Sport | 18:01 / 13.04.2024
60216
2 daqiqa o‘qiladi

Bahodir Jalolov 18 ta nokautli bokschiga qarshi jang qilishdan bosh tortdi

O‘zbekistonlik bokschi betobligi tufayli bahsdan voz kechganini ma’lum qildi.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Og‘ir vazn toifasida Olimpiya o‘yinlari chempioni, o‘zbekistonlik Bahodir Jalolov (14-0, 14 KO) va xorvatiyalik Agronom Smakichi (20-2, 18 KO) o‘rtasidagi jang o‘tkazilmaydi. Bu haqda Vesti.kz xabar berdi.

Jalolov va Smakichi o‘rtasidagi jang 14 aprel kuni Toshkentdagi «Humo Arena»da IBA Champions Night turkumidagi boks oqshomi doirasida bo‘lib o‘tishi kerak edi. Biroq Bahodir betobligini aytib, unda ishtirok etishdan bosh tortdi.

«Afsuski, Bokudagi xalqaro turnirda ishtirok etayotib, shamollab qoldim va kasallikdan aziyat chekdim. Hozir davolanmoqdaman. Shu bois, ahvolimni og‘irlashtirmaslik uchun jamoamiz jangni o‘tkazishdan bosh tortishga qaror qildi. Umid qilamanki, to‘g‘ri tushunasiz», deb bokschi so‘zlarini keltirdi Vesti.kz.

Shu bilan birga, Smakichi karddagi o‘rnini saqlab qoldi - endi u professional faoliyatini boshlagan o‘zbekistonlik yana bir bokschi Jahongir Zokirov (1:0, 1 KO) bilan bahslashadi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentdagi boks oqshomida WBA yo‘nalishi bo‘yicha minimal vazn toifasidagi birinchi raqamli bokschi Hasanboy Do‘smatov (6-0, 5 KO) ispaniyalik Samuel Karmonaga (11-1, 4 KO) qarshi ringga ko‘tariladi.

Mavzuga oid