Jahon | 15:25 / 18.04.2024
16887
6 daqiqa o‘qiladi

G‘azodagi urush Isroil iqtisodiyotiga qanday ta’sir qildi?

Samsung Next Isroildagi 70 ta startapini to‘xtatgani – urushning Isroil iqtisodiyoti texnologik sektoriga yetkazayotgan ulkan zararining navbatdagi belgisi bo‘ldi. Mamlakat urush oqibatida qarzlarning keskin oshishi, investitsiya oqimining kamayib ketishi va mehnat bozorining buzilishiga ro‘para kelgan. 2023 yil 4-choragida Isroil YaIM qariyb 20 foizga qisqargan.

Foto: Kobi Wolf / Bloomberg

Samsung kompaniyasining global sarmoyalarni o‘zida birlashtirgan Samsung Next investitsiya shirkati Isroildagi 70 ta startap loyihani moliyalashtirishni to‘xtatishi va Tel-Avivdagi ofisini yopishi haqida e’lon qildi. Bunga sabab sifatida Isroilning G‘azo sektoriga hujumlari fonida mamlakat iqtisodiyoti tanglikni boshdan kechirayotgani keltirib o‘tilgan.

Umuman olganda, 2023 yil 7 oktyabrdan boshlangan urushning Isroil iqtisodiyotiga ta’siri qanday bo‘ldi?

2023 yilning IV choragida mamlakat iqtisodiyoti 19,4 foizga qisqardi (yillik nisbatda o‘tgan yili Isroil YaIM 2,0 foizga o‘sgan). Bunga 360 mingdan ortiq zaxiradagi harbiy xizmatchilarning urushga jalb qilinishi natijasida yuzaga kelgan ishchi kuchi tanqisligi bevosita ta’sir o‘tkazgan. Chunki ularning aksariyati moliya, sun’iy intellekt, farmatsevtika va qishloq xo‘jaligi kabi yuqori texnologiyaga asoslangan sanoat tarmoqlarida faoliyat olib borishgan.

O‘z navbatida, o‘tgan yilning so‘nggi choragida iste’mol xarajatlari 26,9 foizga, xo‘jalik kapitali qo‘yilmalari 67,8 foizga, eksport 18 foizga, import 40 foizga kamaygan. Shu bilan birga, davlat xarajatlari 88,1 foizga oshgan –  asosan harbiy xarajatlar va zarar ko‘rgan kompaniyalarga tovon to‘lash hisobiga.

IT sektoridagi pasayish bu sektorda ishlovchilarning aksariyati chaqiruv yoshidagi yigitlar ekani bilan ham bog‘liq.
Foto: Tsafrir Abayov / AP

Urush ayniqsa mamlakat texnologik sektoriga jiddiy ziyon yetkazgan. Bu sohada jami xodimlarning atigi 10 foizi ishlasa-da, umumiy eksportning 50 foizdan ortiq qismini aynan ular ta’minlab kelgan. Bu ishchilarning aksariyati nisbatan yosh bo‘lgani sababli birinchilardan bo‘lib harbiy xizmatga jalb qilingan.

Isroil dunyodagi eng yirik texnologiya markazlaridan biri sifatida ko‘rib kelinadi. Bu yerda Google'dan Apple'gacha, IBM'dan Meta'gacha bo‘lgan 500 dan ortiq transmilliy korporatsiyalar faoliyat olib boradi. 2005 yildan keyingi davrda mamlakatga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarining umumiy oqimi 5 barobarga oshgan. Tabiiyki, davom etayotgan urush vaziyatni tubdan o‘zgartiradi.

Shuningdek, G‘azo sektori va Livan bilan chegaradosh hududlarda yashovchi aholini evakuatsiya qilish uchun ularni uy-joy bilan ta’minlash masalasi kun tartibiga chiqqan. Bu ham hukumatni harbiy xarajatlarga qo‘shimcha yirik xarajatlar qarshisida qoldirgan.

Isroil tashqi qarzi keskin oshgan

Bloomberg hisob-kitoblariga ko‘ra, urushning dastlabki oylaridagi harbiy harakatlar Isroil iqtisodiyotiga kuniga 260 mln dollar zarar keltirgan. Bu esa mamlakat tashqi qarzining keskin darajada oshishiga olib kelgan. Xususan, o‘tgan yilda umumiy hisobda 160 mlrd shekel (43 mlrd dollar) qarz olingan. Shuning teng yarmi – 81 mlrd shekel urush boshlanganidan keyin jalb qilingan. Taqqoslash uchun, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 63 mlrd shekel bo‘lgan.

Urush xarajatlarining o‘sishi fonida umumiy qarz 2023 yilda yalpi ichki mahsulotning 62,1 foiziga yetgan. Bu ko‘rsatkich 2022 yilda 60,5 foiz bo‘lgan va 2024 yilda 67 foizgacha oshishi kutilmoqda.

Isroil Markaziy banki G‘azodagi urushning mamlakat iqtisodiyotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sirini 53 mlrd dollarga baholagan. RAND ekspertlarining tahlillariga ko‘ra, urushning iqtisodiy zarari Isroilga kelgusi o‘n yil ichida 400 mlrd dollarga tushishi mumkin. Bunda, iqtisodiy zarbaning 90 foizi bilvosita ta’sirlar: investitsiya oqimining kamayishi, iqtisodiy samaradorlikning sekinlashishi va mehnat bozorining buzilishi natijasida yuz beradi.

Turizm va aviatsiya

2023 yilning 4-choragida Isroilga 2022 yilning mos davriga nisbatan 5,2 barobar kam sayyoh kelgan.
Foto: Ammar Awad / Reuters

Urush boshlanishi Tel-Avivga parvozlarning bekor qilinishiga sabab bo‘ldi. Isroil Statistika byurosining oylik hisobotiga ko‘ra, oktyabrda Isroilga taxminan 89 700 sayyoh tashrif buyurgan, bu tashriflarning aksariyati ham oktyabr oyining birinchi haftasiga, hujumlar boshlanishidan oldin bo‘lgan. Taqqoslash uchun, 2022 yilning oktyabr oyida mamlakatga 370 ming sayyoh kelgan.

Umuman olganda esa, 2023 yilning IV choragida mamlakatga 180 mingga yaqin sayyoh tashrif buyurgan, bu 2022 yilning IV choragiga nisbatan (930 ming sayyoh) 81,5 foizga kam.

Turizm vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu sektor Isroil iqtisodiyotining qariyb 3 foizini tashkil qiladi va 200 mingga yaqin isroillikni bevosita ish bilan ta’minlab kelgan.

Hujumlardan oldin kuniga taxminan 500 ta reys amalga oshirilgan Ben Gurion aeroportida hujumlardan keyingi birinchi oyda kuniga o‘rtacha 100 ta reys qayd etilgan.

Qurilish sektori

Falastinliklarga ishchi ruxsatnomalarini berish to‘xtatilgach, qurilish sohasi Isroil iqtisodiyotining ishchi kuchi eng ko‘p yetishmayotgan tarmoqlaridan biri bo‘lib turibdi.
Foto: Ronen Zvulun / Reuters 

Isroil yalpi ichki mahsulotining 14 foizini tashkil etuvchi qurilish sektori urush boshlanganidan keyin eng katta zarbani qabul qilib olgan.

Mamlakat bo‘ylab qurilish loyihalarining aksariyati to‘xtatilgan. Ushbu sektordagi ishchi kuchining 65-70 foizini falastinliklar tashkil etgan va ularga ishchi ruxsatnomalarini berish noma’lum muddatga to‘xtatilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil fevral oyida Isroil falastinliklar o‘rniga Hindiston, Shri-Lanka va O‘zbekistondan ishchi yollashi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi.

Mavzuga oid