O‘zbekiston | 12:08 / 25.04.2024
5175
2 daqiqa o‘qiladi

TTA va Stomatologiya institutida xorijiy tillardan sertifikat olganlarga stipendiya berilmayotgani aytilyapti

Sobiq cog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov chet tilini yaxshi o‘zlashtirgan tibbiyot talabalariga stipendiya joriy qilgan edi. Toshkent tibbiyot akademiyasi va Stomatologiya instituti talabalariga til stipendiyasi berilmayotgani aytilyapti. Oliygohlar buni moliyaviy qiyinchilik bilan izohlagan.

Tibbiyot yo‘nalishida ta’lim oluvchi xorijiy til sertifikatiga ega talabalar uchun “til stipendiyasi” berilmayotgani yuzasidan Kun.uz’ga murojaat kelib tushdi.

Sobiq cog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov 2023 yil 11 avgustda xorijiy tilni biluvchi tibbiyot texnikumi va oliygohlar talabalariga stipendiya berish bo‘yicha buyruq chiqargan edi. Unga ko‘ra, tibbiyot oliy ta’lim muassasalari, Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlarida ta’lim oluvchi, IELTS'dan kamida 7,5, nemis va fransuz tilidan C1 xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan talabalarga 2023 yil 1 sentabrdan stipendiya beriladi. Stipendiya BHMning 3 barobari miqdorida har oylik to‘lab borilishi belgilangandi. Stipendiya talabaning sertifikati amal qilish davridagina amal qiladi.

Kun.uz’ga kelib tushgan murojaatda til stipendiyasi buyruq chiqqanidan beri TTA talablariga stipendiya biror marta berilmagani aytilgan. Biroq TTA rasmiy vakillari Kun.uz’ga talabalariga til sertifikati uchun stipendiya 2024 yilning mart oyigacha 24 nafar talabaga berilganini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, Kun.uz manbasiga ko‘ra, til stipendiyasi Stomatologiya instituti talabalariga ham berilmayotgan bo‘lishi mumkin. Kun.uz muxbiri holat bo‘yicha Stomatologiya instituti rahbariyatidan izoh oldi. Institut vazir buyrug‘i bekor bo‘lganini ma’lum qildi. Biroq Kun.uz’ning vazirlikdagi manbasi, buyruq bekor bo‘lmaganini bildirdi.

Vazir buyrug‘i chiqqanda TTA va Stomatologiya instituti rahbariyati bu pulni talabalarga berishda moliyaviy qiyinchilik borligini vazirlikka ma’lum qilgan”, – deydi manba. 

Mavzuga oid