Buxoroda 50 dan ortiq odam ovqatdan zaharlandi
Hodisa Buxoro tumanida o‘tkazilgan to‘y marosimida yuz bergan
Buxoro viloyatida o‘tkazilgan to‘y marosimida 50 dan oshiq odam ovqatdan zaharlangan. Bu haqda viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, 2024 yil 12 aprel kuni soat 22:00 larda Buxoro tuman markaziy shifoxonasiga qorinda og‘riq, ko‘ngil aynishi, qusish va umumiy holsizlik bilan bemorlar murojaat qila boshlagan.
Anamnezda barcha bemorlar Buxoro tumanida joylashgan to‘yxonada ovqat iste’mol qilish natijasida ushbu shikoyatlar kelib chiqqanini bildirishgan.
Zudlik bilan Buxoro tuman markaziy shifoxonasiga barcha vrachlar safarbar etilgan. Shuningdek, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan ham tegishli mutaxassislar jalb etildi va murojaat qilganlar to‘liq ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Barcha bemorlarga “O‘tkir diareya, gastritik va gastroenteritik shakli, o‘rta og‘irlikda kechishi. Ovqatdan zaharlanish” tashxisi qo‘yilgan va tegishli infuzion terapiya boshlangan.
Buxoro tuman markaziy shifoxonasiga kech soat 03:00 ga qadar jami 16 nafar bemor (4 nafar bolalar, 12 nafar katta yoshdagilar) murojaat qilgan.
Bundan tashqari, Vobkent tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli markaziy shifoxonaga ham xuddi yuqoridagi shikoyatlar bilan jami 37 nafar bemor (9 nafar bola va 28 nafar kattalar) murojaat qilgan.
Ularga ham “O‘tkir diareya, gastritik va gastroenteritik shakli, o‘rta og‘irlikda kechishi. Ovqatdan zaharlanish” tashxisi qo‘yilib, yuqori malakali mutaxassislar tomonidan konsultatsiya o‘tkazilib, infuzion terapiya boshlangan.
13 aprel ertalab soat 09:00 holatida Buxoro tumanida davolanayotgan 11 nafar bemor va Vobkent tumanidan davolanayotgan 32 nafar bemorning ahvoli yaxshilanib, qoniqarli ahvolda uyiga javob berilgan.
Qayd etilishicha, qolgan bemorlar ham ahvoli yaxshilangach uyiga javob beriladi. Tibbiyot brigadalari tomonidan to‘yda qatnashgan mehmonlar ahvoli hududlar kesimida nazoratga olingan.
“Hurmatli fuqarolar, iste’mol qilinayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifatiga e’tiboringizni kuchaytirishingizni so‘raymiz”, deyiladi xabarda.
Mavzuga oid
17:03 / 15.12.2024
Buxoroda haydovchi mast holda avtobus boshqarib, odam tashiyotganda ushlandi
15:29 / 03.12.2024
Buxoro shahrining tarixiy qismida mototsikl va skuter kabilarning harakati cheklandi
11:04 / 02.12.2024
2025 yilda Rossiya shahrida Buxoro madaniyati kunlari o‘tkaziladi
17:27 / 30.11.2024