Jamiyat | 21:04 / 24.04.2024
59279
5 daqiqa o‘qiladi

Vazirning “dakki”si, bu ishlardan zerikkan Jo‘rayevlar oilasi va Botir Qodirovning iqrori – san’atkorlar nimani talashmoqda?

Xonanda Botir Qodirov va marhum san’atkor Sherali Jo‘rayevning farzandlari o‘rtasidagi mojaro yana kun tartibiga chiqdi. 5 yil oldin Sherali Jo‘rayev uning otasi emasligini aytgan Botir Qodirov otalikni belgilashni so‘rab sudga da’vo arizasi kiritdi. Madaniyat vaziri esa bu ishlarni qoralab chiqdi. 

Sudga kiritilgan da’vo

Xonanda Botir Qodirov otalikni belgilash da’vosi bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritdi. Marhum san’atkor Sherali Jo‘rayevning farzandlari Shohjahon va Zohirshoh Jo‘rayev sud ishida javobgar sifatida ishtirok etmoqda.

Kun.uz’ga ma’lum qilinishicha, Botir Qodirovning da’vo arizasi sudga 2024 yilning 19 mart kuni kelib tushgan. Ishni ko‘rish 15 aprelga belgilangan. Javobgar vakili ish bilan tanishish uchun ishni ko‘rishni boshqa kunga qoldirishni so‘ragani sababli navbatdagi sud majlisi 23 aprelga qoldirilgan.

23 aprel kungi sud majlisida da’vogar vakilining ko‘rsatmasi eshitilib, guvohlarni ishga jalb etish va qo‘shimcha dalillarni, jumladan fotosuratlar, dalolatnoma yozuvi va tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaning asl nusxasini talab qilib olish uchun ishni ko‘rish 2 mayga qoldirildi.

“Oilamiz bu ishlardan zerikdi”

Botir Qodirov otalikni belgilash haqida sudga da’vo arizasi kiritgani OAVda e’lon qilingach, bu ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Kun.uz bilan bog‘langan Zohirshoh Jo‘rayev oilasi bu ishlardan zerikkanini bildirdi.

“Bir odamning o‘tib ketgan otasi ruhini bezovta qilish shartmi? Suddan keyin aniq faktlar bilan chiqarilsa, to‘g‘ri bo‘ladi. Men otamning xotirasini hurmat qilishlari tarafdoriman. Otamiz o‘tib ketganidan keyin ham nomini qoralab qilinayotgan piardan oilamiz zerikdi. Iloji boricha otamning xotirasi bulg‘anadigan narsaga yo‘l qo‘ymanglar.

Bu bolaning oilamizga mutlaqo aloqasi yo‘q, otamning farzandi emas. Uning maqsadi otamizdan qolgan merosga da’vo qilish bo‘lmoqda”, dedi u Kun.uz jurnalisti bilan suhbatda.

Kun.uz bilan bog‘langan Zohirshohning advokati Botir Qodirovning da’vo talablarini rad etuvchi dalillar yetarli ekanligini, ammo kasb etikasi va sudga ta’sir o‘tkazmaslik zaruratidan kelib chiqib, bularni ommaga oshkor qilmasligini ma’lum qildi.

“Uch tirrancha buyuk san’atkorni loyga chaplayapti”

Botir Qodirov va marhum san’atkor Sherali Jo‘rayevning o‘g‘illari o‘rtasidagi mojaroga Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov munosabat bildirdi. Vazirga ko‘ra, marhumning tiriklik vaqtida ham, olamdan o‘tganidan keyin ham uni muhokamaga qo‘yishga yigitlar haqli emas.

“Bu gapni Jo‘rayevlarga, Zohirga ham aytdim. Nima bo‘lganda taqdirda ham bir buyuk odamni uch tirrancha o‘zining nafsi, maqsadi yo‘lida loy bilan qorishtirishi, har xil sabablar bo‘lishi... Bu masalada mening uchchalasiga ham e’tirozim bor. Men uchun ustoz o‘zbek millatining ma’naviy boyligi, butun xonanda zotining ustozi. O‘zbek xalqining qahramoni sifatida bu odam bunday ishlarga loyiq emasdi.

Bular qilib turgan ishlar... Bular hozir ehtiyot bo‘lishi kerak: qiladigan ishim, aytadigan gapim, qilgan xatti-harakatim otamga “minus” bo‘lmaydimi? Hammasiga aytyapman, hali senlar obro‘ topib, bir narsani qoyillatganlaring yo‘q.

Otang uchun hurmat qilyapti kim hurmat qilayotgan bo‘lsa. Shundan foydalanib turib, u odamning loyga chaplanishiga sabab bo‘lishi kerak bo‘lsa, bu mavzuning qo‘zg‘alishiga tabiiyki uchchala yigitning ham ulushi bor. Bu odam bunday ishlarga loyiq emasdi, shuning uchun men bunga qarshiman”,– dedi Ozodbek Nazarbekov. 

Bundan tashqari, izohining so‘ngida Nazarbekov Botir Qodirovning otasi kim ekaniga oid ma’lumotlarni bilmasligini, faqat mish-mishlardan xabardorligini ta’kidlagan.

“Mening otam Sherali Jo‘rayev emas”

Botir Qodirovning o‘zi 2019 yilda Milliy TV’ning “Nishonda” ko‘rsatuviga bergan intervyusida Sherali Jo‘rayev uning otasi emasligini aytgan edi.

U jurnalistning “Siz o‘zi Sherali Jo‘rayevni ota deb bilasizmi?” degan savoliga bu mavzu u bilan bog‘liq emasligini ma’lum qilgan.

“Men bu savolga javob berishni xohlamayman. Sababi bu mavzu men bilan bog‘liq emas. Men o‘zimni bu mavzuga bog‘liq shaxs deb bilmayman va bu mavzu umuman menga begona. Men Botir Qodirovman, mening otam Sherali Jo‘rayev emas”, degan u. 

Xonanda bo‘lib o‘tayotgan ishlar bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazmoqchi ekanligini bildirgan.

Mavzuga oid