O‘zbekiston | 22:23 / 23.04.2024
7268
2 daqiqa o‘qiladi

Muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Islom olami uyushmasi Oliy Kengashiga qabul qilindi

Bu haqdagi qaror Islom olami uyushmasi Oliy Kengashining Saudiya Arabistonidagi yig‘ilishida qabul qilindi. 

Foto: O‘zbekiston musulmonlari idorasi

23 aprel kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoz shahrida Islom olami uyushmasi Oliy Kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Islom olami uyushmasi Oliy Kengashi a’zoligiga qabul qilindi. 

Bu bilan muftiy to‘rtinchi yirik tashkilotga a’zo bo‘ldi. Avvalroq, Xoliqnazarov Xalqaro musulmon ulamolari kengashi (Qatar), Musulmon donishmandlari kengashi (BAA), Islomiy fiqh akademiyasiga (Saudiya Arabistoni) qabul qilingan edi. 

Ar-Riyoz shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanda Saudiya Arabistoni, Misr Arab Respublikasi, Birlashgan Arab Amirligi, Kuvayt, Qatar, Turkiya, Malayziya, Indoneziya kabi davlatlardan kelgan vazirlar, ulamolar, muftiylar, professor-olimlar, davlat va din arboblari hamda xalqaro islomiy tashkilotlar yetakchilari ishtirok etdi. 

Ta’kidlanishicha, anjumanda butun jahonda tinchlik-osoyishtalikni qaror toptirish, xususan, Falastin va G‘azo mintaqasidagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish, islom ummati birligiga erishish, ayrim musulmon mamlakatlaridagi noxush holatlarni isloh qilish, Rohinja musulmonlarining haq-huquqlarini himoya qilish, diniy ramzlarning tahqirlanishi, ayniqsa, Qur’oni karimni yoqish kabi holatlarga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik va islomofobiya xatti-harakatlarining oldini olish kabi o‘ta muhim masalalar muhokama qilingan. 

Mavzuga oid