Hozirning o‘zida keting», — deya yozgan Salmin va politsiya hamda qutqaruvchilar evakuatsiya chog‘ida talonchilik holatlariga qarshi kurashish uchun suv bosgan hududlarda navbatchilik qilishini qo‘shimcha qilgan. 

Boshqa regionlar 

Bunday holat faqatgina Orenburg oblastida kuzatilayotgani yo‘q — kuchli suv toshqinlari boshqa regionlarda ham evakuatsiyaga sabab bo‘lmoqda. 

Kurgan oblastida suv toshqinlari tufayli 500 dan ortiq kishi xavfsiz joylarga ko‘chirilgan. 5 aprel kuni region rahbari Vadim Shumkov oblastdagi 50 dan ortiq aholi yashash manzillari hamda o‘nlab bog‘dorchilik maydonlari toshqin hududida qolishi mumkinligini ma’lum qilgandi. Kurgan oblastidagi suv toshqinlari Qozog‘istondagi vaziyat bilan ham bog‘liq, u yerda Akimat shahrida suv omboridan suv chiqarish hajmi oshirilgan, deb xabar qilgan gubernator. Regionda yuqori shayli rejimi joriy etilgan. 

Foto: RUSSIAN EMERGENCIES MINISTRY

Samara oblastida ham evakuatsiya o‘tkazilmoqda — 800 dan ortiq kishi xavfsiz joylarga olib ketilgan. Regionda 300 dan ortiq turar joyni suv bosgan. Bu yerda suv toshqini 4 aprel kuni boshlangandi. «Havo harorati ko‘tarilishi va qor tezlik bilan erishi natijasida Katta Irgiz daryosida suv sathi ko‘tarilgan, u yerda 316 ta turar joy hamda tomorqa suv ostida qolgan», — deyiladi FVVning hududiy boshqarmasi xabarida.

Tyumen oblasti FVB ham Tobol va Ishim daryolarida suv sathi ko‘tarilishi oqibatida qator rayonlarda suv toshqinlari ro‘y berishi xavfidan ogohlantirgan. Rosgidromet 20 aprelga borib Ishim daryosida suv sathi xavfli darajaga chiqishini prognoz qilmoqda. FVV oblasti aholisini suv uylariga kirib kelishini kutmasdan, hududni tark etishga chaqirgan. Ishim shahri va shu nomli daryo bo‘yidagi posyolkalar asosiy xavf zonasida. Regionda favqulodda holat rejimi joriy etilgan.

Mavzuga oid