Jahon | 10:44 / 12.04.2024
23036
11 daqiqa o‘qiladi

Fazoviy poyga qurbonlari – halok bo‘lgan kosmonavtlar va astronavtlar

Har yili 12 aprel kuni dunyoning ko‘plab davlatlarida inson ilk marta fazoga uchgan kun sifatida eslanadi. Shu kuni Yuriy Gagarin koinotga chiqqan edi. Keyinchalik SSSR va AQSh o‘rtasida fazoviy poyga boshlanadi. Bu yo‘lda muvaffaqiyatli parvozlar bilan birga ko‘plab yo‘qotishlar ham bo‘lgan.

Foto: Kun.uz

Insonning ilk marta fazoga parvoz qilganiga bu yil 62 yil to‘ldi. 1961 yil 12 aprel kuni sovet fuqarosi bo‘lgan Yuriy Gagarin fazoga chiqqan edi.

O‘shandan so‘ng dunyoning ikkita davlati SSSR va AQSh o‘rtasida fazoviy poyga boshlanadi va u 1991 yil SSSR parchalanib ketguncha davom etadi.

Har ikki davlat turli tadqiqotlar uchun har yili milliardlab dollar sarflar va yuzlab parvozlarni amalga oshirardi. Gagarinning parvozidan keyin har ikki tomon fazoga odam uchirishga zo‘r berishadi.

Parvozlarning barchasi ham muvaffaqiyatli kechmasdi. Birida fazogirlar o‘tirgan kosmik kema uchish chog‘ida, boshqasida ortga qaytib tushayotganda halokatga uchrardi.

Quyida insonning ilk marta fazoga uchishi tafsilotlari va halok bo‘lgan kosmonavtlar va astronavtlar haqidagi ma’lumotlarni keltiramiz.

Vladimir Komarov – 1967 yil 24 aprel.

Vladimir Komarov Gagarin bilan birga

Vladimir Komarov fazoga parvoz qilib halok bo‘lgan ilk kosmonavt hisoblanadi. 1967 yil 23 aprel kuni Komarov ikkinchi marta Soyuz-1 kosmik kemasi bilan fazoga parvoz qiladi. (Birinchi parvozi 1964 yilda bo‘lgan.)

Parvoz vaqtida kosmik kemada bir nechta nosozliklar kuzatiladi. Shu sababli Komarovga Yerga qaytib tushishga buyruq berishadi.

Parvozdan bir sutkadan sal ko‘proq vaqt o‘tganda Soyuz-1 Yerga qaytib tusha boshlaydi. Ana shu jarayonda Yer sirtiga yaqinlashganda uning parashyuti ochilmaydi.

Kosmik kema Orenburg viloyati hududida Yerga juda qattiq zarb bilan uriladi va yonib ketadi. Oqibatda 40 yoshli Komarov halok bo‘ladi.

Maykl Adams – 1967 yil 15 noyabr.

Maykl Adams

Maykl Adamsni aslida astronavt ham deb bo‘lmaydi. U asosan raketoplan bilan Yer yuzasidan biroz balandda sinov parvozlarida ishtirok etgan.

U dastlabki sinov parvozini X-15 raketoplani bilan 1966 yil oktyabrda amalga oshiradi. 1967 yil noyabrda u X-15 raketoplani bilan navbatdagi marta parvoz qiladi.

U X-15 bilan Yerga qaytib tushayotganda atmosferaning zich qatlamiga kirgan raketoplan havoda parchalanib ketadi. Oqibatda 37 yoshli Maykl halok bo‘ladi. Shundan so‘ng NASA uni astronavtlar safiga kiritadi.

Georgiy Dobrovolskiy, Vladislav Volkov, Viktor Patsayev – 1971 yil 30 iyun

Georgiy Dobrovolskiy, Viktor Patsayev va Vladislav Volkov (chapdan o‘ngga). Foto: Aleksandr Mokletsov / RIA Novosti

1971 yil 7 iyun kuni SSSR Soyuz-11 kosmik kemasini uch nafar kosmonavt bilan fazoga uchiradi. Georgiy Dobrovolskiy, Vladislav Volkov, Viktor Patsayev bo‘lgan kosmik kema 29 iyun kuni ortga qaytishga qaror qiladi.

Soyuz-11 Yerga qaytib tushayotganida kosmik kemaning germetizatsiyasida nosozlik yuz beradi. Oqibatda Soyuz-11ning ichida atmosfera bosimi tushib ketadi va kosmonavtlar halok bo‘ladi.

Soyuz-11 Yerga qaytib tushganidan so‘ng uni qidirib topishganda kosmonavtlar o‘z o‘rindig‘ida xavfsizlik kamari taqilgan holda o‘tirardi. O‘sha paytda Dobrovolskiy 43 yoshda, Volkov 36 yoshda, Patsayev 38 yoshda bo‘lgan.

Gregori Jarvis, Krista Makoliff, Ronald Makneyr, Ellison Onidzuka, Judit Reznik, Maykl Smit va Frensis Skobi – 1986 yil 28 yanvar.

Foto: alamy.com

1986 yil 28 yanvar kuni NASA tomonidan uchirilgan va ichida 7 nafar astronavt bo‘lgan Chellenjyer shatli parvozdan bir necha soniya o‘tib halokatga uchraydi.

Aslida bu kosmik kema 22 yanvar kuni parvoz qilishi kerak edi. Biroq texnik sabablarga ko‘ra parvoz avvaliga 23, so‘ng 24, oxirida 25 yanvarga ko‘chiriladi. Biroq baribir parvoz belgilangan muddatda amalga oshmaydi.

Parvozdan avvalgi nazoratda shatlda texnik muammolar borligi aniqlanadi. Uni tuzatish biroz vaqt olishini inobatga olib parvozni 27 yanvar kuniga belgilashadi. Biroq texnik xodimlar muammoni bartaraf etishni kechiktirishadi va parvoz 28 yanvarga ko‘chiriladi.

Parvoz vaqtida havo harorati -1 daraja sovuq edi. NASA o‘shangacha +12 daraja iliq havoda parvozlarni amalga oshirgan, sovuqda birinchi parvoz amalga oshirilayotgandi.

Bu astronavtlar Chellenjyer shatli bilan parvozni boshlagandan 73 soniya o‘tib, kosmik kema Yer sathidan 15 km balandlikda bo‘lganida uning yoqilg‘i sig‘imi portlaydi. Hodisaga parvoz paytida havo haroratining pastligi sabab bo‘lgan.

Oqibatda barcha astronavtlar - Gregori Jarvis, Krista Makoliff, Ronald Makneyr, Ellison Onidzuka, Judit Reznik, Maykl Smit va Frensis Skobi halok bo‘ladi. Ularning ikki nafari Krista Makoliff va Judit Reznik ayol bo‘lgan.

Rik Hasband, Uilyam Makkul, Maykl Anderson, Devid Braun, Kalpana Chavla, Lorel Klark, Ilan Ramon – 2003 yil 1 fevral.

Foto: alamy.com

Amerikalik astronavtlar bilan bog‘liq yana bir fojiali hodisa 2003 yil 1 fevral kuni sodir bo‘ladi. Ko‘p marta foydalansa bo‘ladigan Kolumbiya shatli Yerga qo‘nayotganda yoqilg‘i sig‘imida nosozlik ro‘y beradi.

Oqibatda kosmik kema portlab ketadi va unda bo‘lgan olti nafar astronavt - Rik Hasband, Uilyam Makkul, Maykl Anderson, Devid Braun, Kalpana Chavla, Lorel Klark, Ilan Ramon halok bo‘ladi. Astronavtlardan ikki nafari, Kalpana Chavla va Lorel Klark ayol bo‘lgan.

Mazkur hodisa kosmonavt va astronavtlar bilan bog‘liq bo‘lgan so‘nggi halokat edi. O‘shandan buyon odam o‘limi bilan bog‘liq boshqa hodisa sodir bo‘lmadi.

Parvozga tayyorgarlik paytida halok bo‘lganlar

Kosmik tadqiqotlar boshlangach jami 8 nafar kosmonavt va astronavt parvozga tayyorgarlik ko‘rishda halok bo‘lgan. Ulardan bir nafari sovet fuqarosi, yetti nafari amerikalik bo‘lgan.

Valentin Bondarenko – 1961 yil 23 mart.

Foto: alamy.com

Valentin Bondarenko 1960 yilda bir guruh uchuvchilar orasidan kosmosga parvoz uchun tanlab olingan olti kishilik guruhga kiritiladi.

O‘sha paytda sovetlar kosmosga amerikaliklardan avval odam uchirish uchun harakat qilayotgandi. 1961 yil mart oyi o‘rtalarida Bondarenko so‘nggi bosqichga tayyorgarlik asnosida maxsus kameraga kiritiladi.

Valentin tashqariga chiqmay kamerada vaznsizlik holatida 10 kun yashaydi. Sinovlar muvaffaqiyatli tugaydi va u so‘nggi kun tanasiga o‘rnatilgan tibbiyot jihozlar qoldirgan kichik yaralarni spirtga botirilgan paxta bilan artadi.

So‘ng e’tiborsizlik bilan paxtani chiqindi quti o‘rniga ovqat isitishda ishlatilgan, qizib turgan cho‘g‘lampa ustiga tashlaydi. Paxta shu zahoti yonib ketadi va Valentin uni qo‘li bilan o‘chirmoqchi bo‘ladi. Ammo kislorodga to‘yingan past bosimli havoda olov o‘chish o‘rniga battar kuchayadi.

Shu paytda Valentinning jun materialdan tikilgan maxsus kiyimi ham yona boshlaydi. Shunda u pult orqali dispetcherga yong‘in haqida xabar berish o‘rniga olovni o‘zi o‘chirishga urinadi. Ammo eplay olmaydi.

Kosmonavt o‘tirgan maxsus kamerada yong‘in sodir bo‘lganini tashqaridagilar o‘sha zahoti sezishadi. Ammo kamera eshigini ochish uchun uning ichidagi havo bosimini tashqaridagi havo bosimi bilan tenglashtirish lozim edi. Bu ish yarim soat vaqtni oladi.

Nihoyat eshik ochilib, Bondarenko tashqariga chiqarilganda, tanasi 80 foizga kuygan edi. Vrachlar uning hayotini saqlab qolish uchun 8 soat kurashishadi. Ammo 24 yoshli Valentinni qutqarib qolishning iloji bo‘lmaydi.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Bondarenko birinchi bo‘lib fazoga uchishi lozim bo‘lgan. U halok bo‘lgandan so‘ng fazoga Gagarin parvoz qiladi.

Teodor Friman1964 yil 31 oktyabr.

Foto: alamy.com

1964 yil 31 oktyabr kuni amerikalik mashhur uchuvchi Friman Teodor Northrop T-38 Talon samolyoti bilan sinov parvozini o‘tkazadi. U Xyustondagi aviabazaga qaytayotganida samolyotning ikkita dvigateli yonib ketadi.

Friman darhol katapulta qiladi va samolyotdan o‘zini yerga tashlaydi. Biroq yergacha masofa qisqaligi uchun parashyut oxirigacha ochilmaydi. Oqibatda yerga zarb bilan urilgan Friman halok bo‘ladi. O‘shanda u 34 yoshda bo‘lgan.

Charlz Basset va Elliot Si1966 yil 28 fevral.

Foto: alamy.com

Charlz va Elliot astronavtlar ro‘yxatiga kiritilgan, biroq hali parvoz qilishga ulgurishmagan edi. 1966 yil 28 fevral kuni ular T-38 samolyoti bilan sinov parvozini amalga oshirishadi.

Parvoz paytida samolyotda nosozlik kuzatiladi va u Sent-Luis shtatidagi aerodromda, McDonnell korporatsiyasiga tegishli binolardan biriga kelib uriladi. Oqibatda har ikkala astronavt – 35 yoshli Charlz va 38 yoshli Elliot halok bo‘ladi.

Virjil Grissom, Edvaart Uayt va Rojyer Chaffi – 1967 yil 27 yanvar

Foto: alamy.com

1967 yil 21 fevral kuni NASA navbatdagi Apollon-1 kosmik kemasini uch nafar astronavt bilan fazoga uchirishi belgilangandi.

Astronavtlar Virjil Grissom, Edvaart Uayt va Rojyer Chaffi ancha avval kosmik markazda parvozga tayyorgarlikni boshlab yuborishadi.

27 yanvar kuni o‘tkazilgan mashq paytida kosmik kemada yong‘in kelib chiqadi. Oqibatda kosmik kema ichida bo‘lgan astronavtlar halok bo‘lishadi.

Halokatdan so‘ng o‘tkazilgan tekshiruvlarda yong‘inga kosmik kemadagi simlarda qisqa tutashuv sabab bo‘lgani aniqlanadi.

Klifton Uilyams1967 yil 5 oktyabr

Foto: alamy.com

Klifton Uilyams halok bo‘lgan astronavtlar safiga qo‘shilsa-da aslida u fazoga parvoz qilmagan. U NASA astronavtlari ro‘yxatiga kiritilgan, fazoga uchish bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tgan va parvoz qilish uchun navbatini kutayotgan edi.

1967 yil 5 oktyabr kuni Klifton T-38 reaktiv samolyoti bilan parvoz qilayotganida muammo kelib chiqadi. Shunda 35 yoshli Klifton o‘zini pastga tashlaydi. Biroq bu uning hayotini saqlab qololmaydi.

Shuningdek, birinchi bo‘lib fazoga parvoz qilgan va kosmik erani boshlab bergan Yuriy Gagarin 1968 yil 27 mart kuni yangi MiG samolyotlaridan birini sinovdan o‘tkazish chog‘ida halokatga uchraydi va vafot etadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid