O‘zbekiston | 15:31 / 19.04.2024
3848
2 daqiqa o‘qiladi

Noruda mahsulotlarining noqonuniy qazib olinishi ortidan tabiatga 6,6 mlrd so‘m zarar yetkazildi – Ekovazirlik

Chirchiq daryosida olib borilgan reyd tadbirlarida daryoning muhofaza qilingan joyidan shag‘al mahsuloti noqonuniy qazib olib ketilayotgani aniqlangan. Oqibatda tabiatga 6 milliard 635 million so‘mdan ortiq miqdorda zarar yetkazilgan.

Ekologiya vazirligi tomonidan Yuqori Chirchiq tumanidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosida olib borilgan reyd tadbirlari davomida daryoning muhofaza mintaqasidan 1 dona yuklovchi va 2 dona “MAN” rusumli yuk tashuvchi transport vositalarining shag‘al mahsulotini noqonuniy qazib olib ketayotgani aniqlangan.

Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayevning yozishicha, surishtiruvda qum-shag‘al “Sharq neftgaz biznes” MChJ rahbari tomonidan qazdirilgani ma’lum bo‘lgan. O‘lchov natijasida tabiatga yetkazilgan zarar 6 milliard 635 million 894 ming 160 so‘mni tashkil qilgan.

Holatga huquqiy baho berish va qonuniy chora ko‘rishni ta’minlash maqsadida hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborilgani aytildi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili daryo o‘zanlarida noqonuniy qazilma ishlari olib borilgani, joylardagi betartib tozalanishlar sabab tabiatga 61,5 mlrd so‘m zarar yetkazilgani, holatlar ortidan jami 58 ta jinoyat ishi ochilgani ma’lum bo‘lgandi.

Jinoyatlarning oldini olish maqsadida 1 maydan boshlab ayrim daryo o‘zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilinishi belgilangan. Bu shu yil yanvardagi prezident farmoni bilan mustahkamlangan.

Mavzuga oid